Sanjar Quvvatov BAA hujumchisi Ahmad Halil bilan do‘stligi, terma jamoa sog‘inchi va boshqalar haqida EKSKLYuZIV suhbat

  • 21 aprel, 2017, 13:40
  • Isayev Bekzod
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Xabaringiz bor, ayni paytda Sanjar Quvvatov "Nasaf" safida to‘p tepmoqda. Bir necha yil umidli yo1shlardan sanalgan ushbu posbon bilan SPORTS.uz sayti ijodkorlari eksklyuziv suhbat tashkil etishdi. Quyida ushbu suhbat bilan tanishishingiz mumkin.   

Tecno

Sanjar aka bir necha kun oldin “Lokomotiv”ga qarshi o‘yinni yaxshi boshlab salbiy natija bilan yakunladinglar.

- Futbolda omad degan narsa bor. Bu juda muhim. Biz ham astoydil harakat qildik. Ammo to‘p darvozaga kirmadi. O‘yinni yaxshi boshladik. Birinchi taym to‘liq bizning ustunligimizda o‘tdi. Ammo gol ura olmadik. Oldingi turda ham huddi shunday bo‘lgandi. “Olmaliq” bilan bahsda ham mezbonlar deyarli vaziyatlar yaratishmadi. Ammo bitta xatoni deb biz mag‘lub bo‘ldik.

So‘nggi yillarda “Lokomotiv” – “Nasaf” qarama-qarshiligini kuzatadigan bo‘lsak, ikkinchi taymda qarshiliklar ustunlikni “temiryo‘lchilar”ga berib qo‘yishadi. Buning sababi nimada?

- Bunaqa kuchli jamoalarga qarshi o‘yinda faqat himoyada o‘ynash qiyin. Birinchi bo‘limda gol urib olish juda muhim. Shuning uchun urg‘uni dastlabki daqiqalarga qaratamiz. “Lokomotiv” top klub sanaladi. Qolaversa, tarkibda O‘zbekiston milliy terma jamoasida to‘p tepadigan futbolchilar jamlangan. Ularga o‘xshagan jamoa qaysi payt tashabbusni raqibga berish, qachon bosimni oshirish va boshqa jihatlarni juda yaxshi o‘zlashtirishgan. Shu bois bu kabi klublar bilan 90 daqiqa bir xil tempda harakat qilish qiyin.

Klublarimizdagi charchoq alomatlarini nima bilan izohlash mumkin?

- Bu vitaminlar etishmasligidan shunday holatlar yuzaga keladi. Masalan, xorij klublari vitaminlar borasida yaxshi ta’minlangan. Masalan, biz bir yarim soat mashg‘ulot o‘tkazsak, xorijlik futbolchilar 3 soat shug‘ullanadi. Bu nimadan darak? Ko‘p vaqt mashg‘ulot o‘tkazish uchun zaxirasi bo‘lishi kerak. Evropani o‘yinchilari baquvvat katta-katta. Biz ham 3 soat shug‘ullanishimiz mumkin. Ammo unaqa natija bermaydi. Bularning bari vitaminlarning yaxshiligiga bog‘liq. Eron va Janubiy Koreya klublari bilan o‘rtoqlik o‘yinlari o‘tkazanimizda ularning jismoniy holatlariga qoyil qolamiz. Yoki o‘zimizning legioner futbolchilar Odil Ahmedov va Vitaliy Denisovga e’tibor bersak, ular maydonda har qancha to‘p tepsa ham charchamaydi. Ahmedov unchalik ham gavdalik o‘yinchi emas. Ammo jismoniy jihatdan kuchli. Buning sababi vitaminlarning joy joyidaligi. Bizda ham bor. Ammo hali etarli darajada emas. Milliy terma jamoada bo‘lishi mumkin. O‘rtamiyona klublarimizda rivojlanmagan.   

“Nasaf” mavsumni OChL o‘tish va pley-off o‘yinlari bilan boshladi. Ammo qarshiliklar guruh bosqichiga chiqa olishmadi. Aytingchi, “ajdarlar”ni pley-offdan o‘ta olmaganini tasodifga yo‘yish mumkinmi yoki “Al Fatx” o‘sha kuni kuchlimidi?

