
Ulug‘bek Baqoev: "Futbolda hamma vaqt yutishning iloji yo‘q"
Pro liganing 12-turida “Buxoro” klubi Muborakda “Mash’al” mehmoni bo‘ldi va 1:0 hisobida yutqazdi. Shu tariqa, Ulug‘bek Baqoev jamoasi ilk bor chempionatdagi mag‘lubiyatini tan oldilar. Uchrashuvdan keyin Baqoev bir qator savollarga javob qaytardi.
- O‘zingiz ko‘rdingiz, o‘yin boshidayoq gol o‘tkazib yubordik. Keyin biroz o‘zimizga keldik va hisobni tenglashtirish uchun ikkita imkoniyatga ega bo‘ldik. Lekin “Mash’al” yaxshi himoyalandi. Ikkinchi bo‘limda esa ob’ektiv tomonidan olib qaraganda o‘yin tenglashdi. Yaqqol golga tortadigan imkoniyatlar keyinroq bo‘lmadi hisob. “Mash’al”ni tabriklayman. Endi yigitlar bilan navbatdagi uchrashuvga hozirlik ko‘ramiz.
- Legionerlarning o‘yini sizni qoniqtirdimi?
- Legionerlarga kelsam, ular o‘z darajasida o‘ynashdi. Futbolda g‘alaba va mag‘lubiyatlar bo‘lib turadi. Shu bois hozir kimnidir ayblash noto‘g‘ri. Aksincha, mavsum davom etayotganini unutmagan holda ishlashda davom etish kerak bo‘ladi.
- Zaxiradan maydonga tushirgan futbolchilaringiz qanchalik ishonchingizni oqladilar?
- Zaxiradan o‘yinga qo‘shilish osonmas. Kimdir darhol kirishib ketadi. O‘yin jamoa uchun qiyin o‘tayotgan mahalda esa bu futbolchining o‘ziga ham oson kechmaydi. Aytishim kerakki, kimdir o‘yinga qo‘shilib ketdi, ayrimlar esa imkoniyati darajasida to‘p sura olmadi. O‘yin yakuni borasida albatta hammasini o‘rganib chiqamiz.
- Hujum uyushtirilgan vaziyatda ko‘proq kimni aybdor deb bilasiz: darvozabonnimi yoki himoyachilarnimi?
- Boya aytganimdek, hozir biror narsa deyish, kimnidir ayblash to‘g‘ri bo‘lmaydi. O‘yinlari uchun yigitlarimizga rahmat aytmoqchiman.
- Nima deb o‘ylaysiz, “Buxoro” kuchlimi yoki “Mash’al”mi?
- Hozircha “Mash’al” bilan uchta o‘yinda ikki bor 0:0 va bugun 0:1 o‘tkazdikmi? Hali yana ular bilan uchrashamiz va kim kuchliroq ekanligini mavsum oxirida bilib olamiz.
- O‘yin boshidayoq tezkor gol o‘tkazib yubordinglar. Buni qanday qabul qildingiz va rejalaringizga qanchalik ta’sir o‘tkazdi?
- Tezkor gol o‘tkazib yuborganimiz o‘yinga ta’sirini o‘tkazmasdan qolmadi, albatta. Lekin buning bir qancha ob’ektiv sabablari bor. Reglamentga ko‘ra kechki soat 18:00 ga etib kelishimiz kerak edi. Buning uchun esa sahar yo‘lga chiqish kerak bo‘ladi. Yo‘lning ham o‘ziga yarasha mashaqqatlari bo‘ladi. Ehtimol, yigitlarimizning o‘yinga kirishib ketishlariga ham bu hol va tezkor gol ta’sir o‘tkazgan bo‘lishi mumkin. Aynan nimalar evaziga shunday bo‘lganini aytish qiyin.
- Hakamlar tomon ko‘p e’tirozlar bildirdingiz?
- Hakamlar masalasi borasida fikr bildirishni istamagan bo‘lardim. Qolaversa, ularning ishini nazorat qiladigan komissiya, hakamlar qo‘mitasi bor. Bosh hakam o‘yinchimizga nisbatan qo‘pol harakatni ko‘rmay qolsa va bu paytda to‘rtinchi hakam aralashsa, o‘z-o‘zidan nimalar deyishingizni nazorat qila olmasligingiz mumkin. Futbol - ehtiroslarga boy o‘yin.
- “Buxoro”da Jasur Hasanov, Vitaliy Denisov, Artyom Filiposyan, Davron Hoshimovga o‘xshagan yoshi katta futbolchilar bilan birga yosh o‘yinchilar uyg‘unlashtirilgan. Tezkor “Mash’al”ga qarshi uchrashuvda jamoangizning rejalari o‘xshamadi. Jamoani kuchaytirish uchun boshqa rejalar ham bormi?
- Savolingizdan ko‘zlangan maqsadni sira tushunmadim. Bugun biz mavsumdagi ilk mag‘lubiyatga uchradik. Katta yoshdagi futbolchi bo‘ladimi yoki yoshlarmi, buning nima farqi bor?! Bu mening fikrim. Futbolda esa hamma vaqt yutishning iloji yo‘q. Yana qaytaraman, bugun birinchi marta mag‘lub bo‘ldik va bundan qandaydir ajiotajni yuzaga keltirish yarashmaydi. Shogirdlarimga ishonaman. Ular kuchli bo‘lmaganida hozir jamoa a’zolari hisoblanmas edilar.
Fikrlar