
Husanov “boyvachchalar” qatoriga qo‘shildi
Yozgi transferlar davrida Frantsiya chempioni va Evropa Chempionlar ligasi g‘olibi “Pari Sen-Jermen” Angliya Premer-ligasi vakili “Bornmut”dan ukrainalik futbolchi Ilya Zabarniyni sotib oldi.
Parijliklar bu o‘yinchi uchun inglizlarga 63 million evro miqdorida badal puli to‘ladi. Transfer bo‘yicha ekspertlar ushbu savdodan keyin Evropa futbolidagi transferlar tarixini tahlil qilib, sobiq ittifoq hududidan etishib chiqqan va eng qimmat narxga boshqa jamoaga ko‘chib o‘tgan charm to‘p ustalari reytingini tuzib chiqdi.
E’tiborli jihati shundaki, eng qimmat transferlar reytingiga sobiq ittifoq tarkibiga kirgan 15 ta respublikadan faqat beshtasi – Gruziya, Ukraina, Armaniston, O‘zbekiston va Rossiyadan etishib chiqqan futbolchilar o‘rin oldi. Ular orasida 2025 yilning eng shov-shuvli transferlaridan biri – Abduqodir Husanovning Frantsiya klubi “Lans”dan Angliyaning eng kuchli jamoalaridan “Manchester Siti”ga o‘tgani ham kiritildi.
Umumiy reyting quyidagicha ko‘rinish oldi:
1. Xvicha Kvaratsxeliya, Gruziya (€ 75 mln, “Napoli”dan PSJga).
2. Mixail Mudrik, Ukraina (€ 70 mln, “Shaxtyor Donetsk”dan “Chelsi”ga).
3. Ilya Zabarniy, Ukraina (€ 63 mln, “Bornmut”dan PSJga).
4. Andrey Shevchenko, Ukraina (€ 43,88 mln, “Milan”dan “Chelsi”ga).
5. Genrix Mxitaryan, Armaniston (€ 42 mln, “Borussiya Dortmund”dan “Manchester Yunayted”ga).
6. Abduqodir Husanov, O‘zbekiston (€ 40 mln, “Lans”dan “Manchester Siti”ga).
7. Aleksandr Zinchenko, Ukraina (€ 35 mln, “Manchester Siti”dan “Arsenal”ga).
8. Genrix Mxitaryan, Armaniston (€ 34 mln, “Manchester Yunayted”dan “Arsenal”ga).
9. Artyom Dovbik, Ukraina (€ 30,5 mln, “Jirona”dan “Roma”ga).
10. Aleksandr Golovin, Rossiya (€ 30 mln, TsSKAdan “Monako”ga).
10. Georgiy Mamardashvili, Gruziya (€ 30 mln, “Valensiya”dan “Liverpul”ga).
Ta’kidlash joizki, Abduqodir Husanov Frantsiyaning “Lans” klubi tarixida eng qimmat chiqish transferi sifatida qayd etilgan. “Manchester Siti” lansliklarga 40 million evrodan tashqari yana 10 million evro bonus ham va’da qilgan edi.
O‘zbekistonlik markaziy himoyachi “Lans” g‘aznasiga juda katta foyda keltirdi. “Lans” 2023 yilning yozida Husanovni Belarusning “Energetik-BGU” jamoasidan olish uchun 100 ming evro sarflagani aytilgandi.
Bir yarim mavsum Frantsiyada to‘p tepgan Abduqodir o‘z salohiyatini namoyish qila oldi. 2025 yilning yanvar oyidagi qishki transferlar oynasida Evropaning o‘ndan ziyod klubi legionerimiz uchun kurashga kirishdi.
Biroq “Manchester Siti” birdaniga katta summa tikib, Abduqodir Husanov transferiga oid barcha masalani bir urinishda yopdi.
Fikrlar