- U uchrashuvda “Al Fath” yaqqol kuchlilik qildi deb ayta olmayman. Bizda ham imkoniyatlar bo‘ldi. Cheran darvozabon xatoga yo‘l qo‘yganida yaxshi imkoniyatga ega bo‘ldi. Ammo gol ura olmadi. Bu yana bir marta aytaman omad. Qolaversa, “Al Hidd”ni 4:0 hisobida yutdik. Bu jamoani ham yuta olamiz deb ishongandik. Balki shu jihat ham bizning mag‘lub bo‘lishimizga sabab bo‘lgandir.

Umuman olganda, Saudiya Arabistoni klublari kuchli sanaladi. 15-o‘rinda ketayotgan jamoasi peshqadam bilan bir xil tempda o‘ynay oladi.

Agar “Nasaf” futbolchilariga xorijdan taklif bo‘lsa klub tomonidan to‘siqlar bo‘lmaydimi?

- Bizning rahbariyatimiz futbolchilar bilan yaxshi aloqada. Agar qaysidir futbolchiga xorijdan yaxshi taklif bo‘lsa, hech qanday muammosiz ruhsat beradi. Chunki ularning aksariyati yoshligida futbolchi bo‘lgan. Bunday holatlar ular uchun ham begona emas. Masalan, Fozil Musaevning xorijga yo‘l olishi ham shunday bo‘ldi. Hatto Musaev jamoa etakchisi bo‘lsa ham. Krasich ketdi. U ham yaxshi legioner edi. Ammo Ro‘ziqul Berdiev yoshlar bilan ishlashni biladi. Ularga imkoniyat beradi. Bir tomondan u ishongan o‘yinchilar o‘zini ko‘rsatmoqda.

Klublarimizning moddiy texnik ba’zasi talabga javob beradimi?

- Chempionatimizning kuchlik klublarida sharoitlar a’lo darajada. Qolgan klublarimiz ham yangi stadionlarga ega bo‘lishgan. Ammo ayrimlar qo‘shimcha mashg‘ulotlar o‘tkazish uchun imkoniyatlarga ega emas. Masalan, bir necha yil oldin “Aston Villa” ba’zasiga borganmiz. U erdagi sharoitlar faqat havas qilarli darajada. Akademiyaning eng yosh jamoasidan tortib eng yuqorisigacha bir xil formada. Maydonlarning ko‘pligini aytmasa ham bo‘ladi.

Oliy ligada kutilmagan natijalar qayd etilmoqda. Bu nima bilan bog‘liq deb o‘ylaysiz?

- “Sho‘rtan” yomon natijalar qayd etayotgan bir pallada “Lokomotiv”ni yutdi. “Bunyodkor” o‘z uyida birinchi marta “Qizilqum”ga mag‘lub bo‘ldi. Biz “Olmaliq”ga imkoniyatni boy berib qo‘ydik. O‘z o‘zidan ko‘rinib turibdi, bu mavsum chempionat qiziq boshlandi. Kim birinchi yoki ikkinchi o‘rinni egallashini oldindan aytish qiyin. Bu futbolimiz uchun ancha yaxshi bo‘lgan holat deb o‘ylayman. 

Sensatsiyalar nimadan dalolat beradi? Kuchli klublarimiz oldingiday holatda emasmi yoki jamoalarning saviyasi tenglashmoqdami?

- Nima desam ekan? Bu holatlarni har xil baholash mumkin. Masalan, futbolchilarning xohishi. Ular shu jamoani yutishimiz kerak degan maqsadni o‘z oldiga qo‘yishi mumkin. Natijalar tasodif emaslini isbotlash uchun ham yanada yaxshiroq o‘ynashga intiladi.

Sanjar aka endi bevosita sizni terma jamoadagi o‘yininigga e’tibor qaratsak, O‘zbekiston yoshlar terma jamoasida JChda ishtirok etgandingiz. Shu haqda gapirib bersangiz.

- Misrdagi JCh hayotimdagi eng esda qoladigan damlar bo‘lgandi. Qiziq tomoni saralash bosqichlarida ishtirok etmaganman. Faqat JCh borganman.

O‘sha kichik mundialda kim darvozani qo‘riqlashi borasidagi gaplar menga aloqasi bo‘lmasa kerak deb o‘ylagandim. Chunki aksariyat darvozabonlar baland bo‘yli hisoblanishgan. Meni bo‘yim esa biroz pastroq. Shuning uchun men jamoaning uchinchi posboni bo‘lsam kerak deb o‘ylaganman. Ammo Ahmad Ubaydullaev o‘yindan oldin tarkiblarni e’lon qilganida shu darajada hayajonga tushganmanki, asti qo‘yaverasiz. Odam o‘zi bilmagan holda oyog‘i qanday qaltirasa, menda ham shunday holat bo‘lgan. Buni hech kimga bildirmaslikka harakat qilganman.

