Ser Aleks Fergyuson avtobiografiyasi. Ettinchi bob

  • 3 aprel, 2017, 12:00
  • Isayev Bekzod
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

 

Tecno

Klubda o‘zgarishlar shamoli esardi, ammo hali fursat etib kelmagandi. 2003 yilning yozidan 2006 yilning may oyigacha bo‘lgan vaqt mening murabbiylik faoliyatimdagi trofeylarga eng kamchil davr bo‘ldi. Biz 2004 yili Angliya Kubogini, ikki yil o‘tgach Liga Kubogini qo‘lga kiritdik. Ammo Premer-ligada "Arsenal" va "Chelsi" etakchilikni qo‘ldan boy bermasdi.

Krishtianu Ronaldu va Ueyn Runi kuchga to‘lib, jamoamizning yadrosiga aylanishigacha biz uzoq va mashaqqatli yo‘lni bosib o‘tdik. Biz tarkibga mahoratli o‘yinchilarni jalb qilib ko‘rdik, lekin, afsuski, bu jamoani keraklicha kuchaytirmadi. Devid Bekxem "Real"ga ketdi, Veron "Chelsi"ga o‘tdi. Bartezni Tim Xovard almashtirdi, Kleberson, Erik Jemba-Jemba va David Bellonlar yangi o‘yinchilarimizga aylanishdi. Ronaldino ham ushbu ro‘yxatdan joy olishi mumkin edi, ammo uning transferi amalga oshmay qoldi.

O‘sha vaqtlarni yodga olarkanmiz, haqiqatga tik qaramoq lozim. Biz sinalgan o‘yinchilarni xarid qilish yo‘lini tanladik. Ular jamoamizda darhol o‘z o‘yinini topib ketishi ko‘zda tutilgandi. Misol uchun, 24 yoshli Kleberson Braziliya terma jamoasi tarkibida jahon chempioniga aylangandi. Veron jahon taniydigan nufuzli o‘yinchi edi. Jemba-Jemba Frantsiyada yuqori darajada to‘p surardi. Ushbu transferlarning aniq va osonligi meni tashvishga soldi. Men bu kabi xaridlarni xush ko‘rmayman, menga futbolchini qiyinchiliklar bilan qo‘lga kiritish yoqadi. Bu degani, ushbu o‘yinchi haqiqatdan ham sen uchun muhim ahamiyatga ega ekanligini anglatadi. O‘yinchini sotayotgan klub bunga ashaddiy tarzda qarshilik ko‘rsatishi menga ma’qul keladi. Biroq, biz sotib olgan futbolchilar engil o‘ljaga aylanishdi.

Menda shunday tuyg‘u paydo bo‘ldiki, xuddi biz mamlakatdagi har bir darvozabon bilan shartnoma imzolayotgandek. Birinchi misol - Mark Bosnich. Bosnichni sotib olishimiz shunga bog‘liq ediki, kuzda Peter Shmeyxel mavsum tugashi bilan jamoani tark etishi haqida e’lon qilgandi. Ushbu qaror bizni shoshirib qo‘ydi, darhol uning o‘rnini to‘ldirish shart edi.

Biz Bosnich bilan yanvar oyida uchrashdik. Uning maydon tashqarisidagi harakatlaridan xabarimiz bor edi. Men uning mashg‘ulotlarda qay tarzda ishlashini kuzatish uchun odamlarimizni jo‘natdim. U meni ishontirish uchun hech narsa qila olmadi. Shu bois o‘ylab ko‘rdim va Edvin van der Sarga e’tiborimni ko‘chirdim. Men uning agenti bilan gaplashdim. Keyin esa Martin Edvars yoniga bordim va undan kutilmaganda shu gapni eshitdim:

- Kechirasanu, Aleks, lekin men Bosnich bilan hammasini kelishib qo‘ydim.

Martin Bosnich bilan shartnoma to‘g‘risida kelishib qo‘ygan ekan. U endi fikridan qaytmasdi. Lekin bu omadsiz transfer edi. Bosnich muammoga aylandi. Uning mashg‘ulotlarda ishlashi va jismoniy formasi klub darajasiga to‘g‘ri kelmasdi. Shunga qaramasdan, biz uning rivojlanishi yo‘lida katta ko‘lamli ish bajardik. Va u Qit’alararo kubogida "Palmeras"ga qarshi ajoyib o‘yin ko‘rsatdi. O‘sha uchrashuvning eng yaxshi o‘yinchisi deb Giggzni emas, Bosnichni tan olish kerak edi.

Keyinchalik, fevral oyida, bizni "Uimbldon"ga qarshi uchrashuv kutib turardi. O‘sha payt Bosnich ovqatga ruju qo‘ygandi. U sendvich, sho‘rva, steyklarni to‘xtamasdan iste’mol qilardi. Menyudan hech voz kechmay, u ot singari ovqatlanardi.

Oxiri men boshqa toqat qilolmadim:

- O‘tinib so‘rayman, Mark, biz sening ortiqcha vazningni yo‘qotishimiz kerak. Nega sen hamma narsani eyaverasan?

- Men juda ochman, patron! - javob qaytardi u.

Biz endi Manchesterga qaytib kelganmiz, Mark shu zahotiyoq telefonda xitoy restoraniga buyurtma bermoqda.

- Senda "me’yor" degan tushuncha bormi o‘zi? - g‘azablanardim men. - Nima qilayotganingni o‘zing bilasanmi?

Lekin men uni o‘zgartira olmadim.

