
"Turon" ikkinchi davraga qanchalik tayyor yoxud bosh murabbiy "Rubin"ga qarshi o‘yin, yozgi yig‘in va yoshartirilgan tarkib haqida gapirdi
Superligada birinchi davradan keyin yagona g‘alabasiz jamoa bo‘lib kelayotgan Yaypanning “Turon” klubi yozgi yig‘in chog‘ida qator etakchilaridan ayrildi.
Jamoa yo‘nalishi o‘zgarib, asosan iqtidorli yosh futbolchilar ketganlarning o‘rniga jalb qilindi.
Endilikda “Turon” tarkibi sezilarli darajada yoshartirildi. Bosh murabbiy Yorqin Nazarov endi qo‘l ostidagi o‘yinchilar bilan vazifani bajarishga urinib ko‘radi. Ushbu mutaxassis Sports.uz saytiga jamoasining “Rubin”ga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvi, yozgi tayyorgarligi va tarkib haqida gapirdi.
"Yozgi yig‘inimiz yaxshi o‘tdi, - deya gap boshladi, "Turon" bosh murabbiyi. - Albatta, yig‘in mobaynida reja tuzib chiqqandik va o‘rtoqlik uchrashuvlarini ham kelishib qo‘ygandik. Lekin kutilmaganda Rossiyaga safar bo‘lib qoladigan bo‘ldi. Ya’ni, “Rubin” jamoasi bilan o‘yin tashkil qilindi. Natijada “Rubin”ga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvi uchun rejalarimizni o‘zgartirishimizga to‘g‘ri keldi. Qozonga borib o‘ynagan o‘yinimiz haqida gapiradigan bo‘lsam, bizning futbolchilarga bu o‘yin juda yaxshi maktab bo‘ldi. Rossiya premer-ligasi jamoasiga qarshi o‘ynash o‘zimizga ham qiziq kechdi. Bunday uchrashuvdan yaxshi xulosalar chiqardik. Bir so‘z bilan aytganda, yig‘inlarimiz ko‘ngildagidek o‘tyapti va o‘yinga yaxshi tayyorlanyapmiz.
Murabbiy sifatida qoniqyapmiz. Bilasiz, jamoamizni 70-80 foiz futbolchilar tark etishdi. Tarkibimizga yoshlarni yig‘dik. Endi ikkinchi davrada iqtidorli yoshlar bilan o‘ynaymiz.
Tarkib masalasiga kelsak, birinchi davradan keyin qolgan o‘yinchilar biz bilan birga. Ketadiganlari ketdi. Boya aytib o‘tganimdek, jamoamizni yosh futbolchilar bilan to‘ldirdik. Iste’dodli yoshlar yaxshi maktablardan qo‘shilishdi. E’tiborlisi, ular biz xohlayotgan narsani tez qabul qilishyapti. Yoshlar “Nasaf”, “Paxtakor” kabi klublarning maktablaridan kelishgan. Shu bois bizning ko‘rsatmalarimizni tez o‘zlashtirishyapti.
Oson ishni o‘zi yo‘q. Birinchi davrada tajribali futbolchilar bo‘lgani bilan baribir yaxshi natija bo‘lmadi-ku. Tarkibimizni iqtidorli yoshlar bilan yoshartirishga qaror qildik va albatta ular bilan oson bo‘lmaydi. Lekin qo‘yilgan vazifani uddalashga oxirigacha harakat qilamiz.
Kuni kecha Yaypanda yaxshi tadbir o‘tkazildi. “Turon” muxlislari bilan ko‘rishdik, gaplashdik. Ularni futbolni yaxshi ko‘rishlari bilinib turibdi. Xudo xohlasa, ishqibozlarni o‘yinimiz bilan stadionga qaytarishga harakat qilamiz", - deydi Nazarov.
Shuhratbek Jo‘raev.
Fikrlar