
O‘runovni bekor tanqid qilishyapti. Aslida Oston olingan narxidan ancha baland turadi!
Biz uchun omadli ko‘ringan transfer – Oston O‘runovning “Spartak” jamoasiga o‘tgani Rossiya futbolida eng ko‘p muhokamaga sabab bo‘layotgan mavzuga aylandi va hamon o‘z dolzarbligini yo‘qotgani yo‘q.
Yaqinda poytaxt klubidan ketgan selektsiya bo‘limi rahbari Narimon Akavov jurnalistlarga bergan intervyusi chog‘ida Oston O‘runov masalasini ham chetlab o‘tmadi. Akavov bu mavzu bo‘yicha o‘z qarashlari va xulosalari bilan o‘rtoqlashdi.
- Keyingi yillarda Rossiya premer-ligasida “Rostov” va “Ufa” aqlli transfer siyosati olib borgani bilan ko‘zga ko‘rindi. “Rostov” nafaqat Milliy futbol ligasidan, balki xorijdan ham yosh futbolchilarni olib kelyapti. “Ufa” topgan futbolchilar esa, nafaqat klubga daromad keltirdi, balki o‘zlari ham bu jamoada katta o‘sishga erishganini alohida ta’kidlash joiz.
Lunev, Oblyakov, Diveev, Fomin, Jivoglyadov, Stotskiy kabi futbolchilar terma jamoa darajasiga etdi. Bular hali Zinchenko, Nedelcharu va O‘runovni inobatga olmaganimizdagi nomlar. Oston O‘runovni esa, bekor tanqid qilishyapti.
- Tanqidlar o‘rinsizmi?
- Oston atigi 19 yosh ekanini unutib qo‘yishyapti. 2000 yilning oxirida tug‘ilgan bu yigit “Ufa”ning etakchisi bo‘lganini esdan chiqarmang. Uning katta salohiyatga ega ekanini hech kim inkor qilolmaydi. U o‘zining eng kuchli jihatlarini namoyish etishi uchun murabbiylar uning salohiyati va imkoniyatlarini to‘g‘ri rivojlantira olish muhim hisoblanadi.
Garchi O‘runov klubga mendan oldin olib kelingan bo‘lsa-da, bu mening professional mutaxassis sifatidagi xulosam.
- Siz “Ufa”ning strategiyasini maqtayapsiz. TsSKA O‘runov uchun ikki million evro taklif qilgandi. Lekin Shamil Gazizov Ostonning Rossiya kelishi uchun pul sarflagani bois, uni “Spartak”ga olib o‘tdi...
- Tasavvur qiling: Gazizov “Spartak”ga o‘tdi, O‘runov esa TsSKA yoki premer-ligamizning boshqa jamoasidan qo‘nim topdi, deylik. Men o‘zbek futbolchisiga boshqa klublarimizdan, hatto xorijdan ham chorlov bo‘lganini bilaman. Xullas, “Ufa”ning eng zo‘r yosh o‘yinchisini raqobatchi klublarga berib yuborish to‘g‘ri bo‘larmidi?
- O‘runov “Ufa” futbolchisi, Gazizovning shaxsiy o‘yinchisi emas-ku...
- Gazizov Ostonning qaroriga ta’sir o‘tkaza olardi va shunday ham qildi. Aslida O‘runovning haqiqiy bahosi bir million evrodan ancha yuqori. Uni bu narxga olingani kelajak uchun juda zo‘r sarmoya. Bu transfergacha Oston O‘runov haqidagi maqolalarning aksariyati ijobiy mazmunda edi. “Spartak”ga o‘tishi bilan tanqidga nishon bo‘la boshladi. Agar esingizda bo‘lsa, hozir “Spartak”ning etakchi hujumchisiga aylangan Esekel Ponse kelganida ham uning atrofida shunaqa vaziyat hukmron bo‘lgandi. Uni ham rosa tanqid qilishgan.
19 yoshli fubolchini olib, kelishi bilan undan natija talab qilib, bosim o‘tkazish juda katta xato bo‘ladi. Hatto tajribali futbolchilarga ham yangi jamoa va sharoitga moslashish uchun vaqt kerak bo‘ladi. Ayrton, Kral, Larsson va Ponseda ham shunday bo‘ldiku.
Tushunaman, bu “Spartak” va bosim katta. Lekin klubning shonli tarixi va ambitsiyalari hech qachon yangi futbolchilarning moslashuv davrini tezlashtirib berishga xizmat qilmaydi. Bosim esa yosh iste’dod egalariga o‘zining eng yaxshi sifatlarini ko‘rsatishi uchun to‘sqinlik qiladi. Buni klub boshqarishi kerak. Bu borada TsSKA va “Shaxtyor” yoshlarni asosiy tarkibga tayyorlashda juda katta tajribaga ega. Hozir “Rostov” va “Rubin” shu yo‘ldan boryapti. Ular yoshlarni bosimlardan himoya qila oladi.
Fikrlar