
Taqdir Mo‘minjonov bilan hazillashdimi?
Superliga 9-turining markaziy va derbi maqomini olgan qarama-qarshiligida "Navbahor" va "Neftchi" o‘zaro bahs olib boradi. Farg‘onaliklar bosh murabbiyi mavsum avvalidagi qur’a tashlash marosimidan so‘ng jurnalistlarning: "Qaysi jamoa bilan bahsni hammasidan ko‘proq kutmoqdasiz?", degan savoliga "Navbahor", deya javob bergandi.
"Lochinlar" derbiga peshqadam, "Neftchi" esa, so‘nggi pog‘onadagi autsayder sifatida etib keldi. Umuman olganda, 9-tur bellashuviga jamoalarning bu holatda etib kelishini hech kim kutmagandi. "Navbahor" maydonidagi o‘yin Mo‘minjonov uchun "Neftchi" boshqaruvidagi so‘nggisi bo‘lishi ehtimoldan holi emas. Mana buni taqdir hazili deyish mumkin.
O‘zi "yo‘lbarslar"ga nima bo‘ldi? Mavsumni g‘alaba bilan boshlab, amaldagi chempion "Paxtakor"ga qarshi to‘qnashuvda qizil kartochka tufayli mag‘lub bo‘lgan jamoa keyinchalik o‘zini o‘nglay olmadi. Bosh murabbiy ketma-ket mag‘lubiyatlarni jarohat bilan bog‘lamoqda. Shu o‘rinda savol tug‘iladi: Turnir startida maydonda uchrashishni eng ko‘p istagan raqibi "Navbahor"ga qarshi Mo‘minjonov nima taklif etishi mumkin? Bu sinovdan u omon chiqa oladimi?
"Neftchi" ustozi o‘zini maydon va uning tashqarisida Joze Mourino kabi tutishga urinadi. Matbuot anjumanlarida erkin fikrlab, shogirdlarini qarshi hujumga urg‘u berishini talab qiladi. Buni Ilhom Ibragimovichning o‘zi bir necha yillar oldin tan olgandi ham. E’tiborlisi, portugaliyalik benazir oxirgi yillarda omadsizlikka ko‘p uchrayotganiga qaramay, "katta o‘yinlar"da kerakli natijani ko‘rsatishga muvaffaq bo‘lmoqda. Bugun uning "Roma"si Evropa Konferentsiyalar ligasi finalida favorit. Mo‘minjonov ham Superligani omadsiz boshlaganiga qaramay, chempionatdagi eng muhim o‘yinda bor imkoniyatini namoyish etishiga shubha yo‘q. Balki, uning qo‘lida biz bilmagan "kozir qarta" bordir. Hakamning final hushtagi chalinmaguniga qadar bu savolga aniq javob berish imkonsiz.
Ayni paytda "Neftchi"ni boshqarayotgan Mo‘minjonovni Namanganda yaxshi tanishadi. Kimdir hurmat qilsa, boshqasi negativ fikr bildirishdan ham to‘xtagani yo‘q. Soddaroq qilib aytsak, "Navbahor" bu mutaxassis uchun faoliyatidagi eng printsipial raqib. "Lochinlar" tezlikni tobora oshirmoqda. So‘nggi turlardagi irodali g‘alabalar evaziga klub peshqadamga aylanib oldi. Samvel Babayan shogirdlari Namanganda bo‘lib o‘tadigan o‘yinlarning birortasida ochko yo‘qotishga haqqi yo‘qligini tushunib turibdi. Boshqachasiga, oldiga qo‘yilgan maqsadga (xalqaro maydon, sovrinlar, chempionlik) etigning imkoni yo‘q!
Shunday ekan, 9-turning markaziy o‘yini "yonishi" aniq. Bir tomonda katta maqsadlar sari qanotini tobora keng yoyib tezlik olayotgan "lochinlar" bo‘lsa, boshqa tomonda "o‘zimizning Joze Mourino"ga ergashgan "jangchilar". "Navbahor" katta voqea sodir etish uchun ehtiyotkorlikni oshirgan, "Neftchi"ning esa, yo‘qotadigan hech narsasi qolmagan. Soddaroq qilib aytsak, Namanganda bugun "yil o‘yini"ga guvohi bo‘lishimiz mumkin. Imkoningiz bo‘lsa, stadionga boring! Bunday o‘yinlarni Superligada har kuni ham ko‘rishni imkoni bo‘lavermaydi. Etib bora olmasangiz, hech yo‘q TV orqali tomosha qiling. Ishoning, o‘rtaga tikilgan narsalarning toshi juda og‘ir bo‘lgan bu safargi "vodiy derbisi" shunga arzidi!
Fazliddin Abdurahmonov
Fikrlar