
Ter Shtegen "Barsa"dan qancha maosh talab qilayotganini bilasizmi?
«Barselona» klubi darvozaboni Mark-Andre ter Shtegen yangi shartnomaga asosan soliq to‘lovlari chiqarib tashlanganidan keyin yiliga 18 million evro miqdorida maosh olmoqchi.
«Marca» nashri tarqatgan xabarlarga qaraganda, katalon superklubi germaniyalik posbonni tarkibda saqlab qolishni istamoqda, biroq unga so‘rayotgan pulini to‘lashga tayyor emas. Shu munosabat bilan «Blaugranalar» boshqa darvozabon qidirishni boshlab yuborganlar.
Ayni paytda ter Shtegenning o‘rnini egallashi mumkin bo‘lgan ijrochilardan biri - bu «Barsa» tarbiyalanuvchisi, hozirda «Ayaks» sharafini himoya qilayotgan Andre Onanadir.
Shuningdek, «Barselona»ning yana bir darvozaboni Netoning ham kelajagi so‘roq ostida qolmoqda. Kataloniyaliklar agar 20 million evro atrofidagi taklif olsalar, Netoni sotishga tayyorlar.
Eslatib o‘tamiz, ter Shtegen «Barselona»ga 2014 yilning yozida myonxengladbaxning «Borussiya» klubidan ko‘chib o‘tgan. O‘shanda uning transfer qiymati 12 million evroni tashkil etgandi. Joriy mavsum germaniyalik posbon La Liga doirasida 26 uchrashuvda ishtirok etdi va o‘z darvozasidan 29 ta gol o‘tkazib yubordi. Uning «Barsa» bilan imzolagan amaldagi shartnomasi 2022 yil yozida nihoyasiga etadi.
Fikrlar