
Bosh murabbiy Fayzullaev nechta gol urishini aytdi
O‘zbekiston milliy terma jamoasi hujumkor futbolchisi Abbosbek Fayzullaev o‘ynayotgan TsSKA 2025 yilda ijobiy natijalarni qayd eta boshladi.
Rossiya Premer-ligasining 22-turida “armiyachilar” o‘z maydonida Mahachqal’aning “Dinamo” jamoasini qabul qilib, 2:0 hisobida zafar quchdi.
Abbosbek Fayzullaev FIFA kunlarida Qirg‘iziston va Eron terma jamoalariga qarshi o‘tkazilgan uchrashuvlarda faol qatnashganiga qaramay, TsSKA safiga qo‘shilganidan keyin Premer-liga o‘yinida ham boshlang‘ich tarkibdan joy oldi.
TsSKA yangi yilning ilk uchrashuvida Rossiyaning keyingi yillardagi eng qudratli klubi – “Zenit” maydonidan durang bilan qaytganidan keyin, Premer-liga doirasida ketma-ket uchta uchrashuvda g‘alaba qozondi.
Bellashuvdan keyin “armiyachilar”ga ustozlik qilayotgan serbiyalik mutaxassis Marko Nikolich uchrashuv haqida fikr bildirib, Abbosbek Fayzullaevning o‘yinini ham baholadi.
- Futbolchilarga ofarin, darvozamiz daxlsizligini saqlagan qolgan muhim g‘alabaga erishdik. Munosib tarzda zafar quchdik, yuzta vaziyat yaratdik, o‘yin juda tomoshabop bo‘ldi. Birinchi navbatda, Tamerlan Musaev va Abbosbek Fayzullaevning darvozabon bilan birga bir chiqqan 100 foizli vaziyatlarini nazarda tutyapman.
Standart vaziyatlar ish berdi, o‘yin oldidan bunga alohida tayyorgarlik ko‘rgandik. O‘yindan qoniqdim, futbolchilarning individual harakatlarini nazariy mashg‘ulotlarda muhokama qilamiz. Ayniqsa, Fayzullaev va Miralem Pyanichning o‘yinidan qoniqdim.
Abbosbek o‘sishda davom etmoqda. Men uning juda katta salohiyatga ega ekanini ko‘rib turibman. Abbosni tanqid qilayotganlarning fikriga umuman qo‘shilmayman. Fayzullaev juda katta hajmdagi ishlarni uddalayapti, biroq hujumlarni samarali yakunlashni yaxshilashi talab etiladi. Bunga erishgan taqdirda o‘nta gol urib, o‘nta assist qayd etadigan darajaga chiqadi va uni hech kim ushlab qola olmaydi.
Fayzullaev yangi o‘yin sxemasiga to‘liq moslashib bo‘ldi. Eslatib o‘taman, uning ro‘za tutib o‘ynaganini ham unutmang. Jamoamizda olti nafar musulmon futbolchi bor. Shularni hammasini inobatga olib, Abbosbekning harakatlari tahsinga loyiq.
Chempionlik uchun kurashishni istayotganimni aytganman. Biroq bu masalaga biroz kamtarona yondashamiz. O‘yindan o‘yinga maqsad sari intilamiz.
Hozir bizda bu jarayon ijobiy ketyapti, lekin keyingi har bir o‘yin finalga teng. Oldinga intilishda davom etishimiz zarur, chunki beshinchi o‘rin bizni qoniqtirmaydi, - dedi Marko Nikolich.
2023 yilning yozidan beri TsSKA sharafini himoya qilib kelayotgan 21 yoshli Abbosbek Fayzullaev joriy mavsum klublar miqyosidagi barcha turnirlarda 28 marotaba maydonga tushib, o‘z hisobiga uchta gol va ettita assist rasmiylashtirib qo‘ydi.
Tezkor: O‘runovni Evropadagi mashhur klub olmoqchi
Raneri o‘yinni o‘zgartirgan Shomurodov haqida nima dedi?
Gol urishiga bir bahya qolgan Shomurodovning o‘yini qanday baholandi?
Fikrlar