"Bu erda ko‘proq qolmoqchiman, puli ko‘p klub" - yana bir hamyurtimiz legionerga aylandi

  • 17 avgust, 2023, 10:35
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 1
  • Futbol
CHERY AUTO

Bungacha “Qo‘qon-1912”da faoliyat ko‘rsatib kelayotgan yarim himoyachi Muhammad Isaev yaqinda u erdan ketgandi. Futbolchi endi legioner sifatida chetda to‘p suradigan bo‘ldi.

Tecno

Gap shundaki, Isaevga agentlar Indoneziyadan variant borligini aytib qoldilar va bu futbolchini qiziqtirib qo‘ydi. Shu bois Isaev o‘z omadini chetda sinab ko‘rishga qaror qildi.

U Indoneziya birinchi divizion qatnashchisi – “Malut Yunayted” bilan kelishuvga erishdi. Hammasi hal bo‘lganidan keyin Muhammad Isaev Sports.uz saytiga u erga ketish tafsilotlari to‘g‘risida gapirdi.

Indoneziyaga qanday borib qoldi?

- “Qo‘qon-1912”da o‘ynab yurganimda variantlar bor edi. Yana yangi variantlar chiqib qoldi. Indoneziyadan tushgan taklif yaxshiroq edi. Yaqinda 30 ga kiraman, endi boshqa narsani o‘ylaydigan holatda emasmiz. Nasib qilsa, bu erda ko‘proq o‘ynab, keyin qaytmoqchiman. Indoneziyada Javlon aka Guseynov o‘ynayapti, zerikib qoldi shekilli shuning uchun keldim (kuladi). Xullas, rizqimiz shu erda ekan. Rosti, biz top darajadagi futbolchilar emasmiz. Undaylar boshqa kuchli chempionatlarda to‘p surishyapti. Bizga nasib qilgani shu erlar ekan. Mayli, bu ham kimgadir nasib qildi, kimgadir yo‘q. Xudoga shukr, nolish yo‘q. Ancha yaxshi sharoitlar yaratib berishgan. Maqsadi bor jamoa. Indoneziyada Superligasi Liga 1, pro ligasi Liga 2 deyiladi. Chempionati yomon emas ekan. Odamlari futbolni rosa yaxshi ko‘rishadi. Eng asosiysi, sharoit yaxshi, pullari bor. Biz bundan boshqasini o‘ylaydigan yoshda emasmiz. Oilani o‘ylash kerak, bola-chaqaga sharoit yaratishimiz muhim.

isaev2

Guseynov bilan maslahatlashganmidi?

- Bo‘lmasam-chi! Albatta, Javlon aka Guseynov bilan maslahatlashdim, keyin shartnomaga qo‘l qo‘ydim. Bizning klubda Guseynovni tanish do‘stlari o‘ynar ekan. Ularga aytib qo‘ygan, yangi jamoaga ko‘nikishimda menga yordam berib turishibdi. Yaxshi yigitlar ekan. Meni zo‘r qabul qilishdi. Men o‘ynaydigan “Malut Yunayted” - bu orolning jamoasi, yangi ochilgan. O‘z oldiga Liga 1 ga chiqish vazifasini qo‘ygan. Puli ko‘p klub. O‘zi uchun alohida stadion quryapti. Jamoamizdagi ko‘p o‘yinchilar Liga 1 da to‘p surgan futbolchilar.

Indoneziyada yana hamyurtlarimiz bormi?

- Indonezyaida o‘zbekistonliklar oldin kam edi. Bungacha asosan Guseynov faoliyat olib borayotgandi. Hozirda Azamat Abdullaev bilan Ahror Umarxonov ham kelishgan. Ulardan keyin men keldim. Yana bir-ikkita futbolchi kelib qolishi kerak. Hali O‘zbekistonda Indoneziya chempionati haqida to‘liq bilishmaydi. Bu erning aholisi anchagina va futbolning ham muxlislari shunga yarasha ko‘p.

isaev5

Mahalliy sharoiti

- Indoneziyada orollar bisyor ekan, bunchalik deb o‘ylamagandim. Faqat mahalliy taomlariga hali unchalik moslasha olmadim. Chunki ular asosan achchiq taomlar iste’mol qilisharkan. Shuning uchun hozircha fast-fud taomlardan eb yuribmiz.

Shartnoma qancha muddatga tuzildi?

- Shartnomam hozircha bir yilga mo‘ljallangan. Bu erdagi agent bilan esa ikki yilga shartnoma tuzganman. Xudo xohlasa, birinchi davradan keyin yoki mavsumdan so‘ng Liga 1 chempionatiga o‘tib olish niyatim yo‘q emas.

isaev

O‘zbekistondan takliflar yo‘qmidi?

- O‘zimizdan asosan pro liga klublaridan chorlovlar bo‘ldi. Har bir murabbiyni taktikasi va strategiyasi bor. Lekin Indoneziya varianti menga ancha ma’qul tushdi. Puli ham vaqtida to‘lanadi. Menga hammasi ishonch bildirishyapti. Shuning uchun rizqimni va baxtimni shu erdan qidirib keldim. Bu erdagi mukofot pullari bizdagichalik emas. Lekin oylik maoshlari yaxshi.

Shuhratbek Jo‘raev.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
Pardayev Shavkat
17/08/2023 15:01
Омадингни берсин, оллоҳим.