
Xamzat Chimaev Kamaru Usmanni muddatidan avval mag‘lub etadi (So‘rovnoma)
21 oktyabr kuni tashkil etiladigan, “UFC 294” turnirining har ikki markaziy jangida ham almashuvlar yuzaga kelganidan xabaringiz bor. 2-markaziy jangda Xamzat Chimaevga Paulo Kosta raqiblik qila omasligidan keyin bu jangni Kamaru Usman qabul qildi va endi ularning o‘zaro to‘qnashuviga guvoh bo‘lamiz. Biz an’anaga muvofiq ushbu jangdagi imkoniyatlar haqida ham o‘zbek MMA olami vakillarining fikri bilan qiziqdik.
Farruh Madaminov – murabbiy
- To‘g‘risi, Hamzat Chimaevga avvalgidan ko‘ra, jiddiyroq raqib to‘g‘ri keldi. Ochig‘i, Chimaev Paulo Kostani muammosiz mag‘lub etardi. Biroq, Usman oddiy jangchi emas. U sobiq chempion sanaladi va uning janglarda qanday dominantlik qilganini ko‘p guvohi bo‘lganmiz. Chimaevning kurashiga dosh bera olishi mumkin bo‘lgan, kam sonli jangchilardan biri. Lekin uning ruhiy tomonlama tayyor deb bo‘lmaydi. So‘ngi janglaridagi mag‘lubiyatlar uni anchagina ruhiy jihatdan kuchsizlantirgan. Qolaversa, chuqur nokautga ham uchradi. Shuningdek, bitta jang uchun to‘liq lager kerak bo‘ladi. Usmanda bunday imkoniyat bo‘lmadi. Chimaevda esa, yutqazish degan tushuncha yo‘q. Unda kuchli harakter bor. U nafaqat kurashda balki “stoyka”da ham Usmandan ustunroq, deb bilaman. O‘ylaymanki, jang muddatidan avval Chimaevning g‘alabasi bilan tugaydi.
Abdufattoh Shermatov – referi
- Ha, Xamzat Chimaev juda zo‘r jangchi va kurashi borasida ko‘pchilikka “dars” beradi. Lekin u Usman bosib o‘tgan yo‘lni hali yarmiga ham etib kelgani yo‘q. Kamaru Usman UFC da toblandi. Unda chempionlik harakteri bor va kurash borasida ham Chimaev bilan bemalol bahslasha oladi. Nazarimda bu jangda Kamaru Usman g‘alaba qozonadi.
Dadaxon Hasanov – MMA jangchisi, referi
- Qiziqarli jangning guvohiga aylanamiz. Bir-biriga mos raqiblar. Uslublar to‘qnashuvi bo‘ladi. Chimaev qay tarzdagi jangni taklif etsa, Usman barchasiga tayyor bo‘ladi. Uning”arsenal”i ham boy. Agar, Chimaev “parter”da nazorat qila olmasa, g‘alabani Usman olib ketadi. Imkoniyatlarni 60/40 degan bo‘lardim. Albatta, Usman foydasiga!
Ozodbek Pardaev – menejer
- Bu jangda ham Xamzat Chimaevning imkoniyatini yuqori baholagan bo‘lardim. To‘g‘ri, Usmanning kurashi yaxshi deyishmoqda. Ammo, Chimaevning grepplingi va kurashi baribir ustun. Menimcha Chimaev jangni muddatidan avval 2 yoki 3-raundda yakunlaydi.
Doniyorbek Ro‘ziev – murabbiy
- Kamaru Usman katta tavakkalga qo‘l urdi. Qisqa vaqtda Xamzat Chimaevga qarshi jang qilish oson emas. Chimaev bu jangga juda uzoq va mukammal tayyorgarlik ko‘rdi. To‘g‘ri, Paulo Kosta bilan Kamaru Usmanning jang olib borish uslubi bir xil bo‘lmasa ham, baribir Chimaev juda yaxshi jismoniy holatga tushib ulgurgan. Usmanda esa bu muammo bo‘ladi. O‘ylaymanki, Chimaev 2-raundda g‘alaba qozonadi.
Humoyun Mahkamov – MMA jangchisi
- Imkoniyatlarni teng baholagan bo‘lardim. Oldindan biror fikr bildirish qiyin. Xamzat Chimaevning birgina ustunligi u to‘liq mashg‘ulot lagerini o‘tkaganligida bo‘ladi. Usmanning hozirgi holati qay darajada shunisiga bog‘liq. Agar, u o‘zini yaxshi xis qilsa, Chimaevga oson bo‘lmaydi. Imkoniyatlarni 50/50 degan bo‘lardim.
Kamron Ortiqov – MMA jangchisi
- Qattiq jang bo‘ladi. Nisbatan Xamzat Chimaevning kurashi yaxshiroq. Ammo, Kamaru Usman kurashchilarga qarshi qanday jang olib borishni yaxshi biladi. Jang to‘liq davom etadi, deb o‘ylayman va unda Chimaev ochkolar hisobiga g‘alaba qozonadi.
Fikrlar