
“Chelsi” zo‘r hujumchi uchun "dahshatli summa" taklif qildi
“Chelsi” rahbariyati “Milan” hujumchisi Rafael Leauni olishga jiddiy e’tibor qaratmoqda. Bosh murabbiy Tomas Tuxel o‘tgan mavsumda o‘zini ko‘rsata olmagan Romelu Lukaku va Timo Verner ketganidan keyin ularning o‘rniga asosiy hujumchi qidirmoqda.
Gazzetta dello Sport nashrining xabar berishicha, “aristokratlar” Leauni olish uchun taklifni 120 million evrogacha ko‘tardi.
Mutaxassislar buni “ahmoqona taklif” sifatida baholamoqda. Chunki “Chelsi” o‘z tarixida hech qachon bir futbolchi uchun bunaqa summa sarflamagan. Qolaversa, o‘tgan mavsum rekord transfer sohibi – 113 million evroga olingan Lukaku ham aytarli foyda keltirmadi.
“Milan” mo‘may daromad ishlab olish imkoniyatidan foydalanmoqchi emas. Jamoa bosh murabbiyi Stefano Pioli o‘zi uchun muhim bo‘lgan to‘purarni sotib yuborishga ruxsat bermayapti.
Leauni qo‘lga kiritishning yagona imkoniyati sifatida uning shartnomasida ko‘rsatilgan 150 million evrolik badal pulini to‘lash aytilmoqda.
Fikrlar