
Terma jamoani tark etgan murabbiy: "O‘zbekiston varianti ham yo‘q emas"
Yaqinda Qirg‘iziston terma jamoasida bosh murabbiy o‘zgartirildi. Sizu-bizga yaxshi tanish bo‘lib qolgan rossiyalik Aleksandr Krestinin lavozimidan bo‘shadi.
U bir necha yil mobaynida qirg‘iz futbolida ishladi va o‘zining katta hissasini qo‘sha oldi. Mutaxassis iste’foga chiqqanidan so‘ng Sports.uz jurnalisti u bilan bog‘landi.
- Aleksandr Sergeevich, Qirg‘iziston termasidan ketishingiz sababi nima bilan bog‘liq? Buni o‘zingiz xohladingizmi yoki...
- Biz o‘zaro kelishgan holda bir-birimiz bilan xayrlashdik. Hammasi madaniyatli insonlar tomonidan qo‘llanilgan asoslar bilan yuz berdi. Hech qanday gina-qudratlar bo‘lmadi. Men fursatdan foydalangan holda Qirg‘iz futbol federatsiyasi va ishim davomida meni qo‘llab-quvvatlagan barcha xodimlar va muxlislarga minnatdorchilik bildirib qolaman.
- Keyingi rejangiz qanday? Qirg‘izistondan butunlay ketdingizmi?
- Ayni payta men uyda, dam olyapman. Xizmatimga qiziqish bildirilayotgan takliflarni o‘rganib chiqyapman. Aytishim kerakki, bunday takliflar oz emas. Avval hammasini obdon o‘ylab xayolda pishirib olay, keyin bir qarorga kelarman.
- Terma jamoada o‘rningizga boshqa mutaxassis tayinlandi. Lekin ungacha Kanchelskisning kelishi haqida eshitgandik. Shu rostmidi?
- Qirg‘iz futbol federatsiyasi tomonidan rasman xabar chiqdi. Unda aytilishicha, terma jamoani Kanchelskisga emas, balki slovakiyalik boshqa mutaxassisga ishonib topshirilgani bayon qilingan. Sizga faqat shuni aytishim mumkin.
- Oldingizda aniq takliflar bormi?
- Yuqorida aytganimdek, xizmatimga takliflar yo‘q emas. Hammasini o‘rganyapmiz va yakuniy to‘xtamga kelganimdan so‘ng buni barchaga e’lon qilish niyatim yo‘q emas.
- Aleksandr Sergeevich, O‘zbekiston chempionatida ishlash ishtiyoqingiz bormi? Sir bo‘lmasa, yurtimizdan ham aniq taklif oldingizmi?
- Albatta, biz nafaqat O‘zbekiston, balki boshqa variantlarni o‘rganib chiqyapmiz va hozir izlanish jarayonidamiz. Binobarin, O‘zbekiston chempionati varianti ham yo‘q emas. Shuni bilamanki, o‘zbek chempionati ancha kuchli va qiziqarli liga sanaladi. Unda o‘z ishining tajribali mutaxassislari ishlab kelayotganidan xabarim bor.
- Bizning futbolni yaxshi bilasiz. Pro litsenziyasi uchun ham shu erda o‘qigansiz. Ayting-si, sizga qaysi jamoamiz ko‘proq yoqadi?
- Ha, Toshkentdagi o‘qishim asnosida o‘zbek chempionatini ancha tomosha qilganman va buni qanday birinchilik ekanidan xabarim bor. Biz o‘yinlarni muhokama qilardik, tahlil qilib o‘rganardik. Ligangizda kuchli klublar talaygina. Ayni paytda menga yaqin tanishim Timur Kapadze boshqarib borayotgan jamoa ancha yoqmoqda. Shunisi ko‘rinib turibdiki, murabbiy jamoadan nimani xohlayotganini namoyish etmoqda. O‘z navbatida klub ham bunga intilmoqda. Bir so‘z bilan aytganda, Kapadze boshqarayotgan jamoani kuzatish menga maroq bag‘ishlayapti.
- “Dinamo”da legioner o‘yinchi Joel Kojo to‘p suryapti. Eshitishimcha, u Qirg‘iziston terma jamoasi uchun o‘ynarkan. Mabodo, uni siz “Dinamo”ga taklif qilmaganmisiz?
- Shuni aytmog‘im kerakki, milliy terma jamoada birorta o‘yinni o‘tkazmagan. Ha, u terma jamoa uchun nomzod sanaladi. Uni “Dinamo”ga men taklif qilmaganman. Klubning selektsiya xizmati xodimlari bor. Ayni paytda jamoani boshqarayotgan Vadim Karlenovich bilan yaxshi tanishman. Unga ushbu jamoadagi ishi davomida omad yor bo‘lishini tilab qolaman.
- Qirg‘iz futbolidagi asosiy muammo nimada?
- Qirg‘iziston futbolida qanday muammolar borligini oldin ham aytganman. U erda moddiy texnik baza yaxshi shakllanmagan. To‘g‘ri, bugungi kunda federatsiya rahbariyati hammasini ijobiy tomonga o‘zgartirish uchun astoydil eng shimarib ishga kirishgan. Futbolni rivojlantirish uchun ular to‘g‘ri yo‘lni tanlab, asosiy e’tiborni infratuzilmani yaxshilashga va yosh o‘yinchilarni tarbiyalashga qaratganlar.
- Murabbiy sifatida nimani orzu qilyapsiz?
- Orzumi? Bu xususida bir narsa deyishim sal qiyinroq. Faqat shuni ayta olamanki, futbolda uzoq vaqt xizmat qilishni istayman. Axir bu hayotda nimaga erishgan bo‘lsam, shu ajoyib maftunkor o‘yin orqali erisha oldim. Maqsadim bundan keyin ham futbolda uzoq yillar qolish. Men bu kasbni sevaman.
Shuhratbek Jo‘raev.
Fikrlar