Peter Shmeyxeldan ajralish asoratsiz bo‘lmadi. U dunyodagi eng yaxshi darvozabon edi. Biz uning o‘rnini van der Sar  bilan to‘ldirishimiz zarur edi. Uning agenti menga dedi: "Shoshiling, chunki u "Yuventus" bilan muzokara o‘tkazmoqda". Lekin poezd ketib bo‘lgandi. Men Edvinning agentiga boshqa darvozabonni sotib olganimizni aytishga majbur bo‘ldim.

Men ham Edvinni, ham Bosnichni sotib olishimga to‘g‘ri kelardi. Biz Markdan tez orada ko‘nglimiz qoldi. Edvin esa Shmeyxelni o‘rnini egallardi, va u bizning safimizda toki men faoliyatimni yakunlagunimcha o‘ynagan bo‘lardi. Men Massimo, Taibi va Bartezlar uchun xarajat qilmasdim. Faben yaxshi darvozabon, lekin Frantsiyadagi muammolar uning diqqatini bir joyga to‘plashga xalal berdi.

Keyinchalik biz van der Sar Shmeyxeldan qolishmaydigan darvozabon ekanligiga amin bo‘ldik. Lekin ular orasida ma’lum bir farqlar mavjud edi. Shmeyxel ba’zida fantastik seyvlar amalga oshirardi. Mo‘jizali onlar! "Tovba, u qanday qilib buni uddaladi?" - hayron bo‘lardim men. Van der Sarga kelsak, men uning og‘ir-bosiqligi, xotirjamligi, yig‘noqligi va to‘p bilan ishlash qobilyatini aytib o‘tgan bo‘lardim. Bu darvozabon mahoratining boshqacha bebaho uslubi edi. Edvin atrofidagilarga ijobiy ta’sir ko‘rsatardi.

O‘z navbatida, "sevgi-nafrat" munosabatlari - bu Shmeyxelning Stiv Bryus va Gari Pallister bilan bo‘lgan muomalasi edi. U ko‘pincha darvozadan chiqib, bor ovozda Bryusga baqirardi. Bryus esa unga javoban aytardi:

- Joyinga qayt, yirik nemis pirogi!

Shmeyxel qattiq g‘azablanardi:

- Men nemis emasman!

Shunga qaramasdan, ular maydon tashqarisida bir-birlari bilan yaxshi munosabatda bo‘lishardi. Lekin o‘yinlarda Piter o‘ta qiziqqon edi.

Yechinish xonasida van der Sar jamoa o‘yini haqida keskin gapirishi mumkin edi. U kuchli, haqiqiy gollandcha ovoz sohibi edi. "Nimaga imillaysizlar?!" - baqirardi u jamoadoshlariga. Shmeyxel ham jamoaga baqirishi mumkin edi. Men oxirgi uch o‘n yillikning eng yaxshi ikkita darvozaboni bilan ishlaganman, deb o‘ylayman. Piter Shilton va Janluidji Buffon eng ulkan maqtovlarga loyiq, ammo men uchun Shmeyxel va van der Sar 1990-2010 yillarning eng yaxshi darvozabonlari.

Piter Shilton va Janluidji Buffon eng ulkan maqtovlarga loyiq, ammo men uchun Shmeyxel va van der Sar 1990-2010 yillarning eng yaxshi darvozabonlari.

Darvozabonning ishida anchagina ijodkorlik bo‘ladi. Ular uchun eng asosiysi - iroda. Golkiperlar nafaqat seyv qilishni, balkim o‘z xatolarini sezishni ham bilishlari kerak. "Manchester Yunayted" darvozabonida mustahkam xarakter bo‘lishi lozim. U qo‘pol xatolardan to‘g‘ri xulosa chiqara bilishi kerak. Shmeyxelni sotib olmasdan avval, men uni ko‘p kuzatdim. Darvozabonlar murabbiyi Alan Xodjkinson menga dedi:

- U juda ishonchli o‘yinchi. Uni olganimiz ma’qul.

Boshlanishida men ikkilandim, chet davlat golkiperlari Angliya futbolida o‘ynab ketarmikan, deb. Shmeyxelning ilk o‘yinlaridan biri "Uimbldon"ga qarshi kechdi. Raqib futbolchilari uni juda ko‘p ta’qib qildi va muntazam ravishta tirsaklari bilan qo‘pollik ishlatdi. Shmeyxel juda g‘azablanardi. U har safar "referi,referi", degan holda hakamdan yordam so‘rardi.

Men ushbu uchrashuvni kuzatar ekanman, uning jamoada o‘ynab ketishiga ko‘zim etmasdi. Referi bahsdagi to‘qnashuvlarni bartaraf etishga ulgurmasdi. Boshqa bir o‘yinda Peter uzoq burchakka oshirilgan to‘pga chiqib bordi, ammo ulgurmadi. Li Chapman uzatmani darvozamizga joylab qo‘ydi. Shmeyxel Angliya futboliga toki moslashib olgunicha xatolarga yo‘l qo‘ydi. Odamlar: "Bu qanaqa betartiblik darvozada", deb aytishardi. Biroq u juda bardoshli psixikaga ega edi. Peter to‘pni ajoyib tarzda o‘yinga kiritardi.

