
Legionerimiz etti oydan beri maydon tashqarisida, bu hol yana qachongacha davom etadi?
Biz xorijda o‘ynayotgan har bir legionerimizga alohida to‘xtalib o‘tishga va u haqidagi oxirgi yangiliklarni yoritib borishga harakat qilib kelmoqdamiz. Jumladan, Indoneziya chempionatida to‘p surayotgan legionerimiz Javlon Guseynovni ham unutib qo‘yganimiz yo‘q.
U “Borneo” klubining sardori va etakchisidir. Biroq Indoneziya chempionati xuddi Superligamiz singari mart oyida karantin tufayli to‘xtatib qo‘yilgandi. Lekin shundan beri u erda milliy birinchilik o‘tkazilmayapti.
Aslida oktyabrning boshlarida davom ettirilishi ma’lum qilingandi. Biroq yana qoldirilgani ma’lum bo‘ldi. Bir necha oydan beri futboldan tashqarida qolib ketayotgan legionerimizning u erdagi hayoti qanday kechyapti? Futbolsiz zerikmayaptimi? Indoneziyada yana qancha vaqt qolmoqchi? Shu va yana boshqa qiziqarli mavzular bo‘yicha Guseynov sports.uz muxbiriga quyidagilarni aytdi.
“3-4 kun qolganida chempionat to‘xatib qo‘yildi”
- Sizlar bo‘lmasanglar, bizni tanishmaydi ham. Axir ikki yildan beri Indoneziyadaman, - deya gap boshladi, Guseynov - Bu erda chempionat mart oyida to‘xtaganidan keyin 3-4 oy davomida qat’iy karantin e’lon qilindi. O‘sha mahallarda mashg‘ulot qilish ham mumkin emasdi. Iyulning oxiri avgustning boshlaridan mashg‘ulotlarga ruxsat berildi. Jamoamiz bilan shug‘ullanib kelayotgandik. 2 oktyabrda esa chempionat o‘yinlari davom ettirilishi kerak edi. Lekin 3-4 kun qolganida chempionat yana to‘xtatilganini e’lon qilishdi.
“Boshida maoshimizni kesishdi, endi to‘liq olyapmiz”
- Maosh masalasida hammasi yaxshi. Klubimiz prezidenti oliyjanob inson. Aprel va may oylari uchun ish haqimizni 25 foizdan kesdi. Shundan beri maoshlarimizni to‘liq berib kelyapti. Hammani oylik maosh qiziqtiradi-a, (kuladi). Xudoga shukr, olayotgan pulimiz oilani tebratishga va ozgina ortib yig‘ib qo‘yishimizga ham etyapti.
“Mahalliy tilni o‘rganib oldim”
- Ikki yildan beri shu erdaman. Ko‘p narsaga moslashib qolganman. Ancha-muncha mahalliy tilini ham o‘rganib oldim. Mahalliy aholi va futbolchilari bilan Indoneziya tilida gaplashib yuribman. Bu erning tabiati juda go‘zal. Sal vaqt bo‘ldi deguncha tabiat qo‘ynida, chiroyli manzaralari bor joylarda sayr qilaman. Dengizga ham borib turaman va yana bo‘sh vaqtimda kitob o‘qib turaman.
“O‘yin amaliyotining yo‘qligi futbolchi uchun salbiy”
- Albatta, o‘yin amaliyotining bo‘lmayotgani futbolchi uchun salbiy holat. Axir biz etti oydan beri rasmiy o‘yin o‘ynaganimiz yo‘q. To‘g‘ri, mashg‘ulotlarga ruxsat berilganidan so‘ng 2-3 marta o‘rtoqlik uchrashuvlarida maydonga tushdik. Baribir bu hech narsa emas-da. Rasmiy uchrashuvlarsiz qiyin bo‘ladi. Ammo barchasi Allohdan, har bir ishda hikmat bor. Balki bu ham yaxshilikkadir.
