
O‘FA 3 ta klubning transfer taqiqini bekor qildi
O‘FA tegishli qo‘mitasi "So‘g‘diyona", "Dinamo" va "Aral"ga nisbatan belgilangan transfer taqiqini shartli ravishda bekor qildi.
Bunga sabab sifatida mazkur klublarning transfer taqiqi sabablarini bartaraf etish yuzasidan Assotsiatsiyaga kafolat bergani qayd etilgan.
Avvalroq "Buxoro" Assotsiatsiya talabini to‘liq bajargani uchun undan transfer taqiqi olib tashlangandi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi hamda Futbolchilar maqomi va o‘tishi qo‘mitasi qarorlari talabiga bepisand munosabatda bo‘lib kelayotgani, o‘z futbolchi va murabbiylari oldidagi qarzdorlikni belgilangan muddatda bartaraf etmagani, shuningdek, futbol klublari hamda hududiy futbol akademiyalari o‘rtasida tuzilgan hamkorlik shartnomalarida mavjud shartlarni bajarmay kelayotgani sababli 6 ta klubga nisbatan transfer taqiqi belgilangan edi. Hozirda "Neftchi" va "Navbahor"da transfer taqiqi bor.
Fikrlar