
JLA bosh kotibi Superliga klublari rahbarlari bilan uchrashadi
Avvalroq O‘zPFL xabar berganidek, ayni vaqtda jahon ligalari assotsiatsiyasining Ligalarni rivojlantirish bo‘yicha vakili Stanislav Shtipkov Toshkentda bo‘lib turibdi. O‘tgan uch kun davomida mutaxassis O‘zPFL faoliyatini o‘rganib, uning har bir bo‘limi xodimlari bilan alohida suhbat o‘tkazmoqda.
O‘zPFL matbuot xizmatining xabar berishicha, 12 iyun kuni tongda JLA bosh kotibi Jerom Perlemuter poytaxtimizga etib keladi. Tashrif doirasida Perlemuter O‘FA birinchi vitse-prezidenti Ravshan Ermatov bilan uchrashadi. Shuningdek, 13 iyun kuni 16:30 da "Wyndham" mehmonxonasida O‘zPFL musobaqalarida ishtirok etuvchi professional futbol klublari rahbariyati ishtirokida yig‘ilish bo‘lib o‘tadi. Unda OAV vakillarining ham bo‘lishi ko‘zda tutilgan.
14 iyun kuni Jerom Perlemuter, Stanislav Shtipkov, shuningdek, Chexiya hamda O‘zbekiston Professional futbol ligalari rahbarlari ishtirokida matbuot anjumani o‘tkaziladi. Anjumanda mamlakatimiz Superligasi, uni rivojlantirish yo‘lida O‘zPFL ishtiroki, jahonning futboli rivojlangan mamlakatlari Ligalari faoliyati va boshqa ko‘plab masalalarda jurnalistlar bilan suhbat tashkil etiladi. Matbuot anjumani 11:00 da "Bunyodkor" stadionida bo‘lib o‘tadi.
Shu kuni 20:00 da mehmonlar Superliga 12-turidan o‘rin olgan Bunyodkor — Paxtakor bellashuvini stadiondan kuzatadi.
Liga mazkur jarayonlarni yoritishni maqsad qilgan OAV vakillarini tadbirlarga taklif etadi.
Fikrlar