"Hozir men hech qanday sovrinlar haqida o‘ylamayman" yoxud Islom Ahmedov yangi klub boshqaruvida!

  • 19 mart, 10:49
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

O‘zbekistonlik tajribali mutaxassis Islom Ahmedov yangi mavsumda ham Qirg‘izistondagi faoliyatini davom ettirmoqda.

Tecno

Ma’lumki, u so‘nggi ikki yil davomida “Abdish Ata”da muvaffaqiyatli ishlab, jamoani chempionlikka olib chiqa oldi. O‘tgan yili mavsum yakunlangach, tomonlar do‘stona ravishda xayrlashishgandi.

Qirg‘izistonda yangi tashkil etilgan “Aziyagol” jamoasi Ahmedovni bosh murabbiylikka taklif qildi. Natijada hamyurtimiz ushbu klub bosh murabbiyi sifatida yana Qirg‘iziston chempionatida qolishga qaror qildi.  

- Islom aka, "Abdish Ata" klubini tark etganingizdan keyin siz yana Qirg‘izistonda qoldingiz va "Aziyagol" klubi bosh murabbiyi etib tayinlandingiz. Dastlab shu haqida to‘xtalib o‘tsangiz.

- Meni “Aziyagol” jamoasiga rasman bosh murabbiy sifatida 2 mart kuni tayinlashdi. Bungacha ikki oy davomida barcha tashkiliy masalalar bo‘yicha maslahatlashuvlar o‘tkazildi. Yangi klub yaratish hech qachon oson emas. Ayni damda hammasi yaxshilanmoqda. Barcha yosh toifalarida KPFLda ishtirok etuvchi jamoalar bor. Asosiy jamoa tuzilgan va dastlabki ikki turni o‘tkazdik. Oldinda juda ko‘p ishlar turibdi. 

- "Abdish Ata"da sovrinlar yutdingiz. "Aziyagol"da ham sizdan yana sovrinlar kutishyaptimi? Klub bunga har tomonlama tayyormi?

- Hozir eng muhimi, kelajakdagi g‘alabalar uchun poydevor qo‘yish. Bu zamonaviy futbol talablariga javob beradigan zaxirani tayyorlash. Asosiy jamoa eng zamonaviy usullardan foydalangan holda ishlaydi. Futbolchilar va butun jamoaning o‘yinida katta o‘zgarishlarni ko‘rib turibman. Hozir men hech qanday sovrinlar haqida o‘ylamayman. Hamma narsaning o‘z vaqti bor.   

- Sizga yana qanday takliflar bor edi? Qirg‘izistonda qolishingiz siz uchun hammasidan qulaymidi?

- 10 dekabr kuni mening iste’foim e’lon qilindi. O‘sha paytda Qirg‘izistondagi va O‘zbekistondagi barcha jiddiy klublar o‘zlariga murabbiylar tayinlagan edilar. Ayni paytda qo‘limdan kelganini qilyapman va o‘zim yaxshi bilgan narsani bajaryapman. Men jamoa tuzyapman va futbolchilarimni yaxshilayapman.

- 20 mart kuni Qirg‘iziston Toshkentda O‘zbekiston terma jamoasiga qarshi o‘ynaydi. O‘yin oldidan nima deya olasiz?

- Bir narsani aytishim mumkinki, bu juda qiziqarli o‘yin bo‘ladi. Hamma katta futbolni sog‘inadi. Muxlislar ham, futbolchilar ham. Bishkekdagi birinchi o‘yin barchamizning yodimizda. Juda ajoyib o‘yin bo‘ldi. Ishonamanki, Toshkentda ham xuddi shunday qiziqarli o‘yin bo‘ladi.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!