
FIFA legionerimiz foydasiga qaror chiqardi. Aslida nima bo‘lgandi?
Xabaringiz bo‘lsa, oxirgi paytlarda bir qator futbolchilarimiz chetda to‘p surish uchun legioner maqomiga aylanishyapti. Xorijdagi faoliyati davomida kimnidir ishi o‘xshayapti, yana kimdadir turli muammolar yuz berayotgani ham bor gap.
Futbol muxlislariga yaxshi tanish bo‘lgan o‘yinchilardan biri – bu Abdurahmon Abdulahakov. 1996 yilning 10 oktyabr sanasida tavallud topgan. U bunga qadar “Neftchi”, “Andijon”, “Turon”, “Metallurg”, “Mash’al” va “Yangier” kabi klublarimiz sharafini himoya qilgan. O‘tgan yilning aprel oyida “Yangier”dan Qirg‘izistonning “OshMu-Aldier” jamoasiga ko‘chib o‘tadi. Keyin esa 2023 yilning oktyabr oyida futbolchimiz Bangladeshning “Sheyx Russel” klubidan tushgan taklifni qabul qilgan holda mazkur jamoa bilan shartnoma imzoladi.
Aynan Bangladesh klubiga o‘tishi haqida yanada aniqroq to‘xtaladigan bo‘lsak, Abdurahmon Abdulhakov “Bunyodkor” bosh direktori o‘rinbosari Zokirjon Xolikovning argentinalik agent tanishi yordamida Bangladesh premer ligasi klubi “Sheikh Russel Krira Chakra Limited” bilan 2023 yil 1 oktyabrdan 2024 yil 25 iyulgacha mo‘ljallangan shartnoma tuzdi. Lekin keyinchalik kutilmagan holatlar yuz berdi.
Gap shundaki, 2023 yil noyabr oyida Bangladesh klubida bosh murabbiy almashdi va Abdurahmon Abdulhakov bilan shartnoma sababsiz ravishda klub tomonidan bir tomonlama bekor qilindi hamda futbolchimizni O‘zbekistonga yuborishdi. Ammo vaziyat shundayligicha qolib ketgani yo‘q.
Bizga ma’lum bo‘lishicha, Zokirjon Xoliqov maslahati bilan mahalliy sport yuristi yordamida ish 2023 yil dekabr oyida FIFAga oshirildi. Joriy yilning 8 aprel kuni FIFA Bangladesh klubidan Abdulhakov foydasiga deyarli 30 ming AQSh dollari undirish to‘g‘risida qaror chiqardi hamda Abdurahmonga transfer oynasi yopilganiga qaramasdan klublar bilan istisno ravishda shartnoma imzolashiga ruxsat berdi.
Ko‘rib turganingizdek, FIFA hamyurtimiz foydasiga odilona qaror chiqardi. Albatta, bunda huquqiy jihatdan yaxshi bilimga ega bo‘lgan mutaxassislarning yordami ham asqotdi. Endi Abdurahmon Abdulhakov faoliyatini boshqa klubda davom ettirish imkoniga ega. Yuqorida to‘xtalganimizdek, FIFA bu borada futbolchimizga boshqa klub bilan shartnoma imzolash uchun ruxsat bergan. Voqealar rivojini esa kuzatishda davom etamiz.
Shuhratbek Jo‘raev.
Fikrlar