Vaqtida qilingan "o‘g‘rilik", to‘psizlar g‘alabasi, bir-biridan o‘tgan ayyor murabbiylar - "Real" - "Siti" o‘yini haqida

  • 10 may, 2023, 03:42
  • Karim Xudayqulov
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Evropa Chempionlar ligasi, yarim final, ilk to‘qnashuv. Ha, kutilgan stsenariy ostida boshlangan o‘yin. Doimgidek "Siti"dan maydonda aktivlik guvohi bo‘ldik, "Real" esa himoyalandi va qarshi hujumlarga tayanib bir taymni o‘tkazdi. Xullas, uchrashuv avvali mutaxassis va muxlislarning taxminlariga mos bo‘ldi, ammo... 

this is pep

Birinchi bo‘lim haqida 

Birinchi taymda "Siti" to‘p nazoratida yaqqol farq bilan ustunlik qildi - 68:32. Zarbalar soni 6 ta, aniqlari esa 4 ta. "Real" esa 1 ta zarba bilan 1 ta gol urib ketdi. "Qaymoqranglilar"ning xG ko‘rsatkichi 0.6ni tashkil etdi. Bu degani Anchelotti shogirdlari deyarli xavfli hujum tashkil qilmasdan gol urishning uddasidan chiqdi. Mana buni maksimal realizatsiya va minimal futbolning g‘alabasi, desa bo‘ladi. To‘g‘ri, "Siti"ning hujumlari bartaraf etilishida Kurtua va mudofaaning ham hissasi katta. Biroq taktika futbolchilarga yo‘nalish beradi. "Real" o‘z darvozaboniga ishonadiki, ko‘rqmasdan shunday o‘ynay oladi. Birinchi taym uchun Madrid klubiga 5 baho qo‘yaman. Samaradorlik uchun. 

photo_2023-05-10_03-20-04

Ikkinchi bo‘lim haqida 

Poygalardan charchagan Gvardiola g‘alaba faqat tinimsiz hujumlar orqali bo‘lmasligini tushunib etdi. Aslida, bunga ancha bo‘lgan. "Bavariya"ga qarshi Myunxendagi o‘yinda himoyalanishni qoyilmaqom uddalagan "shaharliklar" "Real"ga qarshi ikkinchi bo‘limda ham o‘sha rejimni yoqdi. Gvardiolada hozir shu qadar zo‘r tarkib borki, undan istalgan shakl-shamoyilni yasasa bo‘ladi. Xohlasa hujumkor, himoyaviy, qarshi hujumlarga tayanib o‘ynaydigan, xullas, Gvardiola qo‘l ostidagi armiya joriy mavsumda ancha mobillashdi. Vaziyatga moslashib o‘ynashni o‘rgandi. Ikkinchi bo‘limda to‘p ustunligi "Real" tomonda bo‘ldi - 57:43. Quyida statistikani diqqat bilan kuzating va Pepning oqilona qaroriga qarsak chalib qo‘ying: 

realll



Onda-sonda tashkil qilingan hujumlar u qadar xavf tug‘irmagan bo‘lsa-da, ijrochilarning mahorati bilan baribir gol urib ketishning iloji bor edi. Shunday bo‘ldi ham. Bugungi bahsda Pep De Bryuyne atalmish "quroli"dan maksimal foydalandi. Xuddi "Real" Vinining texnik imkoniyatlariga tayanib o‘ynagani kabi. Aslida, Anchelotti va "Real" ispaniyalik mutaxassisning ikkinchi bo‘limda qilgan ishini har doim katta o‘yinlarda bajarib kelgan. Tiki-takani dunyo bo‘ylab yoygan va ko‘pchilikning ilhomiga sabab bo‘lgan murabbiy natija uchun bir safar o‘z repertuaridan chekinsa, aybga buyurmaysiz. Manchesterliklar ikkinchi bo‘limda kuchsiz emasdi, shunchaki, birinchi bo‘limdagidan aqlliroq edi. 

itskevin

O‘zgarishlar nega bo‘lmadi? 

Aytganimizdek, Gvardiola ikkinchi bo‘limda minimalizmni afzal ko‘rdi. Zaxiradan Foden va Mahrezning tushishini, Grilish Bernardu yoki Gyundoganning zaxiraga olinishini ko‘pchilik kutgandi. Nega o‘zgarishlar bo‘lmadi? Qaror vaziyatga yuz foiz mos. Himoyaga urg‘u berayotgan "Siti"ga ortiqcha hujumkorlik kerak emasdi. Grilish va Bernarduning vingerlik xususiyatlaridan ham ko‘proq yarim himoyadagi salohiyati yuqoriroq. Ular kerakli pallalarda "stopper"lik ham qila oladi. "Real" hujumga bor kuchi bilan o‘tayotgan bir pallada Gyundogan, Bernardu, Grilish, Rodri va Stouns maydon markazida balansni ushlab berdi va ko‘p hollarda himoyachilarga ham ish qoldirmadi. Aniqrog‘i, qanot himoyachilaridan voz kechgan "Siti" uchun bu futbolchilar kerak pallada o‘sha pozitsiyada o‘ynab bera oldi. Foden hamda Grilish baribir "harorat" futbolchilar. Ular tushishi bilan oldinga tashlanadi. Maydonda bajaruvchi vazifalari ko‘proq hujumkorlikka qaratilgan. Ushbu holatda Gvardiolaning qarorini to‘g‘ri tushundim, oqladim va qoyil qoldim. Ikkinchi bellashuvda ularga imkoniyat berilishi mumkin. Qaysiki, "Siti"ga gol suv va havodek zarur bo‘lgan paytda.  Alvaresga kelsak, u baribir daraja jihatdan Xolanddan pastroq. Erling qaysidir pallada baribir vaziyatini topib, gol urib keta oladi. Uni zaxiraga olishni to‘g‘ri qaror demagan bo‘lardim. Xulianni asosiy tarkibda maydonga tashlash "Siti" uchun oxirgi chora, lekin Madridda, hisob ko‘ngildagidek bo‘lib turgan vaqtda ortiqcha riskga na hojat. 

foden


Xulosa 

"Siti" birinchi o‘yin uchun missiyasini uddaladi. Ular "Etixad"da kichik ustunlikka ega bo‘ladi va o‘yin favoriti maqomini hamon saqlab qoldi. To‘g‘ri, "Real" bunaqa kichik ustunliklarni va har qanday taxminlarni parchalab tashlashga qodir jamoa. Shunday bo‘lsa-da, o‘yin taqdiri bugun hal bo‘lmagani kishini xursand qiladi. Tinimsiz hujumlar qilayotgan "shaharliklar" Vinining golidan keyin kichik muddat "aftershok" holatida bo‘ldi. Shu holatdan Pep jamoani betalofat olib chiqib ketdi, deya olaman. Bo‘lmasa, biz "Real"ning anchagina ishonchli g‘alabasini ham ko‘rishimiz ehtimoli bor edi. 



                                                                                                                         Xudayqulov Karim maqolasi 

Tecno

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!