
"Toshkent siti"dan uy, "Gentra", o‘yindan oldin va keyin pul mukofotlari olgan "Andijon" klubining qarzdorliklari bor. Jamoadan 3 ochko olib tashlanmoqchi
PFL bosh direktori maslahatchisi Diyor Imomxo‘jaev ijtimoiy tarmoqdagi o‘zining sahifasida "Andijon" klubining qarzdorligi, jamoaga 3 ochko olib tashlash xavfi borligini yozdi.
- Shu vaqtgacha “Andijon” futbol klubi haqida iliq fikrlar yozdik. Jamoa Superligaga chiqishidan tashqari, stadionini ham yangilab oldi.
“Sog‘lom avlod”ning ochilish kuni futbolchilar uchun ataldi. Futbolchilardan biri Gentra avtomashinasiga ega chiqdi. Yana bir futbolchiga Toshkent sitidan uy va’da qilindi. Jamoa a’zolari o‘yindan oldin alohida 10 million so‘mdan va o‘yindan keyin yana pul olishdi. O‘qishga kira olmayotgan uch abiturient futbolchiga yordam qilish belgilandi. Andijonlik har bir futbolchiga 1 gektardan er, xullas, Superliganing chempion jamoasi futbolchilari ham orzu qiladigan sharoit.
Umuman olganda, viloyat hokimining futbolga bunday g‘amxo‘rligi ko‘pchilikning havasini keltiradi. Biroq tanganing orqa tomonida hal qilinishi kerak bo‘lgan ishlar ham bor. Masalan, “Andijon” futbolchilarining tibbiy ko‘rigi uchun klub tibbiy markazdan qarzdor. Jamoa, shuningdek, O‘zPFL oldidagi moliyaviy majburiyatlarini ham bajarmagan. Erkak futbolchilar rag‘batlantirilayotgan bir vaqtda, ayrim ayol futbolchilar o‘z haqlarini ololmay, ariza yozib yuribdi. Qolaversa, “Andijon” futbol klubiga Futbolchilar maqomi va o‘tishi bo‘yicha qo‘mita tomonidan belgilab berilgan vaqt tugadi.
Bugun O‘zPFL O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasiga qo‘mitalari orqali “Andijon”dan 3 ochko olib tashlash so‘rovi bilan murojaat qiladi. Yuqoridagi sovg‘alar klub kelajagi uchun qanchalik foydali, aytish qiyin. Biroq yaxshi yo‘lga tushib olishni istagan klub, ortda qolgan muammolarni ham hal qilishi kerak. Ya’ni, muammodan qochish emas, uni echish to‘g‘ri yo‘l. Balki hokimning bu gaplardan xabari yo‘qdir. Ishonamizki, xabar topgani hamonoq, muammolar echiladi va natijada klub yuqoridagilardan ko‘ra ko‘proq foyda ko‘radi, - deya yozib qoldirdi Diyor Imomxo‘jeav telegramdagi o‘zining sahifasida.
Fikrlar
Уша пфл инг 300 млн. тулаб куйсин