
Mirzohid G‘ofurov: "Nasaf" bilan o‘yindagi durang mag‘lubiyatdan ham oshib tushdi
«Navbahor» klubi ushbu mavsumni o‘zi istagan darajada o‘tkaza olmayotgani hech kimga sir bo‘lmasa kerak. Lekin jamoa tarkibida tajribali o‘yinchilar ham etarlicha. Boz ustiga mahalliy futbolchilarning bir necha yil mobaynida «Navbahor» uchun to‘p surib kelishayotganini ham aytish joiz. Masalan, namanganlik yarim himoyachi Mirzohid G‘ofurov «Navbahor» uchun qo‘lidan kelganicha foyda keltirishga harakat qilmoqda. Lekin doim ham o‘ylagan rejalar amalga oshavermaydi. Biz esa jamoa etakchilaridan biri bo‘lgan Mirzohid G‘ofurov bilan «Navbahor»ning joriy mavsumdagi ishtiroki borasida muloqotda bo‘ldik. Bu borada u bir qator masalalar bo‘yicha o‘z fikrlarini bildirdi. Shu bilan birga oxirgi turda «Nasaf»ga qarshi kechgan bellashuvda tayyor g‘alabaning nima uchun qo‘ldan chiqarib yuborilgani to‘g‘risida ham to‘xtaldi.
«Navbahor»ning joriy mavsumdagi ishtiroki haqida
- Bu yilgi mavsumni katta-katta maqsadlar bilan boshlagandik. Lekin omadsizlikka ko‘proq duch kelib qoldik. Buning ustiga birinchi davra oxirlarida kutilmaganda murabbiy almashtirildi. Uning o‘rniga kelgan mutaxassisda esa vaqt kam edi. Har qanday murabbiyga ham o‘zini ko‘rsatishi va natija qayd etishi uchun baribir vaqt kerak bo‘ladi. Ayniqsa, istalgan murabbiy jamoaga o‘zining tushuncha va falsafalarini uqtirishi uchun ham vaqt talab etiladi. Deyan Jurjevich ham vaziyatni o‘nglashga qo‘limdan kelganicha harakat qilaman, ammo men uchun vaqt juda kam bo‘lib qoldi deb gapirardi. Xullas, yangi murabbiyning uslubiga kirishib ulgurmasimizdan ikkinchi davra boshlanib ketdi. Natijada yana ketma-ket omadsizlikka yuz tutdik va ochkolar yo‘qotdik. Uch yildan beri «Navbahor»da o‘ynayotgan bo‘lsam, hali birin-ketin o‘z maydonimizda ikki marta yutqazmagandik. Ammo bu yilgi mavsumda shunday holat yuz berdi. Mag‘lubiyatlar bo‘lavergach, muxlislar oldingi murabbiyni qaytarishni talab qila boshlashdi. Natija yaxshi bo‘lmayotgani va ishqibozlarning talablarini inobatga olgan holda hali imkoniyatlar kamayib ketmasidan oldin Andrey Kanchelskis qaytarildi. Biz ikki-uch oy ichida ikkita murabbiyning turli uslublaridan chiqib, yana o‘sha uslublarga qaytish jarayonini boshimizdan o‘tkazdik. Masalan, Kanchelskis ikkinchi davra uchun boshqacha transfer va yig‘inlarni rejalashtirgandi. Jurjevich esa o‘zining uslubiga mos keladigan o‘yinchilarni olgan. Kanchelskis qaytganidan keyin oldingisining uslubi unga to‘g‘ri kelmasdi. Buning natijasida baribir omadsiz o‘yinlar biroz bo‘lsa-da, davom etib kelmoqda. Mag‘lubiyat bo‘lmasa-da, duranglar ko‘payib ketyapti. Mavsum ham o‘z poyoniga etib qolmoqda. Shunga qaramay, murabbiy baribir oxirigacha kurashishimizni tayinlab kelmoqda.
Klub qaysi o‘rinni egallashi mumkin?
- Oldindan bir narsa deyish qiyin. Albatta, qolgan jamoalar ham qarab o‘tirishmaydi. Tan olish kerakki, sovrinli o‘rinlarga bo‘lgan imkoniyatimiz keskin pasayib ketdi. Baribir biz oxirigacha harakat qilamiz. Nazarimda, 4- yoki 5-o‘ringa kurashsak bo‘ladi. Hammasini vaqt ko‘rsatadi. Boya aytdim-ku, barchasini vaqt ko‘rsatadi. Aslida kamida o‘tgan yilgi natijani ko‘rsatishimiz kerak edi. Kanchelskis aytganidek, biz oxirigacha kurash olib boramiz.
