
Ro‘ziqul Berdiev: "Jamoa o‘yinini yanada kuchaytiradigan o‘yinchilarni chaqirmoqchimiz"
“Nasaf” klubi Superliganing 13-turida G‘uzorda “Mash’al”ga qarshi maydonga tushdi va 1:3 hisobidagi g‘alabani qo‘lga kiritdi. Uchrashuvdan keyin “Nasaf” bosh murabbiyi Ro‘ziqul Berdiev fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
- G‘alabaga erishdik, bu biz uchun juda muhim edi. Uch ochkoni olish jadvalga yaxshi ta’sir qiladigan narsa. Yigitlarimiz g‘alaba uchun o‘ynadi. O‘yinni yaxshi boshladik, nazoratimiz ham ko‘ngildagidek edi. Ikkinchi bo‘limda biroz tashabbusni “Mash’al”ga berib qo‘ydik. Buning evaziga gol o‘tkazdik. Shunga qaramasdan jamoamni o‘ziga bo‘lgan ishonchi bor edi. O‘zgarishlar, ba’zi taktik yurishlarimiz ish berdi.
- Umar Eshmurodovni almashtirib yubordingiz. Bu uni ko‘p xato qilgani bilan bog‘liqmi?
- Yo‘q, jarohat oldi. Echinish xonasiga borganimda o‘ynashga qiynalyapman dedi. Majburiy o‘zgarish bo‘ldi.
- Islom Kenjaboev bilan tuzilgan shartnoma bekor qilindi. Uning ketishini qanday qabul qildingiz? Bu hol kutilganmidi?
- Kenjaboev jarohat olib, deyarli bir yil davomida o‘ynamadi. Klub bilan birga bo‘lib turdi. Jarohatidan keyin uni o‘yinlarga jalb qilib, formasini tiklashimiz kerak edi. Lekin u ko‘proq o‘ynashni xohladi. Shuning uchun ketishga qaror qildi. O‘zaro kelishib, futbolchiga omad tilagan holda xayrlashdik.
- Davralar oralig‘ida “Nasaf” ham qandaydir o‘zgarishlarga qo‘l uradimi? Ko‘zga tashlangan kamchiliklarni yopish uchun futbolchi izlasa kerak...
- Bu jarayon davom etyapti. Nuqtalar bo‘yicha 2-3 ta futbolchi olishni rejalashtiryapmiz. Biz jamoa o‘yinini yanada kuchaytira oladigan o‘yinchilarni chaqirmoqchimiz.
- Qaysi pozitsiyalarga?
- Buni hozir aytmay qo‘ya qolaylik. Rejamizda kamida 2 yoki 3 ta o‘yinchi olmoqchimiz. Ko‘proq legionerlarga e’tibor qaratyapmiz. Bu amalga oshsa sizlarga etkazamiz.
- OAVda Aziz G‘anievni klubga qaytishi haqida xabarlar chiqdi...
- Yo‘q, Aziz bo‘yicha hech qanaqa masala tug‘ilmadi. G‘anievni yaxshigina shartnomasi bor. Menimcha, faoliyatini BAAda davom ettiradi.
Fikrlar