Katta pul kerak: Husanov “Lans”ni qutqaradimi?

  • 25 noyabr, 2024, 07:30
  • Zohir Toshxo’jayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Evropa klublari futbol maydonidagi kechkin va murosasiz kurashlardan tashqari moliyaviy feyr-pleyga amal qilishi, iqtisodiy masalalarni ham barqaror olib borishi talab etiladi.

Tecno

“Lans” o‘tgan yozda o‘yinchi sotish orqali 100 million evroga yaqin mablag‘ ishlab olishni ko‘zlagandi. Klub bosh direktori Per Dreossi bu transferlar orqali xo‘jayinlarga yaxshi daromad olib kelishni va’da qilgan.

Amalda unday bo‘lib chiqmadi. Hujumchi Ele Vaxi “Marsel”ga 25 million evro evaziga qo‘yib yuborildi. Adam Buksa, Ayanda Sushiba, Julen Le Kardinal, Lukash Poreba kabi asosiy tarkibga kira olmagan o‘yinchilarning umumiy transferi va Morgan Gilavogining ijaraga yuborilishi klubga 10 million evroga yaqin pul keltirdi.

Biroq ikkita katta savdo – Kevin Dansoning “Roma”ga va Nil Al-Aynauining “Monako”ga transferi kutilmaganda barbod bo‘ldi. Bu ikki transfer lansliklarga 50 million evrodan ortiqroq pul olib kelishi lozim edi.

Frantsiya futbolini yoritib kelayotgan bir necha manbalar, xususan, le11hdf.fr saytining yozishicha, “Lans”da 40 million evro atrofida defitsit yuzaga kelgan va klub qishki transferlar vaqtida bu kamomadni yopishiga to‘g‘ri keladi.

Buning eng tez va oson usuli bir necha futbolchini sotib yuborishdan iborat. Klub rahbariyati jamoada boshqa klublarni qiziqtira oladigan aktivlar borligiga va yanvarda bir necha transferni amalga oshirilishiga ishonmoqda.

- Jamoamizda yaxshi aktivlar va ularga bir necha klublardan jiddiy qiziqishlar bor. Biz uchun eng qiyini o‘yinchi sotish emas, balki iqtisodiy manfaatlarimiz va sportdagi maqsadlarim o‘rtasidagi muvozanatni topish. Biz hammani sotib yuborib, mo‘rt jamoaga aylanib qolmoqchi emasmiz. Qishki transferlar bizga shu kungacha amalga oshirgan va o‘tgan yoz erisha olmagan ishlarimiz o‘rtasidagi balansni to‘g‘rilash imkonini beradi, - dedi bosh direktor Per Dreossi Voix du Nord nashriga bergan intervyusida.

Foot Mercato nashrining yozishicha, “Lans” birinchi navbatda etarli darajada o‘yin amaliyotiga ega bo‘lmayotgan va katta maosh olayotgan o‘yinchilarni sotib yuborishni mo‘ljallamoqda. Demak, bu borada ro‘yxatga uch futbolchi kiritilgan. Xususan. Anjelo Fuldjini va Nampalis Mendining o‘yin darajasi, jamoaga qo‘shayotgan hissasi olayotgan maoshini qoplamayapti.

David Pereyra da Koshta pleymeyker sifatida unga bildirilgan ishonchni oqlamayapti va AQSh chempionatiga ko‘chib o‘tishni rejalashtirmoqda. Yuqorida nomi keltirilgan uchala futbolchi bir paytda sotib yuborilsa ham, ushbu transferlar “Lans”ning 40 million evrolik defitsitini qoplamaydi.

“Lans” kamomadlarni tarkibdagi qimmatbaho uch nafar futbolchining birini transfer qilish orqali yopishni mo‘ljallamoqda.

Birinchi navbatda, yozda “Roma”ga ko‘chib o‘tolmagan Kevin Danso yana sotib yuborilishi mumkin. Chuqulashtirilgan tekshiruvlar avstriyalik himoyachining yuragida muammolar yo‘qligini ko‘rsatdi va o‘yinchining o‘zi ham jamoaga qaytganidan beri muntazam o‘ynab kelmoqda va sog‘lig‘ida biror muammo kuzatilgani yo‘q.

Bir necha manbalar Dansoni “Yuventus” va Angliya Premer-ligasi klublari o‘ziga chorlayotgani haqida ma’lumot tarqatdi.

Dansoning yo‘qligida bor mahorati va salohiyatini namoyish qila olgan Abduqodir Husanov qisqa fursatda “Lans”ning eng xaridorgir aktiviga aylandi.

Evropaning aksariyat manbalari 20 yoshli o‘zbek himoyachisi uchun grand orasida kurash qizg‘in kechishini ta’kidlamoqda. Xususan, hozirning o‘zida Husanovga Frantsiyadan  PSJ, “Marsel”, Angliyadan “Tottenxem” va “Chelsi”, Germaniyadan “Bayer” jiddiy qiziqish bildirayotgani, “Lans”ning o‘yinlariga o‘zbek legionerining harakatlarini kuzatish uchun o‘z skautlarini jo‘natayotgani haqida juda ko‘p ma’lumot chiqarilyapti.

Ekspertlar mavsum oxiriga qadar talabgor va da’vogar jamoalar soni ortishi, Husanovning transfer narxi bir necha baravar ko‘tarilishi, “Lans” uni 30-40 million evrodan past summaga qo‘yib yubormasligini ta’kidlamoqda.

So‘nggi ma’lumotlarga qaraganda, “Lans” rahbariyati Husanovni qo‘yib yuborishga shoshilmaydi, faqatgina qishda favqulodda katta summa taklif qilinsagina muzokaraga kirishiladi.

Bu ikki himoyachidan tashqari, hujumchi Endi Diufning transferi ham klubga yaxshi daromad olib kelishi mumkin. Biroq “Lans”ning o‘zida hujumchilar tanqisligi va jamoaning oldingi chiziqdagi ishlari kutilganidek kechmayotgani tufayli Diufning transferi yozda ko‘rib chiqilishi aytilyapti.

Eslatib o‘tamiz, Abduqodir Husanov futbol sir-asrorlarini “Bunyodkor” klubida o‘rgangan. Professional futbolchilik faoliyatini Belarusning “Energetik-BGU” jamoasida boshlagan. 2023 yilning yozida “Lans”ga ko‘chib o‘tdi.

Husanov “top-5” qatoriga kiruvchi Frantsiya chempionatida ishtirok etgan birinchi va hozircha yagona o‘zbek futbolchisi hisoblanadi.

Mag‘lubiyatga Fayzullaev sababchimi?!

“Roma”: Argentinalik yulduz Shomurodovdan zo‘r emas!

Fayzullaev o‘z jamoasini topdi!

Fayzullaev Evropaga ketyaptimi?

Fayzullaevga Turkiya, Niderlandiya, Portugaliyadan qiziqish bor. Abbos qaerga o‘tgani ma’qul?

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!