O‘zim Qashqadaryo viloyatining Kasbi tumanidan chiqqanman. U erda hamma bir birini taniydi. Otam-onam uchun JChda to‘p tepganim eng yaxshi sovg‘a bo‘lgan. Chunki yaxshi o‘ynagan futbolchiga sen zo‘rsan demaydi. Birinchi navbatda otangga rahmat deydi. O‘shanda ota-onam g‘ururlanish hissini tuyishgan. Bu holatlarni eshitganimda o‘zim ham yig‘lab yuboray deganman.

Siz uchun o‘sha JChdagi eng esda qolarli o‘yin qaysi?

- Bu chempionatning guruh bosqichida Gana, Uragvay va Angliya terma jamoasi bilan kuch sinashganmiz. Ularning barchasi juda ham kuchi sanaladi. Men uchun eng esda qolarlisi esa Urugvayga qarshi kechgan bahs dey o‘ylayman. Ushbu uchrashuvda ancha qiyinchiliklarga duch kelganmiz.

O‘shanda Angliya bilan durang o‘ynagan O‘zbekiston ancha shov-shuv ko‘targandi. Lekin oradan ikki yil o‘tib yana Angliyaga to‘qnash kelgandingiz. Ammo o‘shanda 2:0 hisobida mag‘lub bo‘lgansizlar.

- Angliya bilan durang o‘ynaganimiz yaxshigina shov-shuvga sabab bo‘lgan. Ammo ikki o‘yinda Angliyaning tarkibi umuman o‘zgarib ketgandi. Birinchi to‘qnashuvdagi futbolchilardan hech kim yo‘q edi. Bizda esa bir-ikkita o‘zgarish bo‘lgandi xolos.

U paytda Angliya termasi bilan bo‘lgan o‘yinda stadiondagi atmasfera umuman boshqacha edi. Maydonga tushdingmi hayoling faqat uchrashuvga qaratilgan bo‘lishi shart. Oliy ligada esa o‘yin paytida hayoling boshqa joylaga ketib qolishi mumkin. 

Agar esingizda bo‘lsa, JChga ketishdan oldin “sport” telekanalida terma jamoa bilan jonli efirda uchrashuv tashkil qilingan. Shunda bir hazil aralash savol berilgandi. Mundialda kim birinchi golni uradi deb? Hamma Sherzod Karimov deb javob bergan.

- Chindan ham qiziq holat bo‘lgan. Chunki hamma Sherzodni gol uradi deb aytgan va amalda ham shunday bo‘lgandi. Bu lekin jamoa faqat unga o‘ynadi degani emas. Aynan Sherzodning gol urishi tasodif edi.

2009 yili Misrda o‘tgan JChda sizlarga qarshi o‘ynagan Kiran Tripper, Kayl Uoker “Tottenxem”da, Andre Ayyu “Vest Xem”da, Emmanuel Agemang-Badu Italiyaning “Udineze” klubida faoliyat olib borayotganidan xabaringiz bormi?

- To‘g‘risini aytsam, Andre Ayyuni eslab qolganman. Chunki qolgan futbolchilarning ismini eslab qolish juda qiyin.

Nima uchun bizda turli yosh toifasidaga terma jamoalarimiz mundiallarda yaxshi ishtirok etadi-yu, lekin asosiy jamoaga etib kela olmayapti?

- Bilmadim, bunga aynan nima sababligini. Lekin bu jamoaning o‘ziga bog‘liq deb o‘ylayman. Jamoa deganda faqat futbolchilar emas barcha. O‘shanda menga ham xorijdan takliflar bo‘lganini aytishgan. Sen tayyorlanib tur Rossiya yoki xorijga ketasan deb. Lekin jim bo‘lib ketgan. Qo‘llab turish bo‘lmagan. Masalan, bir xil paytlarda talanti bor o‘yinchilar bo‘ladi. Lekin unga e’tibor bermasdan, talanti yo‘q futbolchini qulog‘idan tortib chiqarib qo‘yishadi. Lekin u o‘sha joyda to‘xtaydi. Bizda haqiqatdan has iste’dodli futbolchilar bor. Eldor Shomurodov, Otabek Shukurov. Bular o‘z yosh toifasida ancha kuchli hisoblanishadi. Agar bular 2 yil ichida legionerga aylanmasa, keyinchalik o‘sish foizi kamayib ketishi mumkin. 

