
TsSKA va Fayzullaev Evropadan bo‘layotgan qiziqishga qanday javob berdi?
O‘zbekiston milliy terma jamoasi hujumkor futbolchisi Abbosbek Fayzullaev 2023 yilning avgust oyida “Paxtakor”dan Moskvaning TsSKA jamoasiga ko‘chib o‘tgani va Rossiya maydonlarida yorqin o‘yin ko‘rsatayotganidan beri legionerimizni Evropaning qator klublari kuzatib keladi.
Xususan, yaqinda bir necha manbalar 21 yoshli o‘zbek futbolchisiga Turkiyaning amaldagi chempioni va eng qudratli klubi “Galatasaroy” jiddiy qiziqish bildirayotgani haqida xabarlar tarqatildi.
- TsSKA klubining hujumkor futbolchisi Abbosbek Fayzullaevga Turkiya superligasining grand klubi “Galatasaroy” jiddiy qiziqish bildirmoqda.
21 yoshli o‘yinchi joriy mavsumda TsSKA klubi safida ham, O‘zbekiston milliy terma jamoasida ham muhim rol o‘ynayapti. 2024 yil dekabrda Abbos Osiyoda “Yilning eng yaxshi yosh futbolchisi”, sovriniga loyiq topildi. Uning TsSKA bilan tuzilgan shartnomasi 2026 yil iyun oyida yakunlanadi.
Bu ma’lumotlarni vaziyatga yaqin manba tasdiqladi, - deb yozdi Markaj News kanali.
Bu xabarni tahlil qilgan bir necha ekspertlar turk superklubi Fayzullaevni jamoaning yoshi o‘tib qolayotgan yulduzlaridan biri – belgiyalik Dris Mertens o‘rniga olib kelmoqchi ekani haqida o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.
Ma’lum bo‘lishicha, 36 yoshli Dris Mertensning amaldagi shartnomasi 30 iyun kuni tugaydi va “Galatasaroy” hamkorlikni uzaytirmaslikka va belgiyalik futbolchi o‘rniga o‘yin uslubi aynan unikiga o‘xshaydigan Abbosbek Fayzullaevni olib kelishni maqsad qilgan.
Ushbu ma’lumotlar tarqatilganidan bir necha kun o‘tib, TsSKA rahbariyati va Abbosbek Fayzullaevning o‘zi “Galatasaroy” qiziqishi haqidagi savollarga javob qaytardi.
- Abbos, “Galatasaroy” haqidagi xabarlarga qanday munosabat bildirasan?
- Bu haqida gapirishni istamayman. Chunki buning mavridi emas. Hozir TsSKA bilan shartnomam bor va transferlar haqida gapirish klubga nisbatan hurmatsizlik bo‘ladi.
Ayni paytda bor e’tiborimni TsSKAga qaratganman, - dedi Abbosbek Fayzullaev.
O‘z o‘rnida, TsSKA bosh direktori Roman Babaev ham “Galatasaroy”ning o‘zbek futbolchisi qiziqayotgani haqidagi xabarlarga quyidagicha izoh berdi.
- Shunisini aniqki, xuddi sizlar kabi “Galatasaroy”ning Fayzullaevga qiziqayotganini internetdan o‘qidim. Hech qanday aniqlik yo‘q, biror marotaba aloqaga chiqishgani yo‘q. Qishki transferlar davrda ham Fayzullaev bo‘yicha hech qanday murojaatlar bo‘lmagan edi, - dedi Roman Babaev.
Abbosbek Fayzullaev TsSKA safida 2023 yilning yozidan beri barcha turnirlarda oltmishda uchrashuvda ishtirok etib, raqiblar darvozasiga sakkizta to‘p kiritgan va jamoadoshlariga 21 ta golli pas uzatgan. Uning shartnomasi 2026 yilning yozigacha amal qiladi.
Transfermarkt portali 21 yoshli hujumkor futbolchini 8 million evroga baholamoqda. Fayzullaev bu ko‘rsatkich bo‘yicha Abduqodir Husanovdan keyin Markaziy Osiyoning eng qimmatbaho ikkinchi futbolchisi hisoblanadi.
Fikrlar