
Birinchi davrada hammadan ko‘p gol urgan futbolchi yoxud Abdunabievdan Xebaygacha!
29 iyun kuni Toshkentda “Paxtakor”ga qarshi Superliganing qoldirilgan 8-turida maydonga tushgan "Andijon" 1:1 hisobida durang o‘ynadi va shundan so‘ng qisqa tanaffusga chiqishgani haqida xabar bergandik. Chunki o‘sha uchrashuvdan keyin “Andijon” uchun birinchi davra yakunlandi.
Endilikda muxlislarni qiziqtiradigan ayrim statistik ma’lumotlar bilan o‘rtoqlashish uchun qulay fursat paydo bo‘ldi. Bugun birinchi davrada andijonliklar safida kimlar gol urganiga to‘xtalmoqchimiz.
Hammaga yaxshi ma’lumki, “Andijon” safida porlayotgan albaniyalik hujumchi Rubin Xebay o‘z o‘yini va gollari bilan Superligani “yondiryapti”. U Superligada 9 ta gol urib “Paxtakor” hujumchisi Dragan Cheran bilan birgalikda to‘purarlar bahsida peshqadamlik qilyapti.
Shuni alohida ta’kidlamoqchimizki, Superligada birinchi davradan keyin eng ko‘p gol urgan futbolchi aynan Rubin Xebay! Chempionat va Kubok doirasida hammasi bo‘lib raqiblar darvozasini 11 marta ishg‘ol qildi, Superligadagi futbolchilardan hali hech kim Xebaychalik ko‘p gol urgani yo‘q. Demak, bu borada Rubin mutlaq tengsiz! U ketma-ket 8 ta o‘yindan beri gol urib kelyapti. Qo‘shimchasiga yana 2 ta assisti ham bor.
Endi “Andijon” safida birinchi davradagi gol mualliflariga to‘xtaladigan bo‘lsak, yodingizda bo‘lsa, ilk golni yarim himoyachi Sardor Abdunabiev 1-turda Qarshida “Nasaf” darvozasiga kiritgan va uning super goli mart oyining eng chiroylisi deb tan olingan. Xullas, Abdunabiev boshlab bergan gollar seriyasini “Paxtakor” bilan bahsda Xebay tugatib berdi.
“Burgutlar” ortda qolgan mavsumning birinchi yarmida 21 ta gol urishdi. Shundan 15 tasi chempionat va qolgan 6 tasi Kubok uchrashuvida kiritildi (“Olimpiya”ga 6 ta gol urilgan). Yuqorida ta’kidlaganimizdek, Xebayning hisobida 11 ta gol bor. Qolgan 10 ta gol 8 ta futbolchi hisobiga yozilgan. Ilhom Alijonov va Suhrob Berdievda 2 martadan gol urishgan. Abdunabiev, Mamatkazin, Arveladze, Farhodov, Sohibjonov va Azimov 1 tadan golga mualliflik qilishdi.
Xullas, birinchi davrada “Andijon”ning gol urish borasidagi samaradorligi ijobiy tus olgan. Har holda birinchi davrada jamoa 13 ta o‘yinda raqiblar darvozasiga 15 ta gol urdi.
Birinchi davrada gol urgan futbolchilar:
11 – Rubin Xebay
2 - Ilhom Alijonov
2 – Suhrob Berdiev
1 - Sardor Abdunabiev
1 - Ildar Mamatkazin
1 - Levan Avreladze
1 – Bobur Farhodov
1 – Farhod Sohibjonov
1 – Sardor Azimov
Fikrlar