
Chempionlik yo‘lakchasi, Kubok ilk bor "Bobur arena"da yoxud "Andijon" nihoyat uddaladi
O‘zbekiston Kubogini qo‘lga kiritganidan beri “Andijon”ning o‘z maydonidagi ilk o‘yini “Olimpik” jamoasiga qarshi kechdi. Uchrashuvdan avval “Bobur arena”da O‘zbekiston Kubogi jamoa sardori Ildar Mamatkazin tomonidan yana bir muxlislarga namoyish etildi va futbolchilar Kubok bilan rasmga tushishdi. E’tiborlisi, o‘tgan safar “Metallurg” klubi kabi “Olimpik” futbolchilari ham o‘yindan avval “Andijon” a’zolari uchun chempionlik yo‘lakchasini tashkil qildilar.
Doimgidek, “Andijon” fan-klubi ham uchrashuvga o‘zgacha tayyorlandi. Bu safar ham yangi performans ko‘tarildi va unda “Uzavto rahmat” yozuvi aks etgandi. Bu klub bosh homiysiga minnatdorchilik ifodasi edi.
“Andijon” jamoasi uchrashuvni hujumkor ruhda boshladi. “Olimpik” tarkibi asosan yoshlardan tashkil topgani sababli ular bosimsiz va erkin o‘ynashlari tabiiy edi. Lekin “Andijon” chempionatning ikkinchi davrasida hali g‘alaba qozonmagani sababli “Burgutlar”ga uch ochko nihoyatda zarur edi. Shuning uchun jamoa o‘z omadini raqib jarima maydonidan izlagan holda ko‘plab golli imkoniyatlarni hosil qildilar. Birinchi bo‘lim o‘rtalarida “Andijon” safida majburiy o‘zgarish kuzatildi. Levan Arveladze jarohat olgani sababli o‘rniga Damir Temirov tushirildi. Ushbu futbolchi ham o‘yinga yaxshi qo‘shilib ketdi.
Mazkur uchrashuv taqdirini birgina gol hal qildi. Ikkinchi bo‘limning 77-daqiqasida zaxiradan maydonga tushirilgan himoyachi Abdurahmon Komilov 85-daqiqada “Bobur arena”nin larzaga keltirdi. Vladimir Bubanyaning boshi bilan yo‘llagan zarbasini darvozabon qaytargach, Komilov qaytgan to‘pni boshi bilan darvozaga joylab qo‘ydi.
“Andijon” golgacha ham hujumlar yomg‘irini yog‘dirib tashladi va “Olimpik” darvozasi oldida qator xavfli vaziyatlarni sodir etib, golga juda yaqin kelgandi. Yakunda mehnatiga yarasha hujumlardan biri gol bilan yakunlandi. Bu esa “Andijon”ga ikkinchi davradagi ilk g‘alabani taqdim etdi.
“Andijon” – “Olimpik” – 1:0 (0:0).
26 oktyabr. Andijon. “Bobur arena” stadioni. 8411 tomoshabin.
Hakamlar: Olim To‘ychiboev, Shoxruh Maqsudov, Adxam Rixsiboev
Zaxira hakami: Isroil Imomnazarov
VAR: Davron Akmalov
AVAR: Rishat Nugmonov
Nazoratchi: Rustam Bobomurodov
Komissar: Vladimir Nazarov
“Andijon”: Eldor Adhamov, Ildar Mamatkazin, Vladimir Bubanya, Abdulvohid G‘ulomov, Sardor Azimov (Abdurahmon Komilov, 77), Ilhom Abdug‘aniev (Ilhom Alijonov, 69), Levan Arveladze (Damir Temirov, 21), Bektemir Abdumannonov, Muhammadkarim Toirov, Farhod Sohibjonov (Shaxrom Samiev, 46), Rustam Turdimurodov.
“Olimpik”: Edem Nemanov, Maqsudxo‘ja A’loxo‘jaev (Abdulaziz Abdusalomov, 87), Nodirbek Abduxalikov, Farruh Muxtorov (Jaloliddin Sodiqov, 87), Muhammadbobur Mo‘ydinov, Ulug‘bek Sharipov, Akbar Abdirasulov, Ahmadjon Anvarov, Muhammadaziz Ibrohimov (Rian Islomov, 60), Sunnatilla Abdullajonov (Muhsin Bozorov, 71), Anvar Alijonov (Akbar O‘ktamov, 60).
Gol: Abdurahmon Komilov, 85 – 1:0.
Ogohlantirish: Ahmadjon Anvarov, 58.
Fikrlar