Boshqa tomondan yuqorida aytib o‘tganimdek, qo‘llab-quvvatlash o‘ta muhim. Masalan, o‘zimni oladigan bo‘lsak. 2009-2011 yillarda Sanjar Quvvatov bo‘ldim. Ikkinchi Nesterov, Nesterovning izdoshi deb atashdi. Ammo 2012 yili shundoq eshik yopildi. Men devorning narigi tomonida qolib ketdim. Chiqish eshiklari men uchun yopildi. Bir o‘zim qolib ketganman. Shunda 2012 yili “Mash’al”ga ketdim. O‘sha mavsum omadsiz keldi. Muborak klubi birinchi ligaga tushib ketib qoldi. Men juda ko‘p o‘z ustimda ishlaganman. Hatto uyga ketmasdan. Ammo har xil o‘ylar hayoldan ketmasdi. Huddi u bahsda faqat darvozabon o‘ynagan, u aybdordek. Ammo taslim bo‘lmadim. Oxirigacha kurashdim. Hozir mana ozgina o‘zimga kelib oldim. 

Siz hozir aynan qaysi xatoni nazarda tutmoqdasiz?

- Men London olimpiadasi saralashidan o‘rin olgan BAAga qarshi Toshkentdagi o‘yinni nazarda tutmoqdaman. BAA bilan bo‘lgan uchrashuv faoliyatimdagi eng yomoni deb aytishim mumkin. Chunki eng muhim pallada jamoaga yordam bera olmaganman. Bu kareramga katta ta’sir o‘tkazgan. Bu bahsda g‘alaba qozonsak Londonga borardik. Ammo BAAni 2:0ga yutayotgan bir paytda 3:2 hisobida mag‘lub bo‘lganmiz. Mazkur bahsdan so‘ng boshqa o‘yinlarda raqib muxlislari menga bosim o‘tkazisha boshlashgan. Stadiondagi raqib ishqibozlari BAA hujumchisi Ahmad Halil ismini aytib meni kalaka qilishardi. Hatto ayrimlar qoch Ahmad Halil kelyapti degandi. Shundan so‘ng BAA hujumchisi mening do‘stimga aylangan. 

Terma jamoada o‘ynab yurgan paytimda kuchli klublardan takliflar bo‘lgan. Samvel Babayanning shaxsan o‘zi “Paxtakor”ga chaqirgan. “Bunyodkor” va “Nasaf”dan chorlovlar bo‘lgandi. Men shunda ularga jamoa bilan kelishishlarini aytganman. Ular bilan kelisha olsanglar men boshqa klubga o‘tishim mumkinligini bildirganman.

Hozir o‘sha paytda aytgan gapingizga afsuslanasizmi?

- To‘g‘risini aytsam, ha. Chunki odam bu darajada “patriot” bo‘lmasligi kerak ekan. Bitta xato bilan hammani esidan chiqib ketishingiz mumkin. 20 yil o‘ynagan bo‘lsangiz ham. Lekin “Mash’al” safida harakat qilganimdan afsuslanmayman. Chunki o‘sha paytning eng zo‘r jamoasi bo‘lgan.

Sizga ushbu mavsum boshlanmasidan boshqa jamoalardan takliflar bo‘ldimi?

- Yo‘q. “Nasaf”ga o‘tganimdan so‘ng hech qanday takliflar bo‘lmadi. Qolaversa, “ajdarlar” bilan yilning boshida shartnoma imzoladik.

Eshitishimizga qaraganda, Tailandning “Buriram” jamoasiga o‘tadi degan ma’lumotlar ham tarqalgandi. Shuningdek, “Persepolis”ga ham. Shular haqida to‘xtalib o‘tsangiz?

