
Legionerimiz oldiga premer-ligaga chiqish vazifasi qo‘yildi!
Rossiya Milliy futbol ligasi vakili – “Baltika” yaqinda o‘zbekistonlik himoyachi Vitaliy Denisov bilan shartnoma imzolagani haqida sports.uz sayti orqali xabar bergan edik.
Endi klub rahbariyati tomonidan kelasi mavsumda jamoa oldiga qo‘yilgan maqsad ham aniq bo‘ldi. “Baltika” kelasi mavsumda Rossiya premer-ligasiga yo‘llanma olishi shart qilib belgilandi.
Aslida kaliningradliklar ikki yil muqaddam quyi ligaga tushib ketishi kerak edi. 2018-2019 yilgi mavsum yakunida bu jamoa 16-o‘rinni egallagandi va baxtli tasodif tufayli ligada qolgandi.
Murakkab vaziyatda jamoani qabul qilib olgan klub prezidenti Tajutdin Kachukaev va bosh murabbiy Evgeniy Kaleshin keyingi ikki mavsumda jamoani ancha “ko‘tardi”. Bu ikki mutaxassis avvaliga “Baltika”ni ettinchi o‘ringa olib chiqdi. 2021 yilgi mavsumni jamoa beshinchi o‘rinda yakunladi.
Ta’kidlash joizki, ikki yarim yildan beri “Baltika”ga ustozlik qilayotgan Kaleshin Milliy futbol ligasida bir jamoani eng uzoq boshqargan mutaxassis hisoblanadi. Uning natijalaridan qoniqqan Kaliningrad viloyati rahbariyati endi bu jamoani premer-ligada ko‘rmoqchi.
Maqsadga erishish yo‘lida kaliningradliklar transferlarni sifatli darajada amalga oshirishga alohida e’tibor qaratmoqda. Hozircha, jamoa talabiga javob berolmagani uchun klubni tark etadigan futbolchilar soni o‘ntaga etdi. Xususan, katta umidlar bilan Portugaliyaning “Vitoriya” klubidan taklif etilgan braziliyalik Allefga ham ruxsat beriladi. Shuningdek, uning hambrti Nailson va kolumbiyalik Valensiya ham jamoani tark etdi.
Bu legionerlar o‘rniga Rossiya futbolida nom qozongan o‘zbekistonlik legioner Vitaliy Denisov, Slovakiya va Finlyandiya kuboklari sohibi – serbiyalik Ivan Ostoyich bilan shartnoma imzolandi. Shuningdek, tarkibda yana ikki legioner – chernogoriyalik Mladen Kashchelan va serbiyalik Miroslav Markovich ham bor. Shu bilan legionerlar limiti yopiladi.
Mutaxassislar 34 yoshli Vitaliy Denisov “Baltika”ga katta yordam berishini ta’kidlamoqda. Legionerimiz o‘tgan mavsumda “Tom” safiga qo‘shilganidan keyin bu jamoaning o‘yini ancha kuchaydi. Biroq, tomskliklarga ligada qolish uchun bir ochko etmadi xolos.
O‘z davrida TsSKA va “Lokomotiv” kabi jamoalarda to‘p tepib, bir bor UEFA kubogi, to‘rt marotaba Rossiya kubogi sohibi, bir martadan Rossiya chempionati g‘olibi va sovrindori bo‘lgan. Ekspertlar bosh murabbiy Evgeniy Kaleshin o‘zbekistonlik futbolchi yordamida jamoaning chap qanotini to‘liq nazorat qilishi mumkinligini ta’kidlamoqda. Chunki Denisov himoyachi bo‘lishiga qaramay, butun chap qanot bo‘ylab harakat qiladi va tez-tez hujumga o‘tishni xush ko‘radi.
Bundan tashqari, “Baltika” o‘zbekistonlik futbolchilarga begona emas. O‘z vaqtida bu klubda Maksim Shatskix va Andrey Fyodorov to‘p tepgan. O‘zbekiston milliy terma jamoasining eng zo‘r to‘purari hisoblangan Maksim Shatskix 1998-1999 yillarda Kaliningrad jamoasi sharafini himoya qilib, 19 ta uchrashuvda beshta gol urganidan keyin Kievning “Dinamo”siga o‘tib ketgan edi.
Rossiya chempioni bo‘lgan Andrey Fyodorov ham 1999 yilda kaliningradliklar safida 14 ta o‘yinda ishtirok etgan va aynan shu jamoadan o‘zining yulduzli onlari o‘tgan “Rubin”ga yo‘l olgan.
Eslatib o‘tamiz, Vitaliy Denisov “Baltika” bilan 1+1 ko‘rinishida shartnoma imzolagan va kelasi mavsum muvaffaqiyatli o‘tsa, yana Rossiya premer-ligasida to‘p surish imkoniga ega bo‘ladi.
Fikrlar