
Indoneziyadagi legionerimiz qachon maydonga qaytadi?
Asta-sekin milliy birinchiliklarda futbol o‘yinlari boshlanyapti. Bu borada o‘zimizning chempionatga ham ruxsat berilganini yaxshi bilasiz. Lekin hali ham futbolni ta’qiqlab qo‘ygan mamlakatlar bisyor. Biz esa legionerlarimiz to‘p surayotgan chempionatlarga ko‘proq e’tibor qaratamiz.
Masalan, Indoneziya chempionatida “Borneo” klubi safida to‘p surayotgan o‘zbekistonlik futbolchi Javlon Guseynov hozir qanday holatda?
Ma’lumki, u erda ham xuddi bizdagi kabi yangi mavsum boshlanib, dastlabki uchta tur bahslari ham o‘tkazilgan. Unga ko‘ra Guseynovning jamoasi olti ochko jamg‘arib, uchinchi o‘rinda borayotgandi. Keyin esa karantin tufayli chempionat to‘xtatib qo‘yildi. U erda haligacha futbolga ruxsat berilgani yo‘q. Hamyurtimiz bilan aloqaga chiqqanimizda chempionat qachondan boshlanishini aytdi.
- Indoneziyada chempionat sentyabr oyiga qoldirildi va kelasi yilning apreligacha davom etar ekan. Shunday qilib, u erda ham chempionat kuz-bahor tizimiga o‘tadigan ko‘rinadi.
Ayni paytda ham Indoneziyada karantin sababli ta’tildamiz. Bizdagi kabi u erda ham uch oydan beri futbol o‘yinlari o‘tkazilayotgani yo‘q. Qachon boshlanarkin, deya sabr qilib o‘tiribmiz.
Shu bois hozircha jamoaviy mashg‘ulotlarga ruxsat berilmadi. Balki iyul oyining oxirida boshlashimiz mumkin. Hozirda esa faqat jamoamizdagi legionerlar bilan yugurib turibmiz, - deydi Guseynov Sports.uz saytiga.
Fikrlar