
U "Turon"ga o‘tganidan afsusda emasmi? Jamoasi nega g‘alaba qozona olmayapti? Yana Yaponiyadan takliflar bormi? Fozil Musaev qanday javob berdi?
Ahamiyat bergan bo‘lsangiz, bu yil chempionatimizga ko‘plab legionerlarimiz qaytib kelishdi. Ayniqsa, ularning orasida nomi chiqqan futbolchilarimizning ham borligini alohida ta’kidlash o‘rinli. Masalan, ulardan biri Fozil Musaev.
32 yoshli futbolchining bungacha bir necha mavsum davomida Yaponiyaning “Jubilo Ivata” klubida faoliyat olib borganini yaxshi bilasiz. Ko‘zga ko‘ringan o‘yinchilarimizdan biri, terma jamoada ham to‘p surgan. Qisqasi, uning o‘ziga yarasha statusi bor. Ayniqsa, Musaev yapon futboli va hayotiga ancha ko‘nikib ketgandi. Shu bois uni u erda juda yaxshi bilishadi va hurmat qilishadi.
Odatda, bir necha yil xorijda to‘p surib kelgan futbolchining o‘zimizdagi chempionatga qaytib, faoliyatini davom ettirishida past-balandliklar yaqqol ko‘zga tashlanadi. Bu masala yuzasidan Fozil Musaevga Superligamiz haqidagi savolni o‘rtaga tashlaganimizda javobi shunday bo‘ldi:
- Hammasi o‘sha holatda. Faqat klublar professional yo‘nalishga o‘tgan. Deyarli barcha jamoalarda maydonning holati ham yaxshi tarafga o‘zgargan. Qolaversa, ko‘p klublar o‘z oldiga chempionlikni maqsad qilib qo‘yishgan, - dedi Musaev.
Fozil to‘p surayotgan “Turon” klubining ham maqsadi jiddiy edi. Mavsum avvalida hattoki kuchli uchlik uchun kurashishi borasida ma’lumotlar chiqdi. Tarkibga qarasangiz, shunga yarasha tajribali o‘yinchilar jamlanganini ko‘rish mumkin. Garchi debyutant bo‘lsa-da, marrani katta olgandi. Lekin “Turon” o‘zi ishtirok etgan beshta o‘yinda hali g‘alaba qozona olgani yo‘q. 2 ta durang va 3 ta mag‘lubiyat qayd etildi. To‘g‘ri, tarkibda nomi chiqqan va tajribali o‘yinchilar ko‘p. Lekin bu zo‘r jamoa yig‘ildi, degani emas. Buning uchun vaqt kerak. Shakllanishi uchun ham o‘sha vaqt talab etiladi. Fozil Musaev “Turon”ning g‘alabasiz ishtiroki xususida o‘z fikrini quyidagicha ifodaladi.
- Bu jamoa ilk bor Superligada o‘ynayapti. Bu yangi jamoa va yangi o‘yinchilar. Albatta, vaqt kerak bo‘ladi. Har qanday jamoaning shakllanishida bu juda muhim omilga aylanadi. Bundan tashqari, ozgina omad bo‘lsa, g‘alaba ham keladi. Eng asosiysi, ishlashdan hamda mehnat qilishdan to‘xtab qolmaslik kerak. Yana qaytaraman: g‘alabalar albatta keladi. “Turon” bosh murabbiyi juda talabchan va g‘alabaga chanqoq.
Ha, tajribali yarim himoyachi jamoasining ruhiyatini ko‘tarish uchun ham g‘alabalar yaqin ekaniga ishora qilmoqda. Lekin har qanday klubni ham, futbolchilarni ham g‘alabasiz seriyalar xafa qilishi turgan gap. Ayniqsa, tarkibingda Musaev va yana boshqa yaxshi saviyadagi ijrochilar bo‘lganida g‘alabasiz holatda turnir jadvalida oxirgi o‘rinda yurish juda yoqimsiz ko‘rinadi. To‘g‘ri, kecha O‘zbekiston Kubogi doirasida “Aral Samali”ni 4:1 hisobida mag‘lub etdi. Ammo biz asosan Superliga haqida so‘z yurityapmiz. Aslida Fozilning mavsum avvalida bir qator takliflar orasidan “Turon”ni tanlaganida ko‘pchilik hayron qolgandi. Xo‘sh, o‘tgan vaqt davomida futbolchi bu qaroridan afsuslanmayaptimi?
- Yo‘q, afsuslanmayman. Klub oldiga yuqori maqsad qo‘yilgan, garchi bu yil Superligada ilk bor ishtirok etayotgan bo‘lsa ham. Klub prezidenti jamoa va futbolchilar uchun hamma sharoitlarni yaratib beryapti, - dedi Musaev.
Yodingizda bo‘lsa, Fozil bilan “Jubilo Ivata”ni tark etib, Toshkentga qaytgan paytda ham suhbatlashgandik. O‘shanda unga Yaponiyada o‘zini qoniqtiradigan takliflar bo‘lmayotgani haqida ma’lum qilgandi. Hozirgi paytga kelib vaziyat o‘zgarganmi? Aniqrog‘i, unga yana Yaponiya klublaridan qiziqishlar bo‘lyaptimi? Shu masala bo‘yicha qiziqqanimizda futbolchi shunday javob qaytardi:
- Hali hech qanday taklif bo‘lmadi. Chunki ularda ham biz qatori endi mavsum boshlandi. Hozirgi paytda hamma o‘z chempionatiga e’tibor qaratgan, - deya fikrini yakuladi “Turon” yarim himoyachisi.
Fikrlar