
"Surxon" sardori Salomovning salohiyati susaymagan
“Surxon” klubining asosiy etakchisi – bu Shavkat Salomov ekanligini barcha yaxshi biladi. Jamoaning sardori “Andijon” bilan uchrashuvda kutilganidek faolligi bilan ajralib turdi va g‘alabaga munosib hissasini qo‘shdi. Bellashuvdan keyin esa Shavkat Salomov Sports.uz muxbiri bilan muloqotda bo‘ldi.
“Oldin yarim soatcha futbol o‘ynayotgandik...”
Tajribali futbolchini qo‘lga kiritilgan g‘alaba bilan tabrikladik va dastlab o‘yindan olgan taassurotlari bilan qiziqib ko‘rdik.
- Biz bu o‘yinga juda jiddiy tayyorlangandik. Shuning uchun ham jamoamizda g‘alabaga bo‘lgan ishtiyoq kuchli edi. Bungacha o‘tkazayotgan uchrashuvlarimizda jamoamiz asosan yarim soat yoki 40 daqiqacha futbol o‘ynayotgandi. Keyin esa o‘yinni “tashlab” yuborayotgandik. Lekin “Andijon”ga qarshi butun jamoamiz 90 daqiqa davomida g‘alaba uchun oxirigacha kurashdi. Jamoadoshlarimning bor kuchini berib o‘ynashgani yaqqol sezildi. Asta-sekin o‘yinimiz yaxshi tomonga o‘zgarib boryapti.
“Ravshan Haydarov jamoani to‘g‘ri yo‘ldan olib ketyapti”
Xabaringiz bor, yaqinda “Surxon”da bosh murabbiy sifatida Ravshan Haydarov ish boshladi va “Andijon”ga qarshi o‘yindagi g‘alaba uning dastlabki muvaffaqiyatiga aylandi. Salomov esa tabiiyki, yangi murabbiy haqida ham to‘xtalib o‘tdi.
- Hali Ravshan Haydarovning ko‘rsatmalarini 100 foizga bajara olmayapmiz, chunki jamoamizda yaqindagina ish boshladi. Lekin shunga qaramay, “Surxon”da ancha o‘zgarishlar qilayotgani bilinyapti. Mana, “Andijon”ni yutdikmi, demak Haydarov jamoani to‘g‘ri yo‘ldan olib ketyapti. Tajribali murabbiy bo‘lgani sababli ham jamoamizda g‘alabaga bo‘lgan ishonchni oshira olyapti. Ishonamanki, “Surxon”ni g‘alabalar sari etaklay oladi.
“Andijon” pastki o‘rinlarda bo‘lsa-da, ularni kuchsiz deb o‘ylamayman”
Shuningdek, Shavkat “Andijon” jamoasi haqida ham fikr bildirdi va ularni yutishganiga qaramay, raqibning kuchiga yuqori baho berdi.
- “Andijon”ni hurmat qilgan holda maydonga tushgandik. Turnir jadvalida ham ular biz bilan yonma-yon edi. Baribir ushbu uchrashuvga jiddiy munosabatda bo‘ldik hamda oxirgi o‘yinga tushgandek harakat qildik. Shu bois bo‘lsa kerak, mazkur bahsda o‘ylagan rejalarimiz amalga oshdi. Ammo “Andijon”ni yaxshi jamoa deb hisoblayman. Bosh murabbiyning roli ko‘rinib turibdi. Ko‘rdingiz, g‘alaba qozonishimiz ham oson bo‘lgani yo‘q, ancha qiynaldik. Uchrashuv oxirlarida bosimni oshirishdi. “Andijon” oxirgi o‘yinlarda asosan 90-daqiqadan keyin gol urayotgandi. Ular pastki o‘rinlarda yurgan bo‘lsa-da, jamoani kuchsiz deb o‘ylamayman. Ular yaxshi saviyada ekanliklarini isbotlashdi. Bizga munosib qarshilik ko‘rsatishdi.
“Maqsadimiz o‘zgarmagan”
Shuningdek, klubda murabbiylarning o‘zgarayotgani futbolchilarga qanchalik ta’sir ko‘rsatyapti? Bunday o‘zgarishlar tufayli klubning yuqori maqsadlar uchun kurashish vazifasi o‘zgarmayaptimi? Bu xususida ham “Surxon” sardori o‘z munosabatini bildirdi.
- Maqsadimiz o‘zgargani yo‘q. Lekin bu – futbol. Futbolda esa kim yutishiniyu, kim yutqazishini oldindan aytib bo‘lmaydi. Oldingi murabbiy Bahrom aka Haydarovga ham rahmat, u qo‘lidan kelganicha harakat qildi. Futbolda esa omadsizliklar ham bo‘lib turadi.
“G‘alabamizni muxlislarimiz uzoq kutishgandi”
Shu bilan birga termizliklar g‘alabasiz seriyasiga chek qo‘yishdi va uzoq kutilgan muvaffaqiyatiga erishishdi. O‘z navbatida Salomov ushbu g‘alabani surxondaryolik muxlislarga bag‘ishlaganini aytdi.
- Ushbu g‘alabani surxondaryolik muxlislarga bag‘ishlaymiz. Ular “Surxon”ning g‘alabasini uzoq kutishdi va bizning muvaffaqiyatimizni sog‘inishgandi. Jamoamiz nomidan ishqibozlarimizni g‘alaba bilan tabriklayman.
“Alisher Rustamov “Buxoro”ning oldingi mavqeini tiklay oladi”
Yana shuni ham aytish kerakki, Salomov buxorolik va u “Buxoro” klubida ham ancha vaqt samarali faoliyat olib borganini ko‘pchilik yaxshi bilsa kerak. Shu sababli ham u sobiq jamoasiga befarq emas. Yaqinda esa klubda o‘zgarish yuz bergan bo‘lib, rahbariyatga Alisher Rustamov qaytarilgandi. Salomov esa u haqida iliq fikrlarni aytdi.
- O‘ylaymanki, “Buxoro”ga Alisher Rustamovning qaytgani yaxshi bo‘ldi. Endi jamoada yaxshi tarafga o‘zgarishlar bo‘ladi. Shaxsan men u kishining qaytganidan xursandman. Ishonamanki, “Buxoro”ning oldingi mavqeini qaytarishadi.
Fikrlar