
Xolandning 10 goli, Mukokuning rekordlari! EChL-2020/21 ning eng yorqin voqealari bilan tanishing!
Londonning "Chelsi" klubi turnir startida g‘oliblik uchun asosiy da’vogarlar qatorida ko‘rilmagan bo‘lsada, yakunda sovrinni o‘z muzeyiga olib ketdi. Biz esa, musobaqa davomida qayd etilgan raqamlar bilan sizlarni tanishtirib o‘tamiz.
1-bor amaldagi chempionni turnir vitse-chempioni pley-offda taslim etdi. PSJ Myunxenning "Bavariya"si bilan uchrashuvlarda (2:3, 0:1) omadliroq chiqdi. Bunga qadar hech qachon bu holat EChLda kuzatilmagan.
2 xil jamoa bilan EChL finaliga qadar etib kelgan ikki mutaxassis dueli! Bunga qadar, futbol olamida sanoqli mutaxassislargina ikki xil jamoa bilan klublar o‘rtasidagi eng nufuzli musobaqa finaliga chiqqan.
Ottmar Xittsfeld («Borussiya» Dortmunt va «Bavariya»)
Lui van Gal («Ayaks» va «Bavariya»)
Joze Mourino («Portu» va «Inter»)
Yupp Xaynkes («Real» va «Bavariya»)
Karlo Anchelotti («Milan» va «Real»)
Yurgen Klopp («Borussiya» Dortmunt va «Liverpul»)
Xosep Gvardiola («Barselona» va «Manchester Siti»)
Tomas Tuxel («Pari Sen-Jermen» va «Chelsi»)
Qatorasiga 3-bor nemis mutaxassisi boshqaruvidagi jamoa oltin medallarga ega chiqdi. Bundan avvalroq, Xans-Diter Flikning "Bavariya"si va Yurgen Kloppning "Liverpul"iga teng keladigan klub topilmagan edi.
4 nemis mutaxassisi boshqaruvidagi jamoalar EChL chorak finalida ishtirok etdi. Bu ham mutlaq rekord. Terzich, Klopp, Tuxel va Flik bugungi kunda nemis futboli qolganlarnikidan ancha ilgarilab ketganini barchaga ko‘rsatib qo‘ydi.
6 aniq uzatma sababli Xuan Kuadrado eng yaxshi assistentga aylandi. Vaholanki, "Yuventus" musobaqadagi yurishini ancha erta yakunlagan. Kolumbiyalik futbolchi qanot himoyasida to‘p surganiga qaramay, EChL-2020/21 ni sermahsul o‘tkazdi.
8-bor o‘z jamoasi bilan Evropa chempionlar ligasi yarim finalida harakat qilgan Pep Gvardiola bu ko‘rsatkich borasida Joze Mourinoga etib oldi. Hozirda ular turnir 1/4 final bosqichida eng ko‘p o‘yin o‘tkazgan murabbiylar sanaladi.
9-finalchi nomi "Manchester Siti"ga nasib etdi. Ingliz klublari safida Chempionlar ligasi finalida to‘p surgan "shaharliklar" o‘ziga xos rekord o‘rnatdi. Ularga qadar turnir finalida "Liverpul", "Manchester Yunayted", "Nottingem Forest", "Aston Villa", "Chelsi", "Arsenal", "Lids" va "Tottenxem" klublari to‘p surgan.
10 ta gol kiritgan Erling Xoland musobaqa to‘purari sovriniga ega chiqdi. Bundan tashqari, norvegiyalik futbolchi turnir tarixida 20 ta gol kiritgan eng yosh futbolchiga aylandi. U bu tryukni 20 yoshda amalga oshirdi. Messi va Ronaldu ushbu dovonni bu yoshda zabt etishni uddalay olmagan. E’tiborlisi shundaki, 20 gol kiritish uchun unga 14 o‘yin kifoya qildi.
13 raqami "Marsel" klubi muxlislarini xafa qilishi turgan gap. Klub 2011-12 yilgi mavsumda boshlagan juda xunuk seriyasini takrorladi. Guruh bosqichidagi barcha 6 o‘yinda mag‘lubiyatga uchragan klub 2013-14 mavsumdagi oltita bahsni hammasini boy bergandi. Yaxshiyamki, jamoa joriy mavsumda "Olimpik"ni taslim etdi. Aks xolda, musobaqadagi mag‘lubiyatlar borasidagi antirekord bundanda xunukroq ko‘rinish olishi mumkin edi.
