O‘FA va QFF rahbarlarining uchrashuvi bo‘lib o‘tdi

  • 9 oktabr, 21:34
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Bugun O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi birinchi vitse-prezidenti Ravshan Irmatov va Qozog‘iston futbol federatsiyasi prezidenti Marat Omarov o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda ikki mamlakat futbol tashkilotlari o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish, tajriba almashish hamda mintaqaviy loyihalarni birgalikda amalga oshirish masalalari muhokama qilindi. Bu xususida O‘FA matbuot xizmati ma’lum qildi.

Tecno

Uchrashuvda O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi tomonidan mamlakatimiz futbol tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar, yangi infratuzilma loyihalari, futbol ta’limi va akademiyalar tarmog‘ining rivoji, shuningdek, murabbiylar va tibbiyot xodimlari malakasini oshirish borasida olib borilayotgan ishlar haqida ma’lumot berildi. Shuningdek, davlat rahbari tashabbusi bilan Turkiy davlatlar o‘rtasida turnir o‘tkazish masalasi muhokama qilinayotgani hamda Milliy futbol markazi foydalanishga topshirilgani alohida mamnuniyat bilan qayd etildi.

O‘FA birinchi vitse-prezidenti Ravshan Irmatov so‘nggi yillarda futbol boshqaruvida tizimli yondashuv kuchaygani, futbolda shaffoflikni ta’minlash maqsadida hakamlar akademiyasi faoliyati yo‘lga qo‘yilgani, yosh hakamlar uchun o‘quv dasturlar tashkil etilgani hamda Milliy futbol markazida markazlashgan VAR tizimi faoliyati yo‘lga qo‘yilgani, Germaniyadan tibbiyot markazlari uchun mutaxassislar jalb qilinayotganini ta’kidladi.

Shuningdek, mamlakatimizda 14 ta hududiy futbol akademiyasi faoliyat yuritayotgani, ularning barchasi yagona metodologiya asosida ishlayotgani va futbol sohasida to‘liq raqamlashtirish tizimi joriy etilgani qayd etildi. Yangi futbol infratuzilmalari, “FIFA Central Asian Cup – FIFA Markaziy Osiyo kubogi turnirini tashkil etish tashabbusi ham muhokama etildi.

Qozog‘iston tomoni esa mamlakatda olib borilayotgan islohotlar, futbol infratuzilmasini modernizatsiya qilish va xususiy klub tizimini kengaytirish borasida ma’lumot berdi. Jumladan, to‘rtta klub xususiylashtirilgani, FIFA va QFF tomonidan butun mamlakat bo‘ylab yangi futbol maydonlari, jumladan “arena football” inshootlari qurilishi boshlanganini ma’lum qildi.

Shuningdek, yaqin istiqbolda “Atletiko Madrid” akademiyasining ochilishi rejalashtirilgani, homiylik tizimini kengaytirish va yosh futbolchilarni tayyorlash bo‘yicha ishlar izchil davom etayotgani aytib o‘tildi.

Tomonlar UEFA va FIFA bilan yo‘lga qo‘yilgan hamkorlikning samarali davom etayotganini qayd etib, o‘zaro o‘rtoqlik o‘yinlarini ko‘paytirish, mutaxassislar tayyorlash va yangi qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha kelishib oldilar.

Uchrashuv yakunida ikki mamlakat futbol assotsiatsiyalari o‘rtasidagi do‘stlik va hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlashga kelishildi.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!