
TsSKA Fayzullaevning jarohatiga qanday munosabat bildirdi?
Moskvaning TsSKA klubidan O‘zbekiston milliy terma jamoasi o‘yinlariga chaqirtirilgan Abbosbek Fayzullaev yana hammaning diqqat-e’tiborini o‘ziga qaratdi.
“Armiyachilar”ning etakchisi bo‘lgan 21 yoshli hujumkor futbolchi terma jamoa yig‘ini davomida jarohatlangani bildirildi. Bu haqda milliy terma jamoa bosh murabbiyi yordamchisi Vlado Radmanovich xabar bergan edi.
Keyinroq terma jamoa menejeri va O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi xalqaro bo‘limi boshlig‘i Sherzod Egamberdiev o‘yinchi jarohat olgan vaziyat uning ahvoli haqida ma’lumot berib, Abbos Birlashgan Arab Amirliklari terma jamoasiga qarshi maydonga tusha olishini ta’kidladi.
- Mashg‘ulot chog‘ida Abbosbek Fayzullaev to‘qnashuvga bordi va oyog‘i shikastlandi. Boshida qo‘rqib ketdik va oyoq suyaklari lat egan, deb o‘yladik. Keyinroq jiddiy hech narsa yo‘qligi va bu odatiy shikastlanish ekani aniqlandi. Shifokor Fayzullaevni kechasi bilan davoladi, kunduzi ham kuzatuvda bo‘ldi. Xudo shukr, hozir hammasi yaxshi, - dedi Sherzod Egamberdiev.
O‘z navbatida, TsSKA klubi ham o‘z etakchisi ahvolidan xabardor bo‘lib turibdi.
Bu haqda “armiyachilar” klubining kommunikatsiyalar bo‘yicha direktori Kirill Breydo xabar tarqatdi.
- Biz Abbosbek Fayzullaev bilan aloqada bo‘lib turibmiz. Yaqindagina klub bosh shifokori Eduard Bezuglov u bilan gaplashdi. Abbos og‘riqli shikast egan, lekin bugun o‘zin ancha yaxshi his qilayotganini aytdi. Eduard Bezuglovning aytishicha, hech qanday xavf-xatar yo‘q. Ish jarayoni ekan, - deb yozdi Kirill Breydo o‘zining telegram kanalida.
Abbosbek Fayzullaev nafaqat O‘zbekiston milliy terma jamoasi, balki TsSKA klubi uchun ham muhim o‘yinchi hisoblanadi.
Rossiya Premer-ligasida yuqori o‘rinlar uchun kurashayotgan “armiyachilar”ning hujum chizig‘i samaradorligi ko‘p jihatdan o‘zbek legioneriga bog‘liq.
Hamyurtimiz sentyabr oyini yuqori darajada o‘tkazib, mamlakat chempionati va kubogi doirasida to‘rtta uchrashuvda bitta gol va uchta assist muallifi bo‘ldi. Buning samarasida Fayzullaev o‘z klubining o‘tgan oydagi eng yaxshi futbolchi, deb e’tirof etildi.
Sentyabr oyining eng yaxshi futbolchisini aniqlash uchun muxlislar o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rovnomada Abbosbek Fayzullaev eng ko‘p – 53 foiz bilan g‘olib chiqdi.
Legionerimiz kuchli uchlikdan o‘rin olgan rossiyalik jamoadoshlari Ivan Oblyakov (18 foiz) va TsSKA afsonasiga aylangan Igor Akinfeevni (10 foiz) katta farq bilan ortda qoldirdi.
Endi hujumkor futbolchimiz 15 oktyabr kuni 2026 yilgi jahon chempionati saralash turniri doirasida Birlashgan Arab Amirliklari terma jamoasiga qarshi bo‘ladigan muhim bellashuvda ishtirok etishi kutilmoqda.
Fikrlar