
Mbappeni haqorat qilgan muxlis qamalishi mumkin
"Real Ovedo" muxlisi Kilian Mbappe nisbatan irqchilik harakatlari tufayli xibsga olindi.
24 avgust kuni La Liganing 2-tur o‘yinida "Real Madrid" safarda "Real Ovedo"ni 3:0 hisobi bilan mag‘lub etdi.
"Marca" nashri Asturiya politsiyasining bosh boshqarmasiga tayanib xabar berishicha, hibsga olingan "Ovedo" muxlisi o‘yinning 37-daqiqasida Mbappe gol urganidan so‘ng imo-ishoralar va ovozlar bilan maymunni tasvirlagan. O‘yin yakunida Professional futbol ligasi (LFP) bu hodisa haqida ma’lum qilib, voqea tasvirlari televidenie va ijtimoiy tarmoqlarda tarqalganini ta’kidladi.
Politsiya bo‘limida ko‘rsatma berganidan keyin, hibsga olingan muxlis sudga olib borildi. Jazo chorasi sifatida "Sportda zo‘ravonlik, irqchilik, ksenofobiya va murosasizlikka qarshi kurashish to‘g‘risida"gi qonunda nazarda tutilgan 60 mingdan 650 ming evrogacha jarima hamda sport tadbirlariga qatnashishni taqiqlash taklif etildi. Shuningdek, tenglik himoyasi va kamsitishga qarshi kurashish bo‘yicha jinoyat ishlari prokuraturasiga ham tergov haqida xabar berildi. Jinoyat qonunchiligiga ko‘ra, ushbu huquqbuzarlik uchun uch yilgacha qamoq jazosi tayinlanishi mumkin.
Fikrlar