
Ter Shtegen eng kam seyv amalga oshirgan darvozabon, Levandovski La Liganing "Nunesi", Grizmann eng yaxshi futbolchi (Statistik ma’lumotlar)
La Ligada 25-tur uchrashuvlari bo‘lib o‘tdi. Biz bu mavsum La Ligada antiqa kurash guvohi bo‘lyapmiz. "Barselona" chempion bo‘lish uchun doim da’vogar bo‘lib kelgan, ammo ulardan minimalizmni hech kim kutmagandi. Kataloniya klubi doim hujumkor va ochiq futbol namoyish etgan. Mayli, shu uslub natija ko‘rsatayotgan bo‘lsa nima ham deymiz. Har holda, "ko‘k-anorranglilar" ayni dam eng yaqin ta’qibchisi "Real"dan 9 ochko oldinda...
Odatdagidan boshqacha o‘tayotgan La Ligada bir qator qiziqarli ma’lumotlarga ko‘z yugurtirib qo‘ysangiz yomon bo‘lmasdi. Agar Ispaniya chempionatini diqqat bilan kuzatmayotgan bo‘lsangiz, men sizga umumiy xulosa qilish imkoniyatni taqdim etaman:
Keling, ayni vaqtda La Ligada ayrim ko‘rsatkichlar bo‘yicha eng yaxshi bo‘lib turgan futbolchilar bilan yaqindan tanishamiz.
"SofaScore" versiyasiga ko‘ra, bir uchrashuvda o‘rtacha eng yuqori ballga loyiq ko‘rilayotgan futbolchilar:
Mazkur ro‘yxatda kim etakchilik qilmoqda, deb o‘ylaysiz? Bu futbolchi "Real" yoki "Barselona"dan emas. "Atletiko" hujumchisi Antuan Grizmann ayni vaqtda La Ligada eng ko‘p assist qilgan futbolchi bo‘lib turibdi (8 ta). Shuningdek, uning maydonda bajarayotgan funktsiyasi ham katta. Bilasiz, Antuan hujum bilan birgalikda himoyada ham jamoasiga yordam bera oladi. Shunday ekan, bu masalada ortiqcha shubhaga asos yo‘q.
Kutilgan gollar (xG)
Ushbu statistikaga biroz tushuntirish berib ketishni ma’qul ko‘rdim. xG - gol urish uchun imkoniyatning raqamlardagi ko‘rinishi. Misol uchun, 3-4 metr masofadan deyarli bo‘sh qolgan darvozaga zarba berilayotgan paytda xG ko‘rsatkichi 0,85 va 0,90 oralig‘ida bo‘lishi mumkin. La Ligada eng ko‘p qulay imkoniyatga ega bo‘lgan futbolchi - Robert Levandovski. Uning xG ko‘rsatkichi 14.41'ni tashkil etadi, urgan gollari esa 15 ta. Quyida ushbu ko‘rsatkich bo‘yicha top-10'lik bilan tanishib chiqing.
Bir uchrashuvda o‘rtacha eng ko‘p zarba yo‘llayotgan futbolchilar
Ushbu statistikadan kelib chiqadigan bo‘lsak, "Real" etakchisi Karim Benzemaning hamma zarbalari ham darvozaga aniq bormayapti yoki darvozabonlarning say-harakatlari evaziga qaytarilmoqda. U bir bellashuvda o‘rtacha 4.7 ta zarba yo‘llamoqda. Ikkinchi ko‘rsatkich esa polyakka tegishli.
Qulay imkoniyatlarni ko‘kka sovurish holatlari
Qulay imkoniyatlardan foydalana olmaslik borasida ham yana ikki top hujumchi asosiy sahnada. Faqat o‘rin almashgan holda. "Barsa" forvardi jami 18 ta qulay imkoniyatni ko‘kka sovurgan. Karim Benzema 15 marotaba golli vaziyatlardan foydalana olmagan. Beshlikda "qaymoqranglilar"ning yana bir a’zosi Vinisius ham bor.
Xavfli vaziyatlar yaratish
Xavfli vaziyatlar yaratish bobida umumiy reytingda eng yuqori o‘rinni band etib turgan Antuan peshqadamlik qilmoqda. Biz uni hujumchilik va himoyaga qaytish sifatlarini maqtab turgan bir paytimizda pleymeykerlik hislatini unutib qo‘yibmiz.
Paslar aniqligi
Paslar aniqligi bo‘yicha eng yaxshi natija "Barselona" futbolchilaridan biriga tegishli, deb o‘ylagandim. Biroq hozir "Real" ham ancha pozitsion futbol namoyish etmoqda. Shuningdek, yarim himoya hamda hujumni bog‘lab beruvchi Toni Kroos kamdan-kam xato pas berishi tabiiy hol. Odatda bu tipdagi futbolchilar tavakkal paslar yoki uzatmalarni ko‘p ham amalga oshiravermaydi. Mazkur ko‘rsatkich bo‘yicha ikkinchi o‘rin "Barsa" himoyachisiga tegishli. Kataloniya klubi futbolchilari to‘pni shunchaki tepib yubormaydi. Mayda va aniq paslar Xavi o‘z o‘yinchilaridan talab qiladigan eng muhim elementlardan biri hisoblanadi.
Bitta uchrashuvda o‘rtacha eng ko‘p seyv amalga oshirayotgan darvozabonlar
La Ligada eng ko‘p quruq o‘yin o‘tkazayotgan va eng kam gol o‘tkazgan darvozabon - Mark-Andre ter Shtegen. Biroq men sizga bir qiziq faktni aytaman. La Ligada eng kam seyv amalga oshirgan posbon aynan "Barselona" kiperi hisoblanadi. Qanday qilib? "Axir, u ko‘plab vaziyatlarda jamoasini qutqarmoqda", deyishingiz mumkin. Uning jarima maydoni ichida amalga oshirgan seyvlari soni ko‘p. Shuningdek, "Barsa" mudofaasi juda ishonchli o‘yin ko‘rsatayotgan bir paytda darvozabonga ko‘p ham ish topilavermaydi. O‘ta qiyin holatlarda ter Shtegen yordamga keladi, qolganini esa himoyachilarning o‘zi eplaydi.
La Liga to‘purarlari:
Levandovski - 15 ta
Xoselu - 12 ta
Enes Unal - 12 ta
Eng yaxshi assistentlar:
Grizmann - 8 ta
Mikel Merino - 7 ta
Alesh Garsiya - 5 ta
Gol + assist tizimida eng yaxshilar:
Robert Levandovski - 20 (15 ta gol, 5 ta assist)
Antuan Grizmann - 16 ( 8 ta gol, 8 ta assist)
Enes Unal - 15 ta (12 ta gol, 3 ta assist)
Xudayqulov Karim tayyorladi
Fikrlar