Viktor Kumikov: "Maqsad bitta: "Andijon"ni Superligada saqlab qolish! Umid qilamanki, omadli davr boshlanadi"

  • 30 iyul, 2021, 00:56
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Kuni kecha “Andijon” rahbariyati rossiyalik mutaxassis Viktor Kumikovni yana jamoaga qaytardi.

Tecno

Xabaringiz bor, ushbu murabbiy o‘tgan yili ham 10 ta uchrashuvda jamoaga bosh murabbiylik qilgandi. Taqdir taqozosi bilan bu yil yana Viktor Balyutovich “Andijon”ga qaytarildi.

Ayni paytda u jamoadagi vaziyatni yaxshilash uchun eng shimarib ishga kirishgan. Sports.uz muxbiri Kumikovga bir qancha savollar bilan murojaat qildi.  

- Viktor Balyutovich, sizni “Andijon” futbol klubiga qaytganingiz bilan tabriklaymiz. Bu erga qaytishingizga nima turtki berdi?

- Katta rahmat! Klub rahbariyati tomonidan taklif bo‘ldi. Biz birgalikda o‘tirib asosiy masalalarni muhokama qilib oldik. Meni shartnomadagi barcha bandlar qanoatlantirdi. Shu bois klubga qaytishga qaror qildim.

- Siz jamoadan qoniqarsiz natijalar sababli o‘tgan yili ketgandingiz. Tabiiyki, oradan bor-yo‘g‘i bir yil o‘tibgina yana “Andijon” klubiga qaytishingiz mumkinligini kutmagan bo‘lsangiz kerak?!

- Men qoniqarsiz natijalar tufayli klubdan ketmaganman. Balki o‘sha paytda jamoa rahbariyatida o‘zgarish yuz bergandi. Ketishimning sababi ham shu. Aksincha, ketishimdan oldin biz yuzaga kelgan vaziyatdan qanday chiqish yo‘llarini muhokama qilib olgandik. Bu safar ham jamoaning musobaqa jadvalidagi egallab turgan o‘rnidan kelib chiqqan holda hammasini maslahat qilib, murakkab holatdan chiqib ketish uchun reja tuzdik.

kumikov6_2

- O‘tgan yili ham “Andijon”ni murakkab vaziyatda qabul qilib olgandingiz. Ammo o‘tgan yili siz boshchilingizda klubning natijalari qoniqarsiz ko‘rinish olgan. Bu safar ham shunday holat takrorlanishi mumkinligidan cho‘chimaysizmi?

- Yo‘q, qo‘rqmayman. O‘tgan yili jamoa bilan hech kim shug‘ullanmagandi. Bu safar esa hammasi boshqacha bo‘lishidan umid qilyapman.

- Etakchi o‘yinchilar “Andijon”dan ketishga qaror qilganidan xabardorsiz. Vaqt esa o‘tib boryapti, transfer oynasi yopilishiga ham sanoqli kunlar qolgan. Shu qisqa fursat oralig‘ida tarkibga jamoada o‘zingiz ko‘rishni istagan futbolchilarni olib kelishning iloji bormi?

- Shu vaqt oralig‘ida yuzaga kelgan muammoni iloji boricha ijobiy hal etishga harakat qilyapmiz. Ko‘ramiz, bu ishni qanchalik muvaffaqiyatli yakunlay olar ekanmiz?..

kumikov4_4

- “Andijon”ni qayta qabul qilish haqidagi taklifni olganingizdan so‘ng, uzoq o‘ylanishingizga to‘g‘ri keldimi yoki?..

- Uzoq o‘ylashimga hojat bo‘lmadi. Muzokaralar tezda amalga oshdi. Shunchaki, ayrim bandlarni muhokama qilishimizga to‘g‘ri keldi. O‘zimni qanoatlantiradigan javoblarni olganimdan so‘ng, hammasi osonlikcha hal bo‘ldi.

- Birinchi davrada “Andijon” ishtirokidagi qaysi o‘yinlarni kuzatdingiz?

- “Andijon” ishtirokida faqat “Navbahor” va AGMKga qarshi uchrashuvlarni to‘liq ko‘rdim.

- Agar sir bo‘lmasa, jamoa rahbariyati sizning oldingizga qanday vazifa qo‘ygani-yu, o‘z navbatida siz qanday shartlarni qo‘yganingizni aytib bera olasizmi?

- Rahbariyat tomonidan qo‘yilgan shart shunday: jamoani Superligada saqlab qolish!

kumikov3_7

- Sizga bugungi tarkib kuchsizdek ko‘rinmayaptimi?

- Hozircha jamoa tarkibidagi futbolchilarning hammasini bilmayman va tabiiyki, tarkib kuchli yoki kuchsizligi haqida bir narsa deyishim qiyin. Men faqat klubdagi bir qancha kishilarni taniyman xolos. O‘ylaymanki, tarkibga iloji boricha bir qancha legionerlarni olib kelamiz va shuning evaziga g‘alaba qozonish ishtiyoqi ortadi. O‘z navbatida bu hol boshqa o‘yinchilarda ham ishtiyoq va fidoyilikni ko‘tarishga xizmat qiladi, deb o‘ylayman.

- 31 iyul kuni “Andijon” chempionat doirasida “Turon” bilan uchrashadi. O‘yin esa Andijonda emas, balki Namanganda bo‘lib o‘tadi. O‘sha bellashuvda jamoaning g‘olib chiqishi mumkinligiga ishonasizmi?

- Ikkala klub ham musobaqa jadvalida havas qilishga arziydigan o‘rinlardan birini egallab turishmayapti. Shunday ekan, bu masalada ko‘p narsa futbolchilarning ishtiyoqiga bog‘liq bo‘lib qoladi. Kimda ishtiyoq kuchli bo‘lsa, o‘sha g‘alaba qozonadi. Albatta, biz bo‘lajak uchrashuvda g‘alaba qozonish kerakligini jamoa oldiga vazifa qilib qo‘yganmiz.

kumikov2_6

- Doniyor Abdumannopov Belarus klubiga o‘tib ketdi. Uni “Andijon”da saqlab qolishning iloji bormidi?

- Endi bu haqda gapirishga kech. Shunday ekan, fikr bildirish befoyda. Aksincha, jamoada boshqa muammolar va vazifalarni hal qilish haqida o‘ylash kerak.

- Oxirgi paytlarda negadir murabbiylik faoliyatingizda biroz pasayish kuzatilib, elitada jon saqlab qolish ilinjidagi klublarda ishlab kelyapsiz. Buni qanday izohlagan bo‘lardingiz?

- Har qanday murabbiyning faoliyatida bunday holatlar kuzatilmasdan qolmaydi. Shunday ekan, bundan ajablanish yaramaydi. Ehtimol, shunday bo‘lishi ham kerakdir, hamma narsa murabbiyga bog‘liq emas. Har qanday muvaffaqiyatning ko‘plab omillari bo‘ladi. Menga bog‘liq bo‘lgan hamma ishni amalga oshiraman. Umid qilamanki, omadli davr boshlanadi.

kumikov_8

- Murabbiylar shtabingizni aniqlashtirib oldingizmi?

- Katta murabbiy – Oleg Valerevich Kornienko. Darvozabonlar murabbiyi – Qobil Olimjonov. Qolgan boshqa yordamchilar masalasini endi hal qilamiz.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!