
Yuriy Syomin Jaloliddinovning omadsiz transferiga nima sabab bo‘lganini aytdi va unga qanday maslahat berdi?
Moskvaning “Lokomotiv” klubida bir necha yil faoliyat olib borgan taniqli mutaxassis Yuriy Syomin sports.uz muxbiriga bergan intervyusida ko‘plab qiziqarli mavzular haqida gapirdi.
O‘tgan yili hamyurtimiz Jasur Jaloliddinov aynan “Lokomotiv” bilan besh yillik shartnoma imzolagandi, ammo yaqinda barchasi barbod bo‘ldi. Syomin esa suhbat davomida ushbu o‘yinchi bilan bog‘liq vaziyat haqida ham o‘z munosabatini bildirdi.
- Ha, bundan xabarim bor. O‘yinchingiz xususida fikrim shunday: u atrofidagilarning gap-so‘zlariga quloq solmasdan, avvalo, o‘zi “Lokomotiv”dek klubda o‘ynab keta olishi mumkinligi haqida obdon o‘ylab olishi maqsadga muvofiq bo‘lardi. Biroq vakilingiz yoshlik qilib hali bunga tayyorligini bilmasa ham, jamoa bilan bitim imzolashga qaror qildi.
Albatta, bu Jaloliddinovning atrofidagi kishilarning tashabbusi tufayli yuz berganiga shubham yo‘q. Ular Jasurga to‘g‘ri qaror qabul qilish imkonini qoldirmagan ko‘rinadi. Menimcha, Jaloliddinov yakuniy to‘xtamga kelish oldidan bu masalani murabbiy bilan yuzma-yuz uchrashgan holda muhokama qilib olishi maqsadga muvofiq bo‘lardi. Shuningdek, o‘yinchingiz o‘zi to‘p surishi mumkin bo‘lgan yangi jamoadagi vaziyatni o‘z ko‘zlari bilan ko‘rishi kerak edi. Asosiysi, futbolchi bo‘lajak murabbiyning rejasiga to‘g‘ri kelishi, ya’ni – unga asqotishi mumkinligi yoki mumkin emasligini bilib olsa, shu ahvolga tushmagan bo‘lardi.
Aftidan, unga “Lokomotiv”ni tavsiya qilganlar shoshilinch qaror qabul qilishiga majbur etgan ko‘rinishadi. Menimcha, bu ishni agentlar yoki futbolchingiz atrofida bo‘lgan boshqa kishilar favqulodda juda tez amalga oshirishni ma’qul ko‘rgan bo‘lishlari ehtimoldan holi emas. Shu boisdan ham Jasur Jaloliddinovning “Lokomotiv”ga ko‘chib o‘tishi o‘ta omadsiz transferga aylandi. Yosh, boz ustiga kelajagi porloq, deya qaralayotgan o‘yinchi uchun bir yilni shunchaki ovoragarchiliklar bilan o‘tkazib yuborish juda katta yo‘qotishdir.
Men futbol sohasini yaxshi bilganim uchun nima deyayotganimni tushunaman. Albatta, har qanday yosh o‘yinchining bunday taklifdan boshi aylanib qolishi turgan gap. Vaziyat uning zarariga ishlar ekan, futbolchi o‘zidagi eng yaxshi xususiyatlarni yo‘qotishga tushadi. O‘yin amaliyoti bo‘lmas ekan, ijrochi bor mahoratini ham yo‘qota boshlaydi. O‘z navbatida, unda ruhiy tushkunlik yuzaga kelmasdan qolmaydi. Shuning uchun ham yoshlarga maslahatim, avvalo bir to‘xtamga kelishdan oldin atrofingizdagilarning emas, balki o‘zingizning yuragingizga quloq soling.
Futbolchi atrofidagi kishilar unga u yoki bu klubga ko‘chib o‘tsang yaxshi bo‘ladi, deya turli tavsiyalarni berishlari mumkin. Negaki, ularning ham o‘z manfaatlari bor. Ya’ni, shunday insonlar futbolchi orqali avvalo o‘zlarini o‘ylashlari turgan gap. Bir so‘z bilan aytganda, Jaloliddinovning shoshma-shosharlik bilan “Lokomotiv”ga ko‘chib o‘tishi pirovardida umuman o‘zini oqlamadi. Balki uning ko‘chib o‘tishi atrofidagilar uchun omadli chiqqan bo‘lishi mumkindir. Lekin aynan Jasur uchun bu katta yo‘qotish bo‘ldi, deya baralla fikr bildirsa bo‘laveradi. Hayotda shunaqa ishlar ham yuz berib turadi. Jaloliddinovga maslahatim shuki, u o‘zi tushib qolgan murakkab holatdan chiqib ketishga intilishi kerak. Buning uchun o‘yinchingizga iroda kuchi va qat’iy xarakter zarur. Baxtga qarshi u bir yilni shunchaki o‘tkazib yubordi, - deydi "Lokomotiv"ning sobiq ustozi.
Tez orada Yuriy Syomin bilan uyushtirilgan qiziqarli suhbatni to‘liq ko‘rinishda saytimizda o‘qishingiz mumkin. Sports.uzni kuzatishda davom eting!
Fikrlar