
"Yangi Pogba"ga xaridor topildi
Turin superklubi yozgi transferlar vaqtida tarkibini yoshartirish va kuchaytirishga e’tibor qaratadigan bo‘ldi. Jamoada avlodlar almashinuvi bo‘lishi kutilmoqda.
Ma’lumotlarga qaraganda, “Manchester Yunayted”dan Pol Pogbani ololmagan turinliklar o‘yin uslubi frantsiyalik yarim himoyachiga o‘xshaydigan Rayan Gravenberxni transfer qilmoqchi.
“Ayaks” yarim himoyachisi 18 yosh bo‘lishiga qaramay, ancha ishonchli o‘yin ko‘rsatmoqda. “Yuventus” sport direktori Fabio Paratichi futbolchining agenti Mino Rayola bilan bog‘lanib, transfer bo‘yicha muzokarani boshladi.
Rayanning amsterdamlik bilan shartnomasi 2023 yilning yozigacha davom etadi va uning transferi hozircha 28 million evroga baholanmoqda. Vaqt o‘tishi bilan bu summa ham ko‘tarilyapti.
“Yangi Pogba” laqabini olgan Gravenberx joriy mavsumda Niderlandiya chempionatida 24 ta uchrashuv o‘tkazib, uchta gol urdi va beshta golga assistentlik qildi.
Fikrlar