15 bor qatorasiga g‘alaba qozongan "Bavariya" bu borada rekord o‘rnatdi. O‘tgan musobaqada ketma-ket 11 o‘yinni o‘z foydasiga hal qilgan myunxenliklar turnirni 4 g‘alaba bilan boshladi. Shunga qaramay, 5-turda "Atletiko" bilan bahs rekordni "beliga tepdi".
17 yildan beri Karim Benzema va Lionel Messi EChLda gol kiritishni uddalab kelmoqda. Ikkisi ham nufuzli musobaqadagi debyut golini uzoq 2005 yilda kiritgan bo‘lib, shundan beri har mavsum darvozalarni ishg‘ol qilmoqda. Ularga qadar 17 yil davomida har mavsum golni o‘z hisobiga yozib qo‘yishni "Real" Madrid afsonasi - Rauldan boshqa hech kim amalga oshirmagan. 2022 yilda Messi va Benzema uni ortda qoldirishi mumkin.
20 bor raqib darvozasini ishg‘ol qilgan PSJ hujumchisi Neymar ham o‘ziga xos rekord qayd etdi. U "Barselona"da ham xuddi shuncha gol bilan raqiblarini ranjitgan edi. Shu tariqa, braziliyalik futbolchi ikki klubda EChLda 20 bor darvozabonlarni ranjitgan birinchi futbolchiga aylandi.
25-golini kiritgan Kilian Mbappe endigina 22 yoshga qadam qo‘ydi. Shu tariqa, hujumchi Leo Messi tomonidan o‘rnatilgan rekordni yangiladi. E’tiborlisi shundaki, frantsuz o‘zining 25-golini aynan "Barselona" darvozasiga yo‘lladi.
26 yildan beri hech kim yangilay olmayotgan rekord "quladi". Selestin Babayaro 16 yosh 87 kunlik chog‘ida musobaqada debyut qilgan edi. "Borussiya" Dortmund klubi a’zosi - Yussufa Mukoko ham 16 yosh 87 kunlik chog‘ida "Zenit"ga qarshi o‘yinda ishtirok etdi. Shu tariqa, u Babayaroning rekordini yangiladi.
27 gol urgan "Bavariya" turnirning eng sermahsul klubiga aylandi. Chorak finalda musobaqani tark etganiga qaramay, nemislar qolgan barchadan kiritilgan gollar soni bo‘yicha o‘zib ketdi. Bu borada "Manchester Siti" 25, "Chelsi" 23 gol bilan Myunxen klubidan ortda qoldi.
30 bor EChL va Evropa Chempionlar kubogi yarim finaliga etib borgan "Real" shaxsiy rekordini yangiladi. Bu natijalarning 14 tasi EChL erasiga to‘g‘ri keladi. Evropadagi birorta klub 14 bor kuchli to‘rtlikda bo‘lishni uddalay olmagan.
38 o‘yinda g‘alaba qozongan Yozua Kimmix rekord qayd etdi. Qahramonimiz, EChL dagi ilk 50 o‘yinining 76 foizida g‘alaba qozondi. Bu turnir tarixidagi eng zo‘r natija!
42-finalchi maqomini "Manchester Siti" o‘ziniki qilib oldi. "Shaharliklar" ilk finalida "Chelsi"ga mag‘lub bo‘ldi. E’tiborlisi shundaki, qatorasiga 3 yildan beri finalda biror bir jamoa debyut qilmoqda. 2019 yilda "Tottenxem", 2020 yilda PSJ va 2021 yilda "Manchester Siti" o‘z tarixida ilk bor finalda o‘ynadi. Ularning uchalasi ham hal qiluvchi bahsda mag‘lubiyatga uchradi.
73 golini kiritgan Robert Levandovski EChL to‘purarlar ro‘yxatida Raul Gonsalesni quvib o‘tdi. Ispaniyalik snayper hisobidagi 71 gol bor edi. Polyakdan oldingi o‘rinda Leo Messi (120 gol) va Krishtianu Ronaldu (134 gol) bormoqda.
75 yil 129 kunlik Mirko Luchesku "Dinamo" Kievning guruh bosqichidagi so‘nggi uchrashuvida jamoasini maydonga boshlab tushdi. Luchesku EChL tarixidagi eng yoshi katta mutaxassisga aylandi. Qahramonimiz joriy mavsumda Ukraina chempionligini qo‘lga kiritdi. Bundan chiqdi, u kelasi yilti o‘z rekordini yangilab olishi mumkin.
Fikrlar