
"Mash’al" ustozi: "Raqib jamoa "avtobus" qo‘yib o‘ynaganidan keyin qiyinchilik tug‘diradi"
Superliganing 23-turidagi “Mash’al” - “Buxoro” (0:0) uchrashuvidan keyin muborakliklar bosh murabbiyi Otabek Narzullaev matbuot anjumanida fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
- “Buxoro”ga qarshi uchrashuvga tayyorlangandik. “Buxoro” oxirgi o‘yinlarini yaxshi o‘tkazdi. Raqibni uzun paslar bilan o‘ynashini bilardik. Qarshi hujumlar va standart vaziyatlardan o‘tkazib yubormasak tez gol urishimiz kerak edi. Rejamiz bo‘yicha tez gol ura olmadik. Yigitlar harakat qilishdi. Lekin “Buxoro” darvozaboni ancha vaziyatlarni bartaraf qildi. Shu bois biz tezkor gol ura olmadik.
- “Mash’al”ga aynan nima etishmadi?
- “Mash’al”ga nima etishmadi? Shijoat, o‘yinga chanqoqlik etishmadi. Shunga qaramay, futbolchilar harakat qilishdi. Imkoniyatlardan foydalana olmadik. Oxirgi nuqtani qo‘yishda oqsadik. Yigitlarda shijoatni ko‘rmadim. “Buxoro” 10 kishi bo‘lib qolganimizdan keyin bemalol yutamizmi, deb o‘ylagan fikr bor edi shekilli, futbolchilarda.
- Shijoat etishmadi deyapsiz. “Mash’al” turnir jadvalida xavfli hududga yaqin joyda turibdi. Buni o‘yinchilar his qilishi kerak. Shundan kelib chiqib, futbolchilarda shijoat etishmasligini normal deb hisoblaysizmi?
- Yo‘q, nimaga? Bor kuchimiz bilan har bir o‘yinga tayyorlanayotgandik. Futbolchilar qanaqa o‘yin bo‘lishini bilishardi. Raqib jamoa jarima maydoni yaqinida avtobus qo‘yib o‘ynaganidan keyin futbolchilarga qiyinchilik tug‘diradi. Gol ura olmasangiz bu o‘yinchilarga ruhiy tomondan yanada qiyin bo‘lishi mumkin. Boshida gol urib olganimizda o‘yin biz tomonga bo‘lishi mumkin edi. To‘p nazorati bizda bo‘ldi va vaziyatlarimiz ham etarlicha edi. Bu futbol. Gol urmasangiz yuta olmaysiz.
- “Mash’al” eng ko‘p gol o‘tkazish bo‘yicha “Sho‘rtan”dan keyin ikkinchi o‘rinda. Himoyada qanday muammolarni ko‘ryapsiz?
- Himoyada hozirgi holatimiz ancha yaxshi. Ko‘p gol o‘tkazib yubormayapmiz. Ancha yaxshiladik, deb o‘ylayman. Bundan keyin ham gol o‘tkazib yubormaslikka harakat qilamiz.
- Sardor Abduraimov o‘rniga Sharipov maydonga tushganidan keyin Sardorda norozilik kayfiyati sezildi...
- Yo‘q, o‘yinda bo‘lib turadi. Vaziyatlardan foydalana olmayotgandik. Shunga o‘yinchilarga e’tiroz bildirib chiqib ketdi. Biz bilan hech qanaqa muammo yo‘q.
Fikrlar