
"Hammasiga murabbiy sifatida o‘zim aybdorman, shuncha o‘yindan beri 1 ochko borligi o‘zimga ham noqulay" - Anvar Berdievning kursisi qimirlab qoldi...mi?
Superliganing 8-turida “Sho‘rtan” G‘uzorda “Dinamo”ni qabul qildi va 1:3 hisobida imkoniyatni boy berdi. Jamoa hamon chempionatda g‘alabasiz seriyasini davom ettirib, oxirgi o‘rinda boryapti. Uchrashuvdan so‘ng “Sho‘rtan” bosh murabbiyi Anvar Berdiev ayrim savollarga javob berdi.
- O‘yin haqida nima deyish mumkin? Jamoamiz birinchi bo‘limda yaxshi harakat qildi. Ikkinchi bo‘limda futbolchilarimni tanimay qoldim. Oddiy vaziyatlarda gollar o‘tkazib yubordik. “Dinamo” jamoasini g‘alaba bilan tabriklayman.
- “Dinamo”ga qarshi ochiq futbol bo‘ldi. Ochiq taktikani tanlash jamoa o‘rnidan kelib chiqib aytilsa, xato bo‘lmadimi?
- To‘g‘risini aytaman, jamoamni himoyaviy futbol ko‘rsatish tarafdori emasman. Eng yaxshi himoya – bu hujum deyiladi. Futbolchilarimiz birinchi bo‘limda ham yaxshi harakat qilishdi. Vaziyatlar yarata olishdi. Agar ularni golga aylantira olganimizda ozroq engillik bo‘lishi mumkin edi. Chunki xohlaymizmi-yo‘qmi, imkoniyatlardan foydalana olmasangiz himoyada bosim kuchayib ketaveradi. Futbolchilarim bosimni ko‘tara olishmadimi?! Himoyaviy taktika bilan o‘ynash tarafdori emasman.
- To‘p bilan muomala qilish, imkoniyatlardan foydalanish borasida qanday fikrdasiz?
- Jamoamiz o‘yinini ko‘ryapsizlar, imkon qadar qisqa paslar bilan o‘ynashyapti. Xatolar bo‘ladi. Yigitlarni o‘zlariga ishonch etishmayotgandek bo‘lyapti. Mashg‘ulotlarda ham buning ustida ishlayapmiz. O‘xshayotgandek bo‘lyaptiyu, biroq o‘yinda xatolar kuzatilyapti. “Dinamo” ham hozirgi kunda O‘zbekistondagi eng yaxshi jamoalardan biri hisoblanadi. Ko‘p xato qilganimiz ko‘rinib qoldi, deb o‘ylayman.
- “Sho‘rtan” hujum qilayotganida 64-daqiqada e’tirozingizni bildirdingiz. Bu xususida nima deya olasiz?
- O‘yinni oxirigacha qo‘yib berib, VAR borku, keyin ko‘rsa bo‘lardi. Men shunga e’tiroz bildirdim. Bizga ajoyib vaziyat hosil bo‘lgandi. Gol urishimiz ham mumkin edi. Vaziyat oxirigacha etib, gol urganimizda, so‘ngra VAR ko‘rib bekor qilsa ham bo‘lardi. Men aynan shu holatga e’tiroz bildirdim.
- O‘tkazib yuborilgan uchala gol ham o‘ng qanotdan uyushtirilgan hujumlar oqibatida yuz berdi. Bu chindan ham ushbu pozitsiyada muammolar borligidan darakmi yoki “Dinamo”ning kuchliligidanmi?
- Ikkinchi gol urilganida zaxiradan maydonga tushgan futbolchimiz ko‘rsatmani noto‘g‘ri tushundi shekilli, o‘yindan keyin savol bersam tushunmagan ekan. Uchinchi gol o‘yin oxirida urildi. Himoyachida charchoq alomati bo‘ldimi, darvozabon bilan ikkalasi bir-birini tushunishmadi. Futbolchilarimni ayblamayman, hammasiga murabbiy sifatida o‘zim aybdorman.
- Har bir murabbiyni o‘yin oxirida kaliti bo‘ladi. 80-daqiqadan keyin kimnidir maydonga tushirib o‘yinni kuchaytiradigan, qutqaradigan rejasi bo‘ladi. Sizda bunday kalit bormi?
- Kalit emas, futbolchim bo‘lishi kerak. To‘g‘risini aytaman, hamma o‘yinchilarni hurmat qilaman. Bizda 70 yoki 80-daqiqadan keyin...Hakam xushtak chaldimi, shundan futbol boshlanadi va oxirgi xushtagi chalgungacha davom etadi. Futbolchiga farqi yo‘q, qaysi paytda bo‘lsa ham o‘ynash kerak. Oxirgi daqiqalarda kimdir tushib kuchaytiradi, degan tarafdori emasman va bunday deb ham o‘ylamayman.
- Yaxshi o‘yin bo‘ldi, “Sho‘rtan” ham ikki barobar kuch bilan o‘ynadi, ochiq o‘yin bo‘ldi. Qolgan jamoalarga qarshi o‘yin qanday bo‘ladi? Ochiq futbol ko‘ramizmi, ishtiyoq saqlanib qolinadimi? Yoki tushkun kayfiyat bormi?
- To‘g‘ri, g‘alaba qozona olmayapmiz. Lekin tushkun kayfiyatga tushishlariga yo‘l qo‘ymayman. Rahbariyat menga qancha ishonadi, men bilmayman. Qancha vaqt ishlasam ham men yopiq, himoyaviy futbol o‘ynash tarafdori emasman. Har qanday raqibga qarshi hujumkor futbol o‘ynash tarafdoriman. Balki o‘yinchilarga g‘alabaga bo‘lgan ishonchni to‘liq etkazib bera olmayapmizmi?! Ular ham boshqalardan kam futbolchi emas. O‘ziga ishonch bo‘lishi kerak. O‘yin darajasi bo‘yicha faqat “Nasaf”ga 4:1 hisobida engildik. Qolgan raqiblarga qarshi tengma-teng o‘yin olib boryapmiz. Yaratilgan imkoniyatdan foydalana olmaslik bo‘yicha oqsayapmiz. Shu narsa bizga katta ta’sir qilyapti.
- O‘yinni belgilangan vaqtidan maza qildingizmi? Shu paytgacha G‘uzorda o‘yin 20:15 da boshlanmagan.
- To‘g‘ri. Kechki mahalda bo‘lgani ajoyib bo‘ldi. Muxlislarimizga ham alohida minnatdorlik bildiraman, stadionga kelib bizni qo‘llab-quvvatlashdi. To‘g‘risi, jamoam nomidan uzr so‘rayman. Shuncha o‘yindan keyin bir ochko borligi, o‘zimga ham juda noqulay. Rahbariyat menga qancha ishonishda davom etadi, buni Xudo biladi.
Fikrlar