
"Navbahor"ni tark etgan futbolchi qaysi orzusiga erishgani va yangi klubida nimaga qoyil qolgani haqida gapirdi
Toshkentning “Bunyodkor” klubi yozgi selektsiyada boshqa klublar qatori faol bo‘lmadi. Boisi, murabbiylar tarkibdagi mavjud futbolchilardan qoniqish hosil qilmoqdalar.
Shuning uchun transfer oynasi ochilgan paytda u qadar jiddiy o‘zgarishlar kuzatilgani yo‘q. Faqat “Bunyodkor”ga “Navbahor”dan iqtidorli himoyachi Farhod Mirahmatovning taklif qilinganini qo‘shimcha qilish joiz.
Futbolchi chempionat boshlanishidan avval namanganliklar safiga qo‘shilgandi. Lekin Farhod u erda o‘zi istagan darajada o‘yin amaliyotiga ega bo‘la olmadi. Uning ikkinchi davrani boshqa jamoada o‘tkazish ehtimoli katta edi. Boisi, uni o‘z safida ko‘rishni istagan klublar bor edi. Natijada Mirahmatov “Bunyodkor”ni tanladi. “Qaldirg‘ochlar” bilan shartnoma imzolagach, futbolchi Sports.uz saytiga o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
- Mavsumning ikkinchi yarmini “Bunyodkor”da o‘tkazishingiz aniq bo‘ldi. Bu chorlovni qabul qilishingizning asosiy omili nimada?
- Meni bu klubga “Bunyodkor” murabbiylari taklif qildi. Albatta, menga ishonch bildirishgani uchun ularga o‘z minnatdorligimni bildirib qolaman. Bundan buyog‘iga “Bunyodkor”ning g‘alabalariga o‘z hissamni qo‘shib, yordam berishga harakat qilaman.
- “Navbahor” ketishingizga qanday qaradi? Klubni almashtirish tashabbusi sizdan chiqdimi?
- Ha, albatta. Men rahbarlarga vaziyatni tushuntirdim. Ular meni to‘g‘ri tushundi. Buning uchun rahmat.
- “Navbahor”ga mavsum boshida qo‘shilgandingiz va ko‘rib turibmizki, Namangandagi faoliyatingiz uzoq davom etgani yo‘q. Bu jamoadan ketishingiz nima bilan bog‘liq edi?
- U erda men uchun o‘yin amaliyoti kam edi. Murabbiylar menga ishonch bildirmayotgani sezilib turgandi. Shu sababdan, “Navbahor”dan ketib, “Bunyodkor”ga o‘tishni ma’qul ko‘rdim.
- “Navbahor”ga o‘tishingiz siz uchun to‘g‘ri qarormidi?
- Men “Navbahor”ga o‘tganimdan afsuslanganim yo‘q. Shu jumladan, bu jamoada o‘ynaganimdan ham xursandman. Shu fursatdan foydalanib, “Navbahor” futbolchilariga hamda ishchilariga minnatdorchilik bildiraman.
- Oldingizda “Bunyodkor”dan tashqari, yana boshqa tanlovlar ham bor edi. Misol uchun, sizni “Andijon”da ham kutgandilar...
- “Andijon” jamoasi meni to‘g‘ri tushunadi, deb umid qilaman. Ularga ham taklif uchun rahmat aytaman. “Bunyodkor”ga kelsak, bu o‘z tarixiga ega jamoa. To‘g‘risi, ushbu klubda to‘p surish orzuim edi.
- “Bunyodkor”ga o‘tganingizdan keyin oldingizga qanday maqsad qo‘yganingizni ayta olasizmi?
- Xudoga shukr, bu erda meni juda yaxshi kutib olishdi. Nasib qilsa, “Bunyodkor” orqali terma jamoadan chaqiruv olishni istayman. Maqsadim, klubimga foyda keltirish bilan birga milliy terma jamoaga ham yordamim tegishini niyat qilib qo‘yganman.
- Yuqorida aytganingizdek, “Navbahor”da o‘zingiz istagan darajada o‘yin amaliyotiga ega bo‘la olmadingiz. Bunday holat “Bunyodkor” bilan ham yuz berishidan xavotirda emasmisiz? Chunki hamma klubda o‘ziga yarasha raqobat bor.
- Ha, barcha joyda raqobat bor. Aynan raqobat bo‘lsa, o‘sish ham bo‘ladi. Bilasizmi, agar men raqobatdan qo‘rqqanimda “Navbahor”ga o‘tmasdim va shu jumladan “Bunyodkor”ga ham.
- Endi “Bunyodkor”ning oilasiga aylandingiz. Bu mavsumda jamoaning qaysi o‘rinni egallashiga qurbi etadi, deb o‘ylaysiz?
- “Bunyodkor”ni sovrinli o‘rinlar uchun loyiq, deb o‘ylayman. Chunki yangi jamoamda kollektiv juda zo‘r ekan. Futbolchilar xuddi aka-ukadek. Shunisiga qoyil qoldim.
- Darvoqe, “Bunyodkor”ga mavsum oxirigacha ijaraga o‘tdingiz-a?
- Ha, “Bunyodkor”ga ijaraga keldim, dekabr oyigacha.
Fikrlar