Van der Sar bizning himoyamizdagi ko‘plab o‘zgarishlarning guvohiga aylandi. Shmeyxel bo‘lsa o‘zgarmas to‘rtlik himoyachilari ortida darvozani qo‘riqladi. Parker, Bryus, Pallister, Irvin. Ular birorta ham o‘yin o‘tkazib yuborishmasdi. Van der Sar markaziy himoyachilarning turli xil birikmalariga va yangi qanot himoyachilariga ko‘nikishiga to‘g‘ri keldi. Bunday vaziyatlarda himoya qo‘rg‘onini yaxshi tashkil qilish borasida golland darvozabonining xizmatlari katta bo‘ldi.

O‘sha payt bizning ijrochi direktorimiz Piter Kenon transferlar uchun ma’sul ham edi. "Arsenal"ning frantsuz futbolchisi Patrik Vieyra biz qo‘lga kiritmoqchi bo‘lgan o‘yinchilardan biri edi. Men Piterdan "Arsenal" bilan bog‘lanib, Patrik to‘g‘risida surushtirib ko‘rishini so‘radim. U aloqaga chiqdim, deb aytdi. Kelasi kuni Devid Deyn ( "Arsenal" rahbari o‘rinbosari) bilan suhbatda men bu mavzuni ochdim, u esa menga hayron bo‘lib qaradi. Devid o‘zini gap nima haqida ketayotganini anglamagan kishi bo‘lib tutdi. Ulardan biri meni laqillatgan, men hamon bu kimligini bilmayman.

Agentlar tinmay qo‘ng‘iroq qilishardi. "Mening o‘yinchim "Manchester"da o‘ynashni orzu qiladi", deyishardi. Men bundan shubha qilmayman ham. Ular "Arsenal", "Real", "Bavariya" kabi boshqa mashhur jamoalarda to‘p surishni ham orzu qilishadi. O‘yinchilar katta klublarda o‘ynashni, ularning agentlari esa transferlardan katta daromad qilishni orzu qilishadi. Aynan o‘shanda bizning e’tiborimiz Veronga qaratildi.

Jamoa o‘zgarib borardi. Murabbiy uchun klubda o‘zgarishlar bo‘layotganini tan olish har doim ham oson emas. Birinchi bo‘lib bizning himoya to‘rtligimiz parchalandi. Kutilmagan o‘zgarishlar sening B planing yo‘qligini ko‘rsatib qo‘yadi. Keyinchalik men bu kabi yangiliklarga oldinroq tayyorlanib borishga odatlandim.

Veron a’lo darajadagi futbolchi edi. Tan olaman, argentinalik futbolchilar bilan ishlash men uchun oson emasdi. Argentinaliklar - haqiqiy vatanparvar insonlar. Ularning ko‘z o‘ngida doimo milliy bayrog‘i ko‘rinib turadi. Bu men uchun muammo emasdi, ammo ular inglizcha gapirishga hech harakat qilmasdi. Veron faqatgina "Mister" so‘zini o‘rgandi xolos.

Lekin u juda ajoyib futbolchi! U bizda bir nechta fantastik o‘yinlar o‘tkazganiga qaramasdan, men jamoa o‘yinida yuksalishni sezmadim. Men doim intilib kelgan barqarorlik umuman yo‘q edi. Bekxem bizdan ketdi, Rayan, Roy va Pollarning yoshi o‘tgandi. Bizga kelajak taraqqiyoti uchun yangiliklar kerak edi. Veron bizning o‘yinimizga samaradorlik olib kirgan bo‘lsa ham, u bizda o‘ynay olmasdi. Xuan individualist edi. Agar mashg‘ulotlarda "qizillar" "ko‘klar" bilan o‘ynasa, u har ikkalasiga qarshi harakat qilardi. U har joyda paydo bo‘lardi va o‘zi xohlagan pozitsiyada o‘ynardi. Men 100 yil ichida ham u uchun maydonda pozitsiya topolmagan bo‘lardim. Bir kun menga savol berishdi:

- Sen undan teran tayanch yarim himoyasida foydalanib ko‘rmadingmi?

Men  shunday javob berdim:

- Qo‘ysangizchi! Men uni biror bir konkret pozitsiyada o‘ynashiga majburlolmayapman. O‘ylaysizki, u siz aytgan nuqtada o‘ynaydimi?

Vaqti-vaqti bilan Veron o‘ziga xos fazilatlarini namoyon etardi. Mavsumoldi o‘yinlarning birida u maydonning kichik qismida bir necha kishini aldab o‘tib, Van Nistelroyga golli uzatma amalga oshirdi. Premer-ligada u Bekxemga oyoq kaftining yuza qismi bilan ajoyib pas uzatdi, Devid esa to‘pni darvozabon ustidan oshirib qo‘ydi. Veronning salbiy tomonlari yo‘q edi. Tezlik, texnika, to‘pni nazorat qilish, maydonni ko‘rish qobilyati - bularning barchasi unda mavjud edi. U faqatgina jamoamizga mos kelmasdi.

Mish-mishlarga qaraganda, u jamoada boshqa o‘yinchilar bilan chiqisha olmaganmish. Menimcha, bu bo‘lmagan gap, chunki Veron hech qachon hech kim bilan gaplashmasdi. U shunchaki suhbatlashishni yoqtirmasdi.

Ishga kelganimda, men u bilan so‘rashardim:

- Xayrli tong, Seba.

- Xayrli tong, mister.

Bo‘ldi. Boshqa bir og‘iz so‘z ham eshitmasdim.

Biz Evropada o‘z o‘yinimizni o‘zgartirishga intilardik. Chempionlar Ligasidagi muvaffaqiyatimizdan ikki yil o‘tib, biz mehmonda "Anderlext" va "PSV" bilan uchrashdik. Har ikkala o‘yinni ham boy berdik, har ikkisida ham bizni qarshi hujumda jazolashdi. Biz o‘zimizning an’anaviy 4-4-2 sxemamizdan foydalanardik va omadsizlikka uchrardik. Shunda men o‘yinchilarga va murabbiylar shtabiga arz qildim: "Agarda biz to‘p bilan yaxshiroq muomala qilishni va yarim himoyada ishonchliroq o‘yin ko‘rsatishni o‘rganmasak, muvaffaqiyatsizliklarimiz davom etaveradi. Chunki raqiblar bizni o‘rganib bo‘lishgan". Shuning uchun "Yunayted" sxemasini o‘zgartirdi va yarim himoyada uchta futbolchi bilan harakat qila boshladi.

O‘tkan o‘n yillikda men jamoani yangilar ekanman, har safar o‘zimga yoqqan o‘yinchilar bilan shartnoma imzolashga yaqin qolardim. Men Paolo Di Kanioni olish uchun ko‘p ter to‘kdim. Shartnoma deyarli tayyor edi. U bizning taklifimizni qabul qildi, lekin keyinroq yanada ko‘proq maosh so‘radi. Biz bunga rozi bo‘lmadik. Keyinchalik esa Ronaldino bizning qarmog‘imizdan chiqib ketdi. Braziliyalik futbolchini jamoaga olib kelish uchun qilingan harakatlar "Yunayted" har doim mashhur o‘yinchilarni o‘ziga jalb qilishga intilishini yana bir bor isbotladi. Men doimo shunga o‘xshash talantlar ortidan poylab yurardim. Mening fikrlash jarayonim shunday edi: "Biz Bekxem uchun 25 million qo‘lga kiritdik va Ronaldinoni 19 millionga sotib olsak bo‘ladi".

Bir kun biz Amerika turnesidan qaytayotgandik va zapravka uchun Nyufaundlendga qo‘ndik. Mittigina baza. Atrofda bittagina kulbacha. Zapravkani kutayotib, bortprovodniklardan biri havo almashishi uchun eshikni ochib qo‘ydi. Devor oldida bir bolakay "Yunayted" bayrog‘ini ushlab turardi. Bizga bortni tark etishni taqiqlashdi. Bizning qo‘limizdan kelgani faqatgina trapda turib, ushbu yosh muxlisimizga qo‘l siltab turardik.

Evropaga qaytgach, biz Portugaliyada to‘xtadik. O‘sha payt Veronning transferi amalga oshdi. U Kvinton Forchunga "Chelsi"ga o‘tishini aytib bo‘lgandi. Men uni 15 million funtdan kamiga qo‘yib yuborishni istamasdim. "Chelsi" 9 million taklif qildi. Men rozi bo‘lmadim. Lekin Portugaliyada Kenon menga Veronni men aytgan narxga sotib yuborganini aytdi. Keyinchalik lissabonning "Sporting" klubiga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazdik. Krishtianu Ronalduni Djon O'shi qo‘riqlardi. Men hamon o‘shanda baqirganlarimni eslayman:

- U bilan puxtaroq o‘yna, Shizi!

- Qo‘limdan kelmayapti, - derdi u.

Klub rahbarlariga mulkdor almashish davri ayniqsa qiyin kechadi. Hammasi o‘zgaradi. Sen yangi rahbariyatga yoqarkansanmi? Balkim ular yangi murabbiyni yoki direktorni xohlab qolishar? Klubni Gleyzerlar sotib olishi Devid Gill uchun eng qiyin vaziyat bo‘ldi. OAV e’tibori pasaymadi, klub qarzi mavzusi yangiliklar sarlavhalarida hali ko‘p chiqdi. Lekin Devidning buxgalterlik tajribasi unga ushbu munosabatlarda az qotdi.

Men jamoani yosh talantlar doimo rivojlanib boradigan joy deb bilardim. Ushbu mezonni qo‘llash uchun Giggz, Skoulz, Nevill va Roy Kinglarni jamoada saqlab qolish muhim edi. Ular "Manchester"ning o‘ziga xos poydevori edi. Lekin jamoamizda boshqa klublardan o‘yinchilar xarid qilish uchun ham mablag‘ etarlicha edi. Misol tariqasida Edvin van der Sarni keltirish mumkin. Edvin mening faoliyatimdagi eng yaxshi transferlardan biri.

Edvin mening faoliyatimdagi eng yaxshi transferlardan biri.

Yangi Brayan Robsonni qidirishda biz Kinga duch keldik. Erik Jemba-Jemba ham potentsialli yarim himoya o‘yinchisi bo‘lishi mumkin edi. Men uning o‘yinini kuzatish uchun Frantsiyaga bordim, va u juda yaxshi taasurot qoldirdi. Erik o‘yinni yaxshi tushunardi, raqiblar hujumini boshlanmasdan turib yo‘qqa chiqarardi va bor-yo‘g‘i 4 million evro turardi. Yana men "Renn" darvozaboni Petr Chexni ko‘z ostimga olib qo‘ydim. U o‘shanda 18 yoki 19 yoshda edi. Lekin men uni hali juda yosh deb topdim.

Ba’zan siz bitta o‘yinchini qo‘ldan boy berasiz, lekin undan umuman qolishmaydigan boshqa birini xarid qilasiz. Bir vaqtlar biz Pol Gaskoynni qo‘lga kiritolmadik, lekin Insani sotib oldik. Biz Alan Shirerni o‘z tomonimizga ag‘darolmadik, lekin Erik Kantona bizga qo‘shildi.

"Yunayted" har doim qidiruvda. Bizda potentsialli o‘yinchilardan iborat katta ro‘yxat mavjud. Ular har qanday yo‘qotishni o‘rnini bosa oladi. Bizda doim jamoamizni tark etadigan har qanday o‘yinchi o‘rniga nomzodlar bo‘lgan. Kantona bizga 26 yoshida keldi, lekin men odatda yoshroq o‘yinchilarni kuzatardim. Ueyn Runi va Krishtianu Ronaldu, misol uchun, jamoamizga kelganda hali o‘smir edi. 2006 yildan boshlab biz o‘yinchilarimiz keksayib, forma yo‘qotishini oldini olishga harakat qilib keldik.

"Yunayted"ning afsonaviy o‘yinchilari Endi Koul, Duayt York va Teddi Sheringemlar yoshi o‘tgach o‘zlarining formasini yo‘qotishdi. Biz 2006 yilgi jahon chempionatida Braziliya tarkibida ajoyib o‘yin ko‘rsatgan Kleberson bilan shartnoma imzoladik. U shartnoma imzolangandan so‘ng hamon o‘z yurtida o‘ynab yurdi. Kleber shoshilinch xaridlar qanday xavf-xatarlar bilan bog‘liqligini yaqqol na’munasi. Biz Roy Kinni o‘rnini bosadigan o‘yinchini qidirardik. O‘shanda biz Vieyraga duch keldik. Vieyra Premer-ligaga ko‘nikkan haqiqiy etakchi edi. Raqib jamoa muxlislari hamisha haqoratli qichqiriqlar bilan Patrikni jahlini chiqarishga harakat qilardi. Bu ularning qo‘rquvini anglatardi.

Kleberson iste’dodli o‘yinchi edi. Lekin o‘yinchi sotib olishdan oldin uning xarakterini va o‘tmishini yaxshilab o‘rganish kerakligini yana bir bor anglab etdim. Brazilyalikning transferi juda oson kechdi. Meni esa ko‘nglim nimadandir g‘ash edi. Bu yigit jamoamiz safiga kelib qo‘shilgach, bizga uni o‘n olti yashar qizga uylangani ma’lum bo‘ldi. Uning o‘zi yigirma uch yoshda edi. Uning rafiqasi o‘zi bilan butun oilasini olib keldi. Portugaliyadagi mavsumoldi turne chog‘ida nonushtaga faqat o‘yinchilar taklif qilingandi, lekin Kleberson o‘zi bilan qaynotasini ham olib keldi. U belgilangan qoidalarga amal qilmasdi. U juda zo‘r yigit, lekin ingliz tilini o‘rganishni xohlamadi.

Uning maydonda ko‘rsatadigan chidamliligi va texnikasi hayratga solardi, lekin u o‘z o‘yinini topa olmadi. Balkim, terma jamoada undan boshqa rolda foydalanilgandir. U erda Kleberson to‘rt himoyachidan oldinroqda o‘ynardi, va Roberto Karlos yoki Kafu hujumga o‘tganida, himoya xavfsizligini ta’minlardi.

Siz bu kabi muammolarning echimini topishda doim xato qilishingiz mumkin. Eng yaxshi xaridlarimizni biz ma’lum bir rejaga tayanib amalga oshirardik. Ko‘p yillar davomida nomzodlar o‘rganilib, ular haqida ma’lumotlar yig‘ilardi. Biz Krishtianu Ronalduni sotib olishimizdan oldin uni miridan sirigacha o‘rganib bo‘lgandik. Runining ham orqasidan ancha vaqt kuzatilgandi, va natijada u bizga 17 yoshida kelib qo‘shildi. Ueynni klubga jalb qilish muntazam tarzda kechdi - bu biz uchun muhim edi. Skautlarimiz o‘z vazifalarini a’lo darajada bajarishardi. Veron, Kleberson va boshqalarning transferlari improvizatsiya edi. Biz o‘ylamay qilingan harakatlar evaziga xatolarga ham yo‘l qo‘yganmiz.

Bizning yana bir shoshilinch xaridimiz Jemba-Jemba matbuot bosimi tufayli o‘ynay olmadi, chunki uni yulduzli o‘yinchi, deb hisoblashmadi. OAV har doim dongdor ismlarni xush ko‘rgan va tanilmagan o‘yinchilar orqasidan diqqat bilan kuzatib kelgan. Boshida jurnalistlar Veronni juda yaxshi ko‘rishardi, lekin Kleberson va Jemba-Jembaga salbiy munosabatda edi. David Bellon hali yosh edi, biz esa undan zo‘r o‘yinchi chiqishini ko‘zlardik. Unda yashindek tezlik bor edi. U "Sanderlend"da to‘p surardi va bizga qarshi o‘yinda zahiradan maydonga tushdi. David bizni tilka-pora qilib tashladi. Biz u bilan shu zahotiyoq qiziqib qoldik, chunki uning "qora mushuklar" bilan bo‘lgan shartnomasi nihoyasiga etib qolgandi. Agar biz uni yanada sinchiklab o‘rganganimizda, u juda ham maxfiy va uyalchang yigit ekanligini anglagan bo‘lardik. Biz Bellonni "Nitstsa"ga bir million evroga sotib yubordik, va keyinchalik uning "Bordo"ga o‘tishida ham o‘z ulushimizni oldik. David kelajakda jamoamizning asosiy o‘yinchisi sifatida ko‘rilmagandi, u yaxshi narx evaziga olingan qo‘shimcha kuch edi.

Ronaldu va Runining transferlari jamoamizda keskin o‘zgarish yasadi. O‘yin taqdirini yolg‘iz hal qila oladigan bu ikki futbolchiga biz muhtoj edik. 2006 yili Patris Evra va Nemanya Vidichlarning xarid qilinishi ham juda katta ahamiyatga ega edi. Biz Vidichda sezgan ilk sifat - bu uning botir va dovyurak ekanligi. Nemanya to‘p uchun a’lo darajada kurashardi va yuqoridagi yakka kurashlarda ko‘pincha ustun kelardi. Ingliz himoyachisiga xos bo‘lgan sifatlar. Vida noyabrdan buyon o‘ynamagan edi, "Blekbern" bilan bo‘lgan ilk o‘yinda u zotiljam bo‘lib qolay dedi. Gap shundaki, u biz bilan birga mavsum oldi tayyorgarlikni o‘tishi kerak edi.

Avval Denis Irvin to‘p surgan chap qanot himoyasida biz bir muddat Gabriel Xayntsdan foydalandik, keyin esa ushbu pozitsiyada Patris Evra mustahkam o‘rnashib oldi. U "Monako"ning asosiy himoyachisi edi. Evra o‘z jamoasi safida Chempionlar Ligasining finaligacha etib borgandi, lekin u erda "Portu"dan mag‘lub bo‘lgandi.

Qanot himoyachilarini izlash - bu xuddi noyob qushlarni ovlashdek mushkul ish. Biz Evrani ilk bor ko‘rganimizda, u vinger pozitsiyasida o‘ynardi va katta tezlik sohibi edi. Biz uni hujumda juda yaxshi harakat qilishini bilardik. Evra tezkor, yuksak texnikali va irodali futbolchi edi. Xayntse bo‘lsa shu qadar shavqatsiz ediki, hatto o‘z buvisini, balkim, ayab o‘tirmagan bo‘lardi. U g‘olibona xarakterga ega bo‘lib, himoya markazida ham o‘ynay olardi. Har ikkala vaziyatda ham biz tanlovda adashmadik.

"Yunayted" muxlislari Patrisning debyut o‘yini "Istlends"dagi Manchester derbisiga to‘g‘ri kelganini yaxshi eslashsa kerak. O‘shanda uning o‘yini butunlay qovushmagandi. Uning ko‘zlaridan so‘zsiz shu savolni o‘qisa bo‘lardi: "Men bu erda nima qilayapman o‘zi?" Lekin vaqt o‘tishi bilan u moslashib ketdi va liganing eng yaxshi chap qanot himoyachisiga aylandi. Boshqa bir tomondan, o‘sha Xayntse o‘zini hamisha yollanma askardek tutardi, va mening fikrimcha, u jamoani tashlab qochish uchun payt poylab yurardi. Bir yil klubda to‘p surgach, argentinalik o‘yinchi ketish istagini bildirdi. O‘shanda biz "Vilyareal" bilan o‘yinga hozirlik ko‘rayotgandik va Valensiya yaqinidagi ajoyib kompleksga joylashib olgandik. Mening yonimga uning agenti keldi va Xayntse jamoadan ketishni xohlayotganini aytdi.

Xayntse o‘zini hamisha yollanma askardek tutardi, va mening fikrimcha, u jamoani tashlab qochish uchun payt poylab yurardi

Kelasi kun voqealar butunlay boshqacha tus oldi - u tirsak paylariga shikast etkazdi. Biz uning tezroq tuzalib ketishi uchun qo‘limizdan kelganini qildik. Klub unga hatto Ispaniyada davolanishiga ham ruxsat berdi. U erda Xayntse olti oygacha qoldi va safimizga atigi bitta o‘yinga qaytdi. Biz haqiqatan qo‘limizdan nima kelsa qildik, lekin u dekabr oxirida yana eski talab bilan murojaat qildi - yangi klub va yangi shartnoma. Jarohati mutlaqo tuzalgach, argentinalik o‘yinchi o‘zining agenti bilan birga Devid Gillning oldiga jo‘nadi. Maslahatlashib ko‘rgach, biz Gabrielning ketishi hamma uchun foydali, degan xulosaga keldik. Biz uni 9 million funtga qo‘yib yuborishga kelishdik. Xayntse to‘g‘ridan-to‘g‘ri "Liverpul"ga yo‘l oldi.

2004 yilning may oyida biz 7 million evaziga Alan Smitni xarid qildik. "Lids" o‘sha paytlar inqiroz ostonasida turgandi, Devid Gill menga Alanni 5 million funtga qo‘lga kiritishimiz mumkinligini aytdi. Smit menga doim yoqardi. U to‘g‘ri hayotiy pozitsiyaga ega bo‘lgan ajoyib xarakterli inson edi. Alan o‘ng qanotda, yarim himoya markazida yoki hujum markazida o‘ynay olardi - haqiqiy universal. Smit Mark Xyuzga juda o‘xshab ketardi: buyuk strayker emas, lekin jamoa uchun o‘ta kerakli o‘yinchi. Keyinchalik biz uni "Nyukasl"ga 6 million funtga sotib yubordik. Alan doim o‘z ishini vijdonan bajargan va ko‘plab esda qolarli o‘yinlarda qatnashgan. O‘sha jarohatga kelsak, bu men hayotimda ko‘rgan eng dahshatli hodisa edi. Men o‘shanda u tomon oshiqqanimni yaxshi eslayman,  Alan esa protsedura stolida yotardi. Liverpullik doktor unga shu zahotiyoq og‘riqsizlantiradigan ukol urdi.

Uning oyoq suyaklari turli tomonlarga qarab turardi. O‘sha payt mening yonimda turgan Bobbi Charlton seskanib ketdi. Bu inson ushbu lahzada Myunxendagi halokatni ko‘z o‘ngidan o‘tkazdi. Boshqa tomondan, Alan o‘zini xotirjam tutardi. Uning toshdek qotgan yuzida shok holati sezilardi. Men ukollardan nihoyat darajada qo‘rqardim. Shprits ignasini ko‘rishim bilanoq dahshatga tushardim. Kunlarning birida, hali Glazgodagi pabimda ishlayotganimda, kegani (Kega - pivo yoki boshqa alkogol ichimliklar saqlanadigan metall idish. SPORTS.uz) almashtirib, bug‘ chiqarmoqchi bo‘ldim. Nasos shtangini ko‘targanimda, mening elkamga kalamush sakrab chiqib oldi. Men orqaga sapchib qochdim, va shtanga mening yuzimni teshib o‘tdi. Bu voqea asoratini siz yuzimdagi notekisliklarga e’tibor bersangiz, hozir ham ko‘rishingiz mumkin. Hamshira shtangani mening yuzimdan sug‘urib oldi va ukol qilmoqchi bo‘ldi. Lekin men shu zahotiyoq hushimdan ketdim.

Hamshira shunday dedi:

- Ana xolos, "Reynjers"ning barvasta hujumchisi hozirgina ignani ko‘rishi bilanoq hushidan ketdi.

"Reynjers"ning barvasta hujumchisi hozirgina ignani ko‘rishi bilanoq hushidan ketdi

Men o‘shanda o‘lib qolsam kerak, deb o‘ylagandim. Hozir esa Alan eng dahshatli jarohatlardan birini boshdan kechirayotib, umuman xavotirlanmasdi. Bu Alanning o‘ta jasur inson ekanligini anglatadi.

U ajoyib o‘yinchi edi, o‘z ishini doimo oxirigacha bajaradigan haqiqiy professional. Top-klublarda muvaffaqiyatli to‘p surish uchun unga etishmagan yagona hislat - bu yuqori bajaruvchilik mahorati. Bizga "Nyukasl"dan taklif tushgach, uni qo‘yib yubormasdan o‘zga choramiz yo‘q edi.

Oxirida biz undan tayanch zonasi o‘yinchisi sifatida foydalandik. U to‘p uchun a’lo darajada kurash olib borardi. Alan, qaerda bo‘lmasin, to‘p uchun kurashda yaxshi harakat qiladigan yarim himoyachi edi. U hujumda to‘p surganida, unga qarshi o‘ynagan himoyachilarga ancha qiyin bo‘lgan. Lekin Alan Ouen Xargrivz singari maydondagi bo‘shliqning ko‘p qismini yopa olish qobiliyatiga ega emasdi.

Lui Saa bizning yana bir muhim xaridimiz edi. Biz uni 2004 yilning yanvarida "Fulxem"dan sotib oldik. Butun faoliyati davomida uni jarohatlar tinch qo‘ymadi. Biz uni "Metts"da o‘ynab yurgan vaqtlarida kuzatib boshladik. Skautlar menga ushbu o‘yinchi yaqin kelajakda ko‘plab katta klublar e’tiboriga tushishi haqida xabar berishdi. Keyinchalik u "Fulxem"ga o‘tdi va bizga qarshi o‘yinlarda o‘zini ko‘rsata oldi. "Kreyven Kottedj"dagi Angliya Kubogi bahsida u Ues Braunni maydon markazida aldab o‘tib, bizning darvoza tomon g‘izillab ketdi va orqaroqqa golli uzatma amalga oshirdi. O‘shandan beri biz uni diqqat bilan o‘rgana boshladik va yanvarda xarid qilishga qaror qildik.

"Fulxem" xo‘jayini Muhammad Al-Fayed bilan o‘tgan muzokaralar o‘ta qiyin kechdi. U har bir variantlarni o‘ylab ko‘rdi, va biz Saadan yaxshiroq o‘yinchi topolmasligimizni aytdi. Natijada jamoalar 12 million funtga kelishdi.

Menda o‘ynagan barcha hujumchilar orasida Saa eng iste’dodlilardan edi. Ikki oyoqda zarba berish, ikkinchi qavatda o‘ynash, kuch va tezlik bo‘yicha u eng yaxshilardan hisoblanardi. U doim raqib darvozasi tomon xavf tug‘dirardi. Ammo keyinchalik u ketma-ket jarohatlarga duch keldi. Lui maydonda borini berib o‘ynaydigan ajoyib yigit. Uning yo‘qligi juda qiyin kechdi, chunki Saaning tiklanishiga bir-ikki hafta emas, ba’zan oylar ketardi. U qanchalik iste’dodli bo‘lmasin, men jamoa o‘yinini uning atrofida rejalashtira olmasdim. "Mana mening jamoam yaqin ikki-uch yillikka", deya olmasdim. Uning sotilishining asosiy sababi ham aynan shunda. Saa yangi "Manchester"ning suyangan tog‘i bo‘lishga hali yoshlik qilardi, uning jarohatlari esa uzoqqa nazar solishga imkon bermasdi.

Vaziyat tobora qizg‘in tusga kira boshladi, va u karerasini yakunlash haqida ham o‘ylab qoldi.

- Sen hali ancha yoshsan, sen faqatgina jarohatlar tufayli taslim bo‘lmasliging kerak. Yana qaytish uchun tirishqoqlik bilan ishlamog‘ing lozim. Bu holat umrbod davom etmaydi, - dedim men unga.

Uni aybdorlik hisi qiynardi. Lui menga va butun jamoaga pand berayapman, deb o‘ylardi. U mendan uzr so‘rab xatlar yozardi. Men uni omadi chopmayotganiga, va bunday holatlar futbolda ko‘p uchrashiga ishontirishga harakat qildim. Shunday misollardan biri - bu Viv Anderson. "Arsenal"da to‘p surayotib, Viv to‘rt yil ichida atigi to‘rt o‘yinni o‘tkazib yuborgandi. Va ularning barchasi diskvalifikatsiya tufayli. Anderson "Yunayted"ga o‘tgach, faoliyatining asosiy qismini davolanish bilan o‘tkazdi. Biz uni erkin agent sifatida "Sheffild Uensdey"ga qo‘yib yubordik, va u erda Viv uch yil ichida birorta ham uchrashuvni o‘tkazib yubormadi. Men u bilan hazillashardim:

- O‘ylashimcha, sen bizda o‘ynashni unchalik xohlamaganding, to‘g‘rimi, Viv?

Lekin u "Yunayted"ning ashaddiy muxlisi edi va jamoaga yordam berolmayotganidan juda qayg‘ulanardi, chunki u doim tizzasini davolash bilan band edi.

Lui tushindiki, doimiy jarohatlar unga optimal formasini tiklashi uchun xalal beradi, va u o‘zini oldingidek aybdor his qilmay boshladi. Karlush Keyrush u uchun maxsus ikki haftalik programma ishlab chiqdi, natijada u optimal formaga kelishi kerak edi. Biz unga hammasini tushuntirdik, va u tiklanish davriga sho‘ng‘idi. Muddati kelgach, u maydonda "uchadigan" bo‘ldi. Juma kungi mashg‘ulotlarda Saa taqim og‘rig‘iga shikoyat qildi. Biz uning organizmini yuqori sezuvchanligigini enga olmasdik, shuning uchun 2008 yili uni "Everton"ga sotib yubordik.

"Irislar" bizning metodimizni qo‘llashdi va Luining o‘ziga ishonchi ortishi uchun, uni yangi saviyaga chiqarishga urunib ko‘rishdi. Balkim, "Manchester"dagi kabi ommaviy bosim yo‘qligi unga qo‘l kelgandir. U fantastik forvard edi. Saaninng 2010 yilgi Mundialga chaqirilmagani Frantsiya ahlini dahshatga solsa kerak, deb o‘ylagandim.

Yosh futbolchilar mavzusidagi doimiy bahslar - temperament. Ular etilib chiqadimi yoki jamoa talablariga javob bera olmaydimi? Biz "Manchester"ning asosiy jamoasi darajasigacha etib borgan har bir tarbiyalanuvchimiz haqida barcha ma’lumotga ega edik.

Sen o‘z xarakteringni echinish xonasida qoldirolmaysan. Xarakter tunnel bo‘ylab sizib o‘tib, maydonda aks etishi lozim.

2003-2004 yilgi mavsumsumda biz "engib bo‘lmas" "Arsenal"dan ortta qolib, uchinchi o‘rinda marraga etib keldik. Lekin mavsum oxirida Kardifda "Milluol" ustidan 3:0 hisobida g‘alaba qozonib, Angliya Kubogi sohibiga aylandik. Ronaldu o‘shanda ajoyib o‘yin ko‘rsatdi. U birinchi golni boshi bilan darvozaga joylab qo‘ydi, qolgan ikki golga esa Van Nistelroy mualliflik qildi.

O‘sha yil Jimmi Devid avtohalokatga uchrab, olamdan ko‘z yumdi. Jimmi bor-yo‘g‘i 21 yoshda edi. U o‘yinga tiniq nigoh bilan qaraydigan futbolchi edi. Asosiy tarkibga kirish va porloq karera yaratish uchun unda ulkan imkoniyatlar mavjud edi. O‘sha vaqt u "Uotford"da ijarada o‘ynardi. Men yakshanba kuni tongda akademiyaning o‘yiniga bormoqchi bo‘lib turgandim, va "sariq armiya" matchi bekor qilinganini aytishdi. Biz hech qanday ma’lumotga ega emasdik. Faqatgina uchrashuv vaqtida men Jimmi halok bo‘lganidan xabar topdim.

U bo‘sh kelmaydigan yigitcha edi va muxlislar orasida katta shuhrat qozongandi. Uning dafn qilish marosimida jamoaning ko‘plab o‘yinchilari va ishchilari ishtirok etdi. Ikki yil o‘tgach, to‘yda qatnashayotib, men dejavyuga o‘xshash bir narsani his qildim. Fotograflar ketgach, mening yonimga ruhoniy keldi va dedi:

- Jimmining qabrini bir ziyorat qilmaysizmi?

U nima uchun bunday deganini tushunmadim, ammo qalban juda ta’sirlandim. Ko‘nglim g‘ash bo‘lib qoldi.

"Manchester Yunayted" hech qachon Jimmi Devisni unutmaydi.

"Manchester Yunayted" hech qachon Jimmi Devisni unutmaydi

Javohir OChILOV tarjimasi

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!