Ronaldu, Beyl yo‘qmi, gol ham yo‘q!

  • 2 oktabr, 2018, 15:29
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

 

Tecno

Yozda barcha davrlarning eng yaxshi to‘purarini yo‘qotgan «Real Madrid» bor umidini Garet Beylga qaratgan edi. Biroq uelslik futbolchining kechagi Madrid derbisidagi ancha barvaqt olgan jarohati sabab umidlari puchga chiqdi.

Buyuk futbolchilar katta uchrashuvlarda o‘zini ko‘rsatadi, «Real» mavsumda birinchi bor «Yuventus»ga o‘tib ketgan sobiq futbolchisi Krishtianu Ronalduga ehtiyoj sezdi.

«Atletiko Madrid»ga qarshi nursiz durangda «qirollik klubi» raqib darvozasi tomon umuman yo‘l topa olmadi.

Chorshanba kuni Xulen Lopetegi shogirdlari «Sevilya»dan 3-0 hisobida mag‘lubiyatga uchragan edi. Bu safar ham ular muhim ochkolarni qo‘ldan boy berdi.

«Real»ning eng yaxshi to‘purari yo‘qligida Garet Beyl katta sahnaga chiqishi kuzatilgandi. Baxtga qarshi oldinda qilingan bashorat ancha erta sodir bo‘ldi. Beyl navbatdagi jarohatini oldi va birinchi bo‘limdayoq zaxiraga olindi.

Beylning mavsum startidagi ajoyib o‘yinlari ko‘pchilikda umid uchqunlarini uyg‘otgandi. U o‘z hisobiga allaqachon 3 gol yozdirib qo‘ygan. U «Sevilya»ga qarshi bahsda asosiy hujum quroliga aylangandi. Afsuski «matroslar»ga qarshi bahsda unga to‘liq vaqt etmadi.

Ikkinchi bo‘limda Dani Sebalosning maydonga tushirilishi va britaniyalik futbolchining qayta ko‘rinish bermagani madridliklar muxlislarining umidlari so‘nganini ko‘rsatdi.

Endi yaqin vaqt ichida Iskoning katta ehtimol bilan oldinga chiqarilishi kutilmoqda. U jamoaning bunyodkorlik ishlari bilan shug‘ullansada hujumga qo‘shilishni va uni chiroyli tarzda yakunlashni ham biladi.

Sebalos esa ikkinchi bo‘limdagi o‘yini bilan ko‘pchilikni hayratga soldi, u hatto «Atletiko»dan tashabbusni tortib olib jamoasining yarim himoyasida katta ta’sir o‘tkazishga qariyb erishdi. Biroq bu g‘alaba uchun etarli bo‘lmadi.

Krishtianu Ronalduning ketishi ortida to‘g‘ridan-to‘g‘ri merosxo‘r sifatida ko‘rilgan Marko Asensioda ajoyib imkoniyat bo‘ldi, ammo tajribali Yan Oblak birga-bir vaziyatda ustun keldi.

Boshqa tarafdan esa Tibo Kurtua Antuan Grizmann va Diego Kostalarning havfli zarbalarini qaytara oldi. Ochig‘ini aytganda aynan belgiyalik posbon «Real»ni mag‘lubiyatdan saqlab qoldi.

«Real» uchun alam qiladigani shu bo‘ldiki, ular azaliy raqiblari – kataloniyaliklarning so‘nggi ikki turdan beri ochko yo‘qotayotganiga qaramay, qatorasiga ikkinchi o‘yinda turnir pog‘onasida karvonboshi bo‘lib olish imkoniyatlarini ko‘kka sovurmoqda.

Lopetegi Madrid derbisida Vinisius Juniorga debyutini o‘tkazishga imkon berdi. Biroq bu besamar bo‘ldi. Vinisius jarima zarbasi ishlab olganida «Santyago Bernabeu»ga tashrif buyurganlar so‘nggi daqiqalar qahramoni – Serxio Ramosga bag‘ishlab qo‘shiq kuylashdi. Biroq markaziy himoyachining ham harakatlari zoe ketdi.

Muxlislar shuningdek Ronalduning raqamini qabul qilib olgan Marianoni maydonga tashlashni so‘rashdi.

Lukas Vaskesning maydonga tushirilishi ham tub burilish yasamadi. U ko‘pqirrali, ishonchli futbolchi bo‘lishiga qaramasdan natijaga hal qiluvchi ta’sirini ko‘rsata olmadi.

Darhaqiqat, «Real»ning hujumda «tishsiz» qolishi ularga qimmatga tushishi aniq. Ronaldudan keyingi davrda bu ancha jiddiy xavf hisoblanishini barcha tushunib etdi, chog‘i.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!