
Timur Kapadze: Yana terma jamoa libosini kiyishdan xursandman
Xabaringiz bor, bugun sportimiz fidoyisi Mirabror Usmonov xotirasiga bag‘ishlab, futbol va futzal terma jamoalarimiz o‘rtasida o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazildi. Ushbu o‘rtoqlik o‘yini yakunida Timur Kapadze quyidagi fikrlarni bildirib o‘tdi:
"Bugungi o‘yindan asosiy maqsad Mirabror Zufarovichni xotirlash bo‘lgandi. O‘ylaymanki, bu tadbir yaxshi saviyada o‘tdi. Noqulay ob-havoga qaramay, zalni to‘ldirib o‘tirgan muxlislarga rahmat aytamiz.
Mirabror aka mamlakatimiz, xususan, futbolimiz rivoji uchun katta hissa qo‘shgan ajoyib inson edi. Ruhlari shod bo‘lsin! Har doim yuragimizda bo‘ladilar, ularni doim yodimizda saqlaymiz.
Ushbu bellashuv do‘stona o‘tdi. Yana bir marotaba O‘zbekiston milliy terma jamoasi libosini kiyish o‘zgacha xursandchilik baxsh etadi. O‘ylaymanki, bunday o‘yinlar ko‘proq o‘tkazilishi kerak", - dedi Kapadze.
Fikrlar