Jamoa tushkun kayfiyatdami?
- Hammasi mayliku-ya, lekin o‘z maydonimizda «Nasaf» bilan o‘yinning oxirgi 10-15 soniyasida o‘z darvozamizdan gol o‘tkazib, tayyor g‘alabani qo‘ldan chiqarib yuborganimizdan keyin qattiq tushkunlikka tushib qoldik. Masalan, o‘zimni oladigan bo‘lsam, oradan qancha vaqt o‘tgan bo‘lsa-da, haligacha o‘sha o‘yinni unuta olmayapman. O‘ylashimcha, bu yilgi mavsumdagi eng alamli o‘yinimiz bo‘ldi. Hattoki, mag‘lubiyatdan ham o‘tib tushdi. Juda alam qiladigan bo‘ldi.
Nima uchun «Nasaf»ga qarshi o‘yinda g‘alaba qo‘ldan chiqarildi?
- Yana o‘sha omadsizlik pand berdi. 1:0 hisobida yutayotganimiz uchun balki g‘alabani erta nishonlashni boshlab yuborgandirmiz. Hattoki, hakam tomonidan qo‘shib berilgan daqiqalarning oxirgisida muxlislar xam «Navbahor» yutdi deb o‘ylashib, stadiondan chiqib ketishgan ekan. Biz ham g‘alabamizga ishonib qolgandik. Lekin futbolda baribir oxirgi soniyalargacha vaziyat o‘zgarib ketishi mumkinligi yana bir bor isbotini topdi. O‘yin hakamning oxirgi xushtagi chalinguniga qadar bo‘ladi. Kanchelskis doim bizga futbol 90 daqiqa va qo‘shimcha vaqtlari bilan bo‘ladi deb gapiradi. Ko‘p hollarda oxirgi daqiqalar ham hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi. Shuning uchun futbolni so‘nggi soniyalarga qadar o‘ynash kerak deb ko‘p aytardi. Uning bu so‘zlari o‘z isbotini topdi. O‘sha bahsda biz ham, muxlislarimiz ham g‘alabamizga ishongandik. Faqat o‘sha oxirgi soniyalarda biroz muvozanatni yo‘qotganimiz qimmatga tushdi. Men uchun bu o‘yin va undagi durang natija mag‘lubiyatlardan ham o‘tib tushdi.
Andrey Kanchelskis to‘g‘risida
- Andrey Kanchelskisning o‘ziga yarasha dunyoqarashi bor. Uning o‘ziga xos xarakteri bor. Qolaversa, o‘z uslubiga ham ega. Ser Aleks Fergyussondan o‘rgangan bilimlarini bizga ham o‘rgatadi. Hozir dunyoda Angliya chempionati eng yaxshisi hisoblanadi. O‘zi ham u erda o‘ynagani uchun to‘plagan tajribalarini bizga o‘rgatib borishga harakat qiladi. U aynan shunday xususiyatlari bilan ham ajralib turadi.
Kanchelskis doim «MYu»ning o‘yinlarini ko‘rsatadimi?
- Har doim emas-ku, ammo kerakli paytlarda murabbiy bizga «Manchester Yunayted» ijrosidagi o‘yinlarni ko‘rsatadi. Ayniqsa, ayrim vaziyatlardagi epizodlarni bizga namoyish etib, buning o‘yinimizga o‘xshash jihatlarini tushuntirib, nima qilish kerakligimizni uqtiradi. Shuning uchun futbolni oxirigacha o‘ynash kerak deb aytadi. Ayniqsa, «Manchester Yunayted»ning oxirgi 10 daqiqada kerakli gollar urib yutib ketgan vaziyatlarini bizga ko‘rsatadi. Ba’zida esa nimaga jamoa birinchi bo‘limda unchalik o‘ynay olmayotgani muhokama qilinadi. Lekin shuni ham unutmaslik kerakki, raqib ham bunday paytda tayyor bo‘ladi. Jamoaning haqiqiy kuchi, o‘yinga tayyor yoki tayyor emasligi o‘yinning oxirgi 30 daqiqasida bilinadi. Ungacha esa hamma klub tayyorligini aytadi. Xullas, murabbiyimiz bizga mana shunday jihatlarni aytib o‘rgatib turadi.
G‘ofurov yana klubda qoladimi?
- Oldin mavsumni yakunlab olaylik. Albatta, qadrdon klubimda qolib faoliyatimni davom ettirganim yaxshi. Hammasi chempionat tugaganidan keyin oydinlashadi. Shartnomam esa tugayapti va yana bir yilga uzaytirish varianti bilan tuzilgan.
Fikrlar