
Babayan: Bu men uchun yangilik emas
O‘zbekiston Superligasi 20-turidan o‘rin olgan "Bunyodkor" - "Navbahor" uchrashuvi nihoyasiga etdi. Unda mezbonlar 2:1 hisobida g‘alaba qozondi.
"Qaldirg‘ochlar" safida gollarga Ismonaliev va Xakimov (penalti) mualliflik qildi. Mehmonlarning goli Yaxshiboev nomiga qayd etildi.
Bellashuvdan so‘ng har ikkala jamoa bosh murabbiylari ishtirokida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Quyida "lochinlar" ustozi Samvel Babayanning fikrlari bilan tanishib chiqing:
- Afsuski, bugun mag‘lub bo‘ldik. Qo‘pol xatolarga yo‘l qo‘ydik. Bizdagi asosiy muammo yaratgan imkoniyatlarimizdan foydalana olmaganimiz. Futbolda gol urmasang, yutish qiyin. Nima qoldi? 6 ta o‘yinimiz qoldi. Ushbu uchrashuvlarga kuchli tayyorgarlik ko‘rishimiz kerak.
- Birinchi taymning o‘zida 3 ta o‘zgarish qildingiz. Shundan so‘ng ustunlik "Navbahor" tomoniga o‘tdi. Tarkib tanlashda xato qildim, deb o‘ylaysizmi?
- Yo‘q, xato qilmadim. Sababi, ularning uchalasi ham jarohat oldi. Men ochiqchasiga tavakkal qildim. Bu 3 nafar futbolchilarning hammasi asosiy tarkib o‘yinchilari. Asad Sobirjonov hatto oxirigacha o‘ynay olmadi. Chunki uning jarohati qaytalanib qoldi. Boltaboev va Marushich o‘yin so‘nggida qanday harakat qilganini men ko‘rdim. Nazdimda, muxlislar bunga e’tibor bermadi.
- Bosim haqida.
- Chindan ham menga katta vazifalar yuklatilgan. Bunaqa bosimda harakat qilish qiyin. Ayniqsa, Namanganda. Biz gol urish uchun ajoyib imkoniyatlar yaratdik. Biroq gol bo‘lmadi. Sababi, futbolchilarda qandaydir bosim bor. O‘zim haqimda gapirsam, bu holat men uchun yangilik emas.
- Mag‘lubiyatning asosiy sababi nimada? Kozak bilan Krimets o‘ynaydimi yoki yo‘q?
- Asosiy sabab - biz 2 ta xato qildik. Yana bir sabab bugun "Bunyodkor" futbolchilari yaxshi o‘yin o‘tkazdi. Krimets bilan Kozak jarohatda. Ularning bu mavsum o‘ynashi so‘roq ostida.
- Marushich asosan zaxiradan maydonga tushyapti. Bu uning o‘yinida pasayish yuz bergani uchunmi?
- O‘tgan o‘yin taktik qaror edi. Bugun unda jarohat bor edi. Men shunchaki tavakkal qildim. Marushich bizning asosiy hujumchimiz.
- Mavsum oxiriga yaqin "Navbahor"da jarohat olayotgan futbolchilar ko‘p bo‘lyapti. Rotatsiya qilmaganingiz tufayli shu hodisalar sodir bo‘lmayaptimi?
- Sun’iy rotatsiya kerak emas. Rotatsiya qilish uchun maydonga tushadigan futbolchining darajasi yuqori bo‘lishi lozim. Bugun "Navbahor"ning maqsadi g‘alaba edi. Shunchaki, rotatsiya degan nom uchun bu ishni qilish yoki o‘zini o‘zgarish qilayotgandek ko‘rsatish kerak emas. Biz etarlicha bu ishga qo‘l uramiz. Misol uchun, Sobirjonov birinchi davrada zaxira futbolchisi edi. Hozir u asosiy tarkibda harakat qilyapti.
Fikrlar