
"Bu erdagi maoshimni o‘zimizda qilib berishsa qaytishga rozi bo‘laman". O‘z klubining sardoriga aylangan legionerimiz haqida
O‘zbekistonlik futbolchilar orasida turli mamlakatlarda to‘p surayotgan legionerlarimiz bor. Ularni yoritish orqali muxlislar yanada to‘liqroq ma’lumotlarga ega bo‘lib boradilar.
Bir necha yildan beri Indoneziya chempionatida faoliyat ko‘rsatayotgan Javlon Guseynovni unutmadingizmi? U shu kungacha faqat bir klubda – “Borneo”da to‘p surib kelmoqda. O‘zidan yaxshi taassurot qoldirayotgani sababli jamoa sardoriga aylangan.
Xo‘sh, ancha tajriba to‘plagan himoyachi chempionatimizga qaytadimi yoki yana qolmoqchimi? Guseynov Sports.uz uchun o‘z qarashlarini aytdi.
“Oilaviy masalada albatta yurtimga qaytish niyatim bor”
- O‘zbekistonga qaytish fursati deganda avvalo shuni aytishim kerakki, birinchi navbatda ota-onamning oldiga qaytish niyatim bor. Ammo Alloh rizqimizni qaerga sochgan bo‘lsa, o‘sha erda teramiz. O‘zbekistonda salkam 4 yildan beri o‘ynamayotganim sababli u erdagi murabbiylar va futbolchilar mening hozirgi holatimni bilishmaydi. Taklif bo‘lishi qiyin masala demayman-u, biroq hozircha menga O‘zbekistondan takliflar yo‘q. O‘tgan yili faqat “Surxon”dan bor edi. Agarda Indoneziyani o‘zidan qiziqarli taklif bo‘lsa, shu erda qolaman. Lekin oilaviy masalada albatta yurtimga qaytish niyatim bor.
“Indoneziyada salbiylikdan ijobiylik tarafidan ko‘p narsaga erishdim”
- Indoneziyaga kelib ko‘plab tanishlar orttirdim. Har xil millat egalari, mansabidan qat’iy nazar u agent, murabbiy yoki boshqa kasb egasi bo‘ladimi, farqi yo‘q, 4 yil ichida ancha-muncha tanishlarim ko‘paydi. Moliyaviy barqarorlikka qisman ega bo‘ldim. Sport tomonlama aytadigan bo‘lsam, hali chempionlik yoki Kubok egasiga aylanmadim, finalda yutqazib qo‘ydik. Hali nasib qilmagan ekan. Bu yil chempionlikka harakat qilib ko‘ramiz. Indoneziyadagi 3-4 yillik faoliyatim mobaynida salbiydan ko‘ra ijobiylik tarafidan ko‘p narsaga erishdim. Qolaversa, bu erga kelib dunyoqarashim ham kengaydi. Buni ham plyus jihatlardan biri deb bilaman. O‘zga yurtga kelib, boshqa millat vakillari bilan suhbatlashganingizda dunyoqarashingiz ham kengayadi.
“Superligada jamoalar o‘rtasidagi raqobat o‘sgan”
- Albatta, Superligamizni ko‘rishga harakat qilaman. Balki barcha uchrashuvlarni kuzatishga imkon bo‘lmayotgandir. Chunki vaqt tafovuti bor. Lekin ko‘rayotgan o‘yinlarimdan xulosa qilsam, jamoalar o‘rtasida raqobat o‘sgan. Biroq raqobat o‘sishi bilan ko‘p jamoalar kuchaydi, deb ayta olmayman. Aksincha, ayrim lider klublarni o‘yinida pasayish bo‘lgani tufayli o‘rtamiyona klublar raqobatni endi his qilyapti, degan fikrdaman. Ammo yuqori uchtalikdagi raqobatni ko‘radigan bo‘lsak, oxirgi 5 yillik ichida taqqoslasak albatta quvontiradi. Ilgari bir necha tur oldin kim chempion bo‘lishi va kim pro ligaga tushib ketishi aniq bo‘lib ulgurardi. 2 oktyabr kuni “Paxtakor” bilan “Nasaf” o‘ynaydi, ko‘ramiz. Final oldidan final. Lekin PFL o‘z oldiga qo‘ygan maqsadlariga erishishining tilakdoshiman.
“Boshqa davlatlardan takliflar bor”
- Ayni damda boshqa davlatlardan takliflar bor. Ammo hozircha u erlarga borish niyatim yo‘q. “Borneo”da yana faoliyatimni davom ettiradigan bo‘lsam, albatta shu erda qolaman. Indoneziyani boshqa jamoalaridan takliflar bo‘lsa, birinchi bo‘lib shularni ko‘rib chiqaman. Alloh nasib qilgani bo‘ladi.
“Hozirgi holatim meni to‘liq qanoatlantiryapti”
- Maoshlar har xil. Aniq summani ko‘rsatish qiyin. Terma jamoa o‘yinchisi bo‘lsa ko‘proq maosh oladi. Keyin yana har xil kriteriyalari bor. Hujumchilar, hujum ortida o‘ynaydiganlar, yarim himoyachilar...Hujumchilar bilan yarim himoyachi yoki himoyachilarni taqqoslaganda hujumchilar ko‘proq maosh oladi. Meni oyligimga kelsak, agar bu erda olayotgan maoshimni O‘zbekistonda qilib berishganida albatta o‘zimizda o‘ynardim. Nima demoqchi bo‘lganimni tushungandirsiz. 5-10 so‘m farq qiladigan bo‘lsa ham O‘zbekistonda o‘ynashga rozi bo‘laman. Lekin hozirgi holatim meni to‘liq qanoatlantiryapti. Agar maoshlarga aniqlik kiritadigan bo‘lsam, 5 mingdan 35 ming dollargacha tafovut bor. Bu legionerlarning darajasiga bog‘liq.
"Muxlislarning mehrini qozondim, deb o‘ylayman"
- Indoneziyada legionerlarni almashtirishini ko‘rgan inson sifatida aytishim mumkin, 4 yilga yaqin bitta jamoada to‘p surish – bu katta natija. Bunga qanday erishdim? Albatta, o‘yinim orqali. Mas’uliyatni to‘liq his qilib to‘p suryapman. Shuning uchun ham shartnomani cho‘zib kelyapmiz va muxlislarning mehrini qozondim, deb o‘ylayman.
Fikrlar