
Muxlislar Shomurodovning o‘yinini bevosita maydondan ko‘rishi mumkin
Football Italia nashri tarqatayotgan xabarlarga qaraganda, Italiyada futbol uchrashuvlariga muxlislar kiritilishi mumkin ekan.
Koronavirus pandemiyasi tufayli qo‘yilgan taqiq may oyining boshlaridan qisman yumshatilishi kutilmoqda.
Shunga qaramay, tribunalarning muxlislar bilan to‘lib ketishiga yo‘q qo‘yilmaydi. Ochiq inshootlardagi muxlislar soni ming nafardan oshmasligi kerak.
Avvalroq Italiya hukumati yozda Rim shahrida “Evro-2020” uchrashuvlarini o‘tkazilishga ruxsat bergan edi.
- Bu borada muzokaralar davom etmoqda. Evropaning turli tomonlaridan mehmonlar kelishi aniq. Biz Italiya kubogi finalida ham tomoshabinlar bo‘lishini istaymiz, - deb bayonot berdi davlat kotibi o‘rinbosari Andrea Kosta.
Italiya futbol federatsiyasi 19 mayga belgilangan “Yuventus” va “Atalanta” o‘rtasidagi mamlakat kubogi uchun final uchrashuvini tomoshabinlar guvohligida o‘tkazishga tayyorgarlik ko‘ryapti.
Eldor Shomurodov to‘p tepayotgan “Jenoa” uy uchrashuvlarini “Luiji Ferraris” stadionida o‘tkazadi. Bu arena bir paytning o‘zida 36 598 kishini sig‘dira oladi.
Italiyaning eng qadimiy klubi hisoblangan “Jenoa” muxlislari faolligi va talabchanligi bilan ajralib turadi. Ular har qanday sharoitda o‘z futbolchilarini qo‘llab-quvvatlashga harakat qiladi.
Fikrlar