
"Paxtakor" o‘z safiga O‘zbekiston terma jamoasi a’zosini qo‘shib olmoqchi
Qarshining “Nasaf” klubi yarim himoyachisi Odil Hamrobekov faoliyatini “Paxtakor”da davom ettirishi mumkin.
Bizga etib kelgan ma’lumotlarga qaraganda “sherlar” 22 yoshli futbolchi borasida “ajdarlar”ga taklif bilan chiqishgan.
Eslatib o‘tamiz, bundan avvalroq "Paxtakor" sport direktori Ja’far Irismetov SPORTS.uz muhbiri bilan suhbat davomida jamoa tayanch yarim himoyachisi pozitsiyasiga munosib nomzodlar qidirayotgani va bu borada legionerlar bilan bir qatorda o‘zbekistonlik 2 nafar futbolchi bilan ham muzokaralar olib borilayotgani haqida aytib o‘tgan edi.
"Hozircha birgina tayanch yarim himoyachisi borasida boshimiz qotyapti. Balki ushbu pozitsiyaga yangi legionerni ro‘yxatdan o‘tkazishimiz mumkin. Bu borada o‘zbekistonlik ikki nafar futbolchi bilan gaplashyapmiz. Mabodo, ular bilan kelisha olmasak, legioner masalasini ko‘rib chiqishimiz mumkin", - deydi Irismetov.
Ma’lumot uchun, Hamrobekov asli “Nasaf” tarbiyalanuvchisi hisoblanadi. U jamoaning asosiy tarkibida 2013 yildan buyon to‘p surib kelmoqda. O‘zbekiston milliy terma jamoasi safida esa 9ta o‘yinda ishtirok etgan.
Fikrlar