“Yana legioner sifatida o‘ynamoqchiman, O‘zbekiston chempionatiga qaytishga ulgurarman”
- To‘g‘ri, menga taklif bo‘ldi, biroq ko‘p emas. Ikkita jamoadan, boshqa chempionatlardan chaqiruvlar tushdi. Mening “Borneo” bilan amaldagi shartnomam borligi sababli takliflarni jiddiy ko‘rib chiqmadim. Jamoamiz prezidenti bilan aloqam juda yaxshi. Shu sababli ham boshqa klubga ketgim kelmadi. Gapning ochig‘i, menga o‘zim o‘ynayotgan jamoamning darajasidan pastroq bo‘lgan klublardan takliflar bo‘lgani uchun aytarli o‘ylab ham ko‘rmadim desam bo‘ladi. Biri Bangladesh, yana biri Malayziya birinchi divizionidan taklif tushdi. Hozir esa vaziyat qanday bo‘lishini kutyapmiz. Agar chempionat yana davom ettirilmasdan qolaversa, unda yana boshqa variantlarni ko‘rib chiqishim mumkin. “Borneo” bilan shartnomam kelasi yilning 28 fevral kuni tugaydi. Nasib qilsa, faoliyatimni yana legioner sifatida davom ettirmoqchiman. Hali O‘zbekiston chempionatiga qaytishga ulgurarman.
“Indoneziya aholisi juda beg‘am”
- Indoneziyada meni hayron qoldiradigan jihatlari ko‘p, hammasini aytish uchun birma-bir eslashim kerak. Misol uchun, bitta Indoneziya tili bor. Ammo bundan tashqari har bir shaharining yana alohida tillari bor. Masalan, bizda har bir shaharning o‘z shevasi bor, u erda esa o‘z tillarida gaplashishadi. Ba’zi paytlarda ular bir-birlarini tushunishmaydi. Yava orolining o‘zida bir nechta til bor va o‘z tillarida gaplashishsa nima deyishayotganini bilishmaydi. Agar hammasi Indoneziyaning adabiy tilida gaplashsagina tushunishlari mumkin. Indoneziya xalqi hech qachon hech qaerga shoshilishmaydi. Juda ham beg‘am desa bo‘ladi. Qandaydir uchrashuv belgilangan bo‘lsa, har doim kech kelishadi. Hali biror marta vaqtida kelishganini ko‘rmaganman.
“Ular mendan o‘zbekistonlik futbolchilar haqida so‘rashadi”
- Indoneziya chempionatida o‘zbekistonlik futbolchilarga qiziqishadi. Qaysidir pozitsiyaga o‘yinchi kerak bo‘lsa, mendan so‘rashadi va videolari bo‘lsa yuborgin deyishadi. Bizning o‘yinchilar esa bunday narsaga qiziqishmaydi. Agar zarurat tug‘ilib qolganida qaysidir futbolchiga o‘yinlaring yozilgan videoni yuborgin desangiz, chala-chulpa qilib yuborishadi. Bu erda legionerlarni ko‘pincha videolariga qarab tanlashadi. Indoneziyada Braziliya, Argentinadan kelgan o‘yinchilar ko‘p. Ular har mavsum tugamasidan oldin o‘z videolarini yangilab boradilar va agentlarining qo‘lida bo‘ladi. Shu bois ularga doim variantlar ko‘p bo‘ladi. Bizning aksariyat futbolchilarimiz esa bunday narsalarga qiziqishmaydi. Hattoki, ba’zilariga videoing bormi, desak nima u deyishadi. Bundan ajablanib qolaman. Yaqinda bir klubga darvozabon kerak bo‘lib qolgandi va o‘zimizning chempionatdan qidirdik, ammo topa olmadik. Aniqrog‘i, to‘laydigan oylik maoshi ozroq bo‘lgani uchun ushbu summaga darvozabon topish qiyin bo‘ldi.
Fikrlar