- Tailandning “Buriram Yunayted”ining qiziqishi bo‘lmagan gap. “Persepolis” esa qanchalik bor yoki yo‘qligini bilmayman. Chunki menga bitta agent telefon qilib Eronda o‘ynash niyating bormi deb so‘ragan va shundan so‘ng o‘z-o‘zidan yo‘q bo‘lib ketgan. Qolaversa, bir paytlar Sanjar Quvvatovga Angliyaning “Manchester Siti” klubi qiziqmoqda degan gap-so‘zlar tarqalgandi. Ammo bu haqda menga rasmiy taklif bildirilmagan.

Bizda futbolchilarni chetga olib bora oladigan yaxshi agent bormi?

- Bor. Masalan San’at Sharipov. U mening agentim bo‘lgan. Hozi esa San’at Sharipov bilan shartnomamiz tugagan.

Tushkunlikka tushib qolgan paytingizda futbolni tark etish hayoli bo‘lganmi?

- Yo‘q. Buni o‘ylab ham o‘tirmaganman. Lekin hammasi yaxshi bo‘lsa hayotning qizig‘i qolmaydi. Hayot pat-balandliklardan iborat. Har doim ham yomon paytlar bo‘lmaydi. Qachondir yaxshi bo‘lib ketadi. Buning uchun faqat kurashish kerak.

Yoshlar terma jamoasida o‘ynaganman. Endi milliy terma jamoada ham to‘p tepishni istayman. Bu orzuim faoliyatim oxirigacha so‘nmaydi. Buning uchun ko‘p mehnat qilishim kerak. Chunki terma jamoamizning o‘yinlarini televizorda ko‘rganda har qanday odamning havasi keladi. Terma jamoani sog‘inaman. Chunki bu atmasferani ichida bo‘lganlar juda yaxshi bilishadi.    

Oliy ligada mana 6 ta tur yakunlandi. Sizni ajablantirgan jamoa qaysi?

- “Sho‘rtan”. Chunki g‘uzorliklar birinchi o‘yinda g‘alaba qozondi. Shundan so‘ng mag‘lubiyatlar ko‘chasiga kirib qolishdi. Ammo so‘nggi paytlarda “Lokomotiv” va “Paxtakor”ni mag‘lub etishni uddalashdi.

So‘nggi o‘yinlarda poytaxtning grand klublari Qashqadaryoga borganida mag‘lubiyatga uchrab qaytmoqda. Buning sababi nimada?

- Toshkent jamoalari bu mavsum Qashqadaryoda ancha qiynalishmoqda. Deyarli havfli vaziyatlar yaratishmayapti. Lekin nima uchun bunday bo‘layotganini bilmayman. Balki, bizda ko‘proq tandir go‘shti eyilgani uchundir? Yana kim biladi (kuladi).

Siz oliy liga-2017da qaysi legionerni kuchli deb hisoblaysiz?

- Menimcha eng yaxshi legioner Dragan Cheran bo‘lsa kerak. Bu nafaqat men, balki boshqa o‘yinchilar uchun ham. Qolgan xorijlik futbolchilar borasida unday deya olmayman.

Eng yaxshi mahalliy futbolchi qaysi?

- Hozirda Marat Bikmaevga etadigani yo‘q. Oliy liga, OChL va milliy terma jamoada o‘zini ko‘rsatmoqda. Keyin Olig Zateev ham yaxshi harakat qilmoqda.

Bu yil kim chempion bo‘ladi deb o‘ylaysiz?

- “Lokomotiv” chempion bo‘lsa kerak. Ammo o‘zim “Nasaf” bosh sovringa ega chiqishini istayman.  

Kuchli uchlikni oldindan bashorat qila olasizmi?

- “Lokomotiv”, “Nasaf” va “Olmaliq”.

O‘zbekistondagi eng kuchli darvozabon?

- Ignatiy Nesterov. Chunki bo‘yi ham unchalik uzun emas. Menga o‘xshagan.

Yoshlikdan qaysi darvozabonning o‘yinlarini kuzatgansiz?

- Men oldindan Iker Kasilesning o‘yinlarini kuzatib kelaman. Shuningdek Ugo Lorisning ham harakatlari ancha yaxshi.

Sanjar aka vaqtingizni ayamasdan tashrif buyurganingiz uchun rahmat. Sizning klub va hayotdagi ishlaringizga omad tilab qolamiz. Terma jamoada o‘ynash orzuingiz ushalishiga tilakdoshmiz.

- Rahmat sizlarga ham. SPORTS.uz ijodkorlariga ham omad tilab qolaman.

Bekzod ISAEV suhbatlashdi. 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!