
"Metallurg" klubida yig‘ilish. Unda qanday masalalar ko‘tarildi?
Kecha “Metallurg” qarorgohidagi majlislar zalida “Metallurg” PFK murabbiylar shtabi hamda futbolchilarining kengaytirilgan yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilishni klub bosh direktori Shavkat Saidov olib bordi.
Shavkat Ne’matjonovich yig‘ilish ishtirokchilarni mashg‘ulotlar jarayoni qizg‘in davom etayotganligi bilan qutlar ekan, Yangi – 2024 yilgi mavsumga klub oldida turgan maqsad va vazifalar haqida to‘xtalib o‘tdi.
“Metallurg” markaziy stadionida ta’mirlash ishlari bois jamoa uy uchrashuvlari Olmaliq shahrida boshlashini, qaryib safar uchrashuvi bilan teng bu o‘yinlarda mas’uliyat ikki hissa yuqori bo‘lishini ta’kidladi. Jamoani yangi mavsumga shakllantirish jarayoni yakuniga etib qolganligini, butun mavsum davomida asosiy og‘irlik bugungi yig‘ilishda ishtirok etib turgan yigitlar zimmasida bo‘lishini qayd etdi va murabbiylar hamda futbolchilarga bu yo‘lda muvaffaqiyat, omad tiladi.
Jamoa bosh murabbiyi Vesko Steshevich yigitlarning kayfiyati a’lo ekanligini, ular bilan doimiy muloqotda barcha masalalar ishchan, hamjihatlikda hal etilayotganligini, bu yilgi mavsumdan yuqori ko‘rsatkichlarni kutayotganligini ma’lum qildi.
Jamoaga yangi qabul qilingan o‘yinchilardan Davron Ergashev klubdagi muhit unga manzur bo‘lganligini, jamoadoshlar yangi o‘yinchilarni iliq kutib olishganligini e’tirof etdi. Shuningdek, so‘z olgan Kerim Palich, Abbos Otaxonov singari tajribali o‘yinchilar mavsum davomida ijobiy natijalar bilan muxlislarni xursand etishga jamoa qodirligini ta’kidlashdi.
"Metallurg" matbuot xizmati.
Fikrlar