
Jamshid Saidov: "Pley-offga qolib ketmaganimizdan mamnunmiz"
Superliganing so‘nggi 26-turidan o‘rin olgan OKMK - «Qizilqum» (1:0) uchrashuvi yakunidan so‘ng mehmonlar ustozi Jamshid Saidov bahs haqida o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi
"Futbolchilarim o‘yining ahamiyatini yaxshi tushunib turgan holda so‘nggi bahsga maydonga tushishgandi. Biroq bitta aniq zarba va gol uchrashuv taqdirini hal qildi. Umuman olganda, o‘yin teng-kurashlarga boy bo‘ldi. Futbolchilar maksimal darajada harakat qilishga intilishdi.
OKMK jamoasini ikkinchi o‘rinni qo‘lga kiritganlari bilan tabriklab qolaman. Biz esa pley-offga qolib ketmaganimizdan mamnunmiz. Futbolchilarimga mavsum uchun minnatdorchilik bildiraman. Yil davomida yaxshi g‘alabalarga erishdik. Menimcha, mavsumni yomon o‘tkazmadik, deb o‘ylayman.
Turnir jadvalining tepa va past qismida jiddiy kurashlar bo‘ldi. Uzoqdan kelgan barcha muxlislarga minnatdorchilik bildiraman. Afsuski, bu mavsum o‘z maydonimizda harakat qila olmadik. Umid qilamanki, kelasi mavsum o‘z maydonimizga qaytamiz. Biz uchun chempionat qiyin o‘tdi. Nega qiyin? Chunki biz mashg‘ulotni boshqa stadionda, o‘yinlarni esa boshqa maydonda o‘tkazdik. Shuningdek, biz doim safarda o‘ynashga majbur bo‘ldik", - deydi Saidov.
Fikrlar