“Tottenxem” - “Chelsi”: Eski tanishlar orasida endi begonalar bor

  • 4 fevral, 2021, 19:51
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Bugun “Tottenxem Xotspur” stadionida katta to‘qnashuv bo‘lib o‘tadi. Premer-liga 22-turi doirasidagi so‘nggi bellashuv hisoblangan London derbisi bevosita 7-o‘rin uchun kechadi. “Siti”ni istisno etgan taqdirda, deyarli barcha grandlar galma-galdan ochko yo‘qotish “marosim”ini o‘tkazmoqda. Joze Mourino shogirdlari bir tur avval, “Brayton”ga kichik hisobda imkoniyatni boy berdi. Ushbu turda “chaykalar”ning “Liverpul”dan ham ustun kelganini inobatga olsak, balki bu “shporlar”ni biroz tinchlantirar. Amalda, portugaliyalik mutaxassisning “Tottenxem”i Keynsiz hech narsa qo‘lidan kelmaydigan jamoaga o‘xshab qolmoqda.

Tecno

Narigi tarafda esa, Tomas Tuxel o‘zi uchun ikkinchi katta o‘yinda ishtirok etmoqda. “Vulverxempton”ga qarshi o‘yinga bir kun qolganda jamoaga bosh murabbiy etib tayinlangan nemis murabbiyining nursiz durang qayd etganini oqlashimiz mumkin. Mana endi Tuxel derbiga tayyorlanish uchun etarli vaqt va sharoitga ega bo‘ldi. “Byornli”ni ishonchli hisobda engish uning salohiyatiga yuqori baho berishga sabab bo‘la olmaydi. Bugun tunda u “aristokratlar” ixlosmandlarining olam-olam mehrini qozonishi yoki hafsalasini pir qilishi mumkin.

Keling, jamoalarning holati haqida batafsil fikr yuritamiz.

1500x500_1

“Tottenxem”
“Shporlar” “Chelsi” bilan bir xil 33 ochko jamg‘arib turganiga qaramay, ularda bitta zaxira o‘yini borligini eslatib o‘tishimiz zarur. Ha, Mourino shogirdlari kutilganidek, ochko yo‘qotishlarsiz uzoqqa bora olmadi. Ammo amalda, o‘zi ishtirok etayotgan barcha musobaqalarda chempionlik uchun real imkoniyatlarni saqlab turibdi. “Manchester Siti” turnir jadvalida ma’lum bir farqni yuzaga keltirgan bo‘lishi mumkin. Mavsum davomida Pep shogirdlarining ochko yo‘qotmasligiga hech kim kafolat bera olmaydi. Shuningdek, hali ular o‘rtasida o‘zaro o‘yin ham bor: 13 fevral sanasida chempionlik uchun kurashayotgan ikki jamoa “Etixad”da to‘qnash keladi.

Ammo bu uchrashuvga katta imkoniyatlar bilan etib borish uchun “Chelsi” to‘sig‘idan omon-eson o‘tib olishi zarur.

Ushbu bellashuv Joze Mourino uchun har doimgidek katta ahamiyatga ega. Murabbiylarni tez-tez almashtiradigan Abramovich uni ham o‘z vaqtida iste’foga chiqarib yuborgan. Shuningdek, yana bir uchrashuvda “Chelsi”ni mag‘lub eta olmagan taqdirda, bunday o‘yinlar ketma-ketligi 7 tani tashkil etib, shaxsiy antirekordini takrorlaydi. Portugaliyalik ketma-ket uchrashuvlarda mag‘lub eta olmaslik borasidagi antirekordini 2011-2012 yillar oralig‘ida “Barselona”ga qarshi o‘yinlarda o‘rnatgan.

Bugun Mourino jamoasidagi eng katta muammo Keynning safdan chiqqani bo‘lib turibdi. Xarrisiz o‘tgan so‘nggi 9 o‘yinning atigi 2 tasida "London oqlari" zafar quchishga muvaffaq bo‘lgan. Shuningdek, Serxio Regilon, Dele Alli va Jovanni Lo Chelso ham derbini o‘tkazib yuborishi xabar qilingan. “Brayton”ga qarshi bellashuvda maydonni oqsoqlanib tark etgan Tangi Ndombelening sog‘lig‘i borasida ham aniq ma’lumotlar mavjud emas. Tajribali murabbiy bu kamchiliklarni yopa oladi, ammo o‘zgarishlar “Chelsi”dek raqibga qarshi samarali natija bera oladimi: mana bu masala?!

Taxminiy tarkib: Loris; Alderveyreld, Dayer, Rodon; Doerti, Xyorberg, Sissoko, Devis; Bergveyn, Vinisius, Son.

EtTsCxrXMAQeQta

“Chelsi”

“Aristokratlar” juda g‘alati holatda. Qiyin vaziyatda bo‘lishiga qaramay, o‘tgan mavsumda jamoaga UEFA Chempionlar Ligasi yo‘llanmasini taqdim etgan klub afsonasini bu qadar oson ketkazish qanchalik to‘g‘ri edi? Roman Abramovich uning ketishi ortidan bildirgan fikrlarida Lempard bilan o‘zaro hurmat va kelishuv asosida xayrlashilgani haqida aytib o‘tdi. Bundan kelib chiqadiki, u Frenkning natijalaridan xavotirga tusha boshlagan va muxlislar oldida hurmati to‘kilib ulgurmasidan lavozimidan ozod etgan. Boshqa tomondan, klub afsonasi ikkinchi marotaba klubdan etarli asoslarsiz ketmoqda. Futbolchilik faoliyati mobaynida Mourinoning rejalaridan tushib qolgach, klubning ashaddiy raqiblaridan biri bo‘lgan “Manchester Siti”ga o‘tib ketadi. Moviy libosda o‘z sevimli klubi darvozasiga gol urgan Lempardning holati butun dunyo futbol muxlislarini larzaga keltirgandi.

Nima bo‘lgan taqdirda ham, bu qaror jamoaga foyda keltirishini tilab qolamiz. Nega Tuxel tanlandi? Tomas PSJdan yomon natijalar tufayli ketmadi. Unda hali xatolarini to‘g‘rilash uchun etarli vaqt va imkoniyat mavjud edi. Biroq, nemis mutaxassisi Parij megayulduzlari bilan chiqisha olmay qoldi. Shu jihatdan, undan nimadir kutish mumkin.

Ilk jiddiy sinov oldidan Tuxel jarohatlar bilan bog‘liq muammolar bilan kurashishga majbur emas. Ha, maydonga tushishi so‘roq ostida bo‘lgan bir qator futbolchilar bor. Hakim Ziesh va Kay Xavertsda jismoniy holat bilan bog‘liq kichik noqulayliklar borligi xabar qilinmoqda. Zuma bir nechta uchrashuvlarda maydonda ko‘rinish bermadi. Ammo uning jarohati haqida aniq bir ma’lumot yo‘q. “Chelsi” muxlislari uchun xushxabar: Ngolo Kante bugungi uchrashuvda maydonga tushishga tayyor. Agar Tuxel uning xizmatlariga ehtiyoj sezsa, bugun uni tarkibga kiritar. Buyog‘ini vaqt ko‘rsatadi.

Taxminiy tarkib: Mendi; Aspilikueta, Silva, Ryudiger; Xadson-Odoi, Kovachich, Kante, Alonso, Pulishich; Verner, Jiru.

EtUSx4LXMAIiWvF

Murabbiylar

Joze Mourino: “Bizni juda muhim o‘yin kutib turibdi. O‘yin bevosita pog‘ona uchun bo‘lib o‘tadi. Biz o‘zimizning ijobiy jihatlarimizdan foydalanib, “Chelsi”ga munosib qarshilik ko‘rsatishga harakat qilamiz.

Xarrining holati yaxshilanib boryapti. Uning kayfiyati yaxshi va bundan biz ham xursandmiz. Optimistik bo‘lish yaxshi, ammo biz Keynning sog‘lig‘i bilan tavakkal qilmoqchi emasmiz. Biz uning tizimli ravishda sog‘ayishini xohlaymiz. Keyingi hafta yarmida “Everton” va undan so‘ng, “Manchester Siti”ga to‘qnash kelamiz. Shularning birida u safga qaytishiga umid qilamiz”.

Jose-Mourinho-Tottenham-1

Tomas Tuxel: “Bizda juda yaxshi jamoa bor va bu kabi yuqori saviyali futbolchilar bilan ishlash yoqimli. Ular har jihatdan Premer-liga darajasiga mos. “Chelsi” sharafini himoya qilish va uning sovrinlarga bo‘lgan ehtiyojini qondirish qiyin masala. Men bu erda baxtliman va klubdagi qiyinchiliklarni bajonidil qabul qilaman. Jamoadagi g‘oliblik ruhini rivojlantirish va to‘g‘ri mashg‘ulot olib borishni tashkil etishimiz zarur”.

EtTQ1v1WQAIm4GU

Xulosa o‘rnida
Jamoalar o‘rtasidagi so‘nggi ikki bellashuv durang natija bilan yakunlangan. Bugun ham tomonlarning murosa ko‘chasini tanlashi ehtimoli mavjud. Birinchidan, Tuxel katta jamoaga qarshi o‘yinda ehtiyotkorlikni birinchi planga qo‘yishi mumkin. Boshqa tarafda, Mourino Keynsiz qarshi hujumlarga tayana olmayapti. Son Xyon Minning mo‘’jizaviy o‘yinlari ham Xarrisiz o‘xshamayapti.

Shaxsiy intuitsiyalar to‘qnashuv durang bilan yakunlanishini aytmoqda. Ammo bu darajadagi o‘yinlarning natijasini oldindan aniq taxmin qilib bo‘lmaydi. Birgalikda kuzatamiz!

Abdulvosid Valixonov